Breaking News

AQShda asrandi bolalar taqdiri qanday?


Amerikalik ona Tereza Alden xorijdan boqib olgan bolalari bilan.
Amerikalik ona Tereza Alden xorijdan boqib olgan bolalari bilan.
“Reyter” axborot agentligi bir yarim yil davomida AQShda xorijdan boqib olingan bolalar hayotini o’rganib chiqdi. Ularning ko’p hollarda boshqa odamlarga berib yuborilishi va go’daklar xavf ostida qolishi aniqlandi. “Amerika Ovozi” izlanish olib borgan jurnalist bilan suhbatlashdi.

"Reyter” muxbiri Megan Tuey Xitoy, Rossiya, Ukraina va Efiopiya kabi mamlakatlardan asrab olingan bolalar va ularning yangi ota-onalari bilan tanishdi.

Chet eldan farzand boqib olish hech bir davlatda oson emas, shu jumladan Amerikada ham. Uzoq, murakkab va qimmat yuridik va byokratik jarayon. Ota-ona obdon tekshiriladi. Ammo bir oila qaramog’ida bo’lgan bola yoki bolalar ustidan javobgarlikni boshqa odam yoki odamlar zimmasiga yuklash mumkin. Bu nisbatan oson jarayon. Buning uchun faqat notariusda tasdiqlangan va taraflar roziligini aks ettirgan hujjat kerak xolos. “Reyter” muxbiri aynan shunday hollarning internet yordamida amalga oshirilganini o’rganib chiqqan.

Mamlakat miqyosda bu amaliyot ko’lami qanday ekanini aytish qiyin. Jurnalist esa bitta “Yahoo” veb sahifasi orqali amalga oshirilgan “almashinuv”larni o’rganib, o’rta hisobda haftasiga bir bola yangi oilaga berilganini aniqlagan.

Megan Tuey deydiki, bolani boqib olib, so’ngra boshqa odamlarga berib yuborishga qaror qilgan ota-ona aksariyat hollarda ruhiy va axloqiy muammolarga duch kelganidan shunday qilgan.

“Birinchidan, ular bola boqib olishdan oldin maxsus treningdan o’tmagan. Ikkinchidan, bola haqida ular to’la ma’lumot olmagan”.

Ikkinchi marta boqib olingan bolalar ko’p hollarda yaxshi odamlar qo’liga tushgan, mehr ko’rgan. Ammo ayrim hollarda ular zo’ravonlikka uchragan, azoblangan, huquqlari toptalgan.

“Nazorat bo’lmaganidan keyin hukumat ruxsati bilan bola boqib ololmagan odamlar boshqa yo’llarni qidira boshlaydi. Bunday odamlar orasida jinoyatchilar ham bo’lishi mumkin. Hukumat vaziyatni nazorat qilmas ekan, bunday odamlar bolalarga keyin nima qilishini hech kim bilmaydi”.

Jurnalist xulosalarini matbuotda chop etganidan keyin Kongress a’zolari va huquq faollari bunday amaliyotlarga chek qo’yishni va’da qildi.

“Qanday islohotlar amalga oshiriladi, qanday o’zgarishlar taklif qilinmoqda, buni kelajak ko’rsatadi. Lekin AQShda masalani jiddiy qabul qilgan va u bilan shug’ullanishga shay odamlar paydo bo’lgani shubhasiz”.

“Reyter” muxbiri, xususan, Liberiyadan amerikalik oila tomonidan boqib olingan 16 yoshli Kita ismli qiz taqdirini o’rgangan. Kita AQShga ko’chib kelganidan ko’p o’tmay, bu oila internet orqali boshqa er-xotin bilan tanishib, qizni ularga berib yuboradi. Yangi ota-ona aslida jiddiy ruhiy kasallikka chalingani, o’z farzandlarini muntazam ravishda kaltaklagani uchun davlat tashkiloti bolalarni ulardan olib qo’ygani keyinchalik ma’lum bo’ladi. Ular qizni birinchi kundanoq noxush ishlarga jalb qilishga urinadi. Qizni birinchi bo’lib boqib olgan ota-ona uning taqdiridan xavotir olib, politsiyaga murojaat qiladi. Shunday qilib butun ish fosh bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG