AQShning Guantanamodagi bazasida haligacha saqlanayotgan 100 asirga oid hisobot chiqarildi.
Pentagon hisobotni respublikachi senator Kelli Ayotga bergan, u esa chorshanba kuni hujjatni internetda chop etdi.
Maxfiy bo’lmagan hisobotda 2015-yil 25-noyabriga qadar hibsda saqlangan 107 odamga oid ma’lumot bor. Ular al-Qoida tashkilotida bombalar yasaganlardan tortib qo’riqchi, oshpaz va shifokorgacha – turli ish bilan sug’ullangan.
Ko’plari 14 yildan buyon hech qanday ayblovsiz hibsda saqlanmoqda. Noyabrdan buyon 30 nafari ozod etildi. Hamon hibsda qolayotgan 76 kishidan 30 nafari boshqa qamoqlarga o’tkazilishni kutmoqda.
Ayotning aytishicha, hisobotdan asirlar terrorchilik faoliyati bilan sug’ullangani va hamon ekstremist qarashlarga egaligi, shu bois qamoqda qolishi kerakligi ayon bo’lgan.
“Guantanamoda qolayotgan asirlarning aksariyati eng yovuzlarning yovuzi. Ularning 93 foizi, qamoqdan chiqarilgan holda, terrorchilik faoliyatini davom ettirish niyatida, nihoyatda xavfli shaxslar hisoblanadi”, - dedi senator.
Qamoqni yopish milliy xavfsizlikka tahdid tug’diradi, deydi qonunchi va Pentagondan bazada saqlanayotgan asirlarga oid batafsilroq ma’lumot chiqarishni talab qiladi.
Pentagon so’zlovchisi podpolkovnik Valeri Hendersonning bildirishicha, hisobotdagi ma’lumot, ayniqsa, hujjatning ba’zi asirlarga oid qismi bir necha yil avval keng jamoatchilikka taqdim etilgan edi.
Bir necha asirning advokati Devid Remes eng xavflilari ozod etilmaydi, deydi.
“Bu kishilarni hibsda saqlash adolatdan bo’lmagan va AQSh obro’siga dog’ tushirdi. Ular Guantanamoda saqlanmasligi kerak edi. AQShga hujum qilgan terrorchilarni qamash to’g’ri, ammo hech qanday ayblovsiz yillar davomida hibsda saqlash AQSh qadriyatlariga ziddir”, - deydi u.
2009-yil yanvarida qasamyodga keltirilganidan bir kun o’tib Prezident Barak Obama Guantanamodagi qamoqni yopish haqida farmon imzoladi. Ammo Kongressdagi respublikachilar farmonga qarshi chiqdi.
Ayrim asirlarni boshqa mamlakatlarga o’tkazish barobarida Obama boshqalarini AQShdagi qamoqlarga yuborish kerak, deydi. Ammo Kongress bunday taklifga qarshi.
Guantanamodagi qamoq 2002-yil yanvarida, Nyu-York va Vashingtondagi terror xurujlaridan keyin Afg’onistondagi terrorchilar istehkomlariga hujumlar boshlanganidan bir necha oy o‘tib ochilgan edi.
U yerda 800 kishi saqlangan vaqt ham bo’lgan. Ammo Prezident Jorj Bush ulardan 500 nafarini boshqa mamlakatlarga o’tkazishni buyurgan. Obama davrida 162 asir boshqa davlatlarga jo’natildi.