Breaking News

Amerikaliklar kimga telefon qilayotgani kuzatuv ostida


AQSh hukumati millionlab amerikaliklarning telefon suhbatlariga doir ma’lumotlarni bir necha yildan beri maxfiy tarzda kuzatib kelayotgani fosh bo’ldi. Inson huquqlari faollari buni konstitutsiyaga zid, deya tergov o’tkazishga chaqiryapti.
Amerikaliklar kimga telefon qilayotgani kuzatuv ostida/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00
Yuklab oling

Maxfiy programmani fosh etgan shaxs, 29 yoshli Edvard Snovden Markaziy Razvedka Agentligida texnik mutaxassis bo’lib ishlagan. “Biror jinoyat sodir etganim yo’q”, deydi u Gong-Kongdan bergan intervyusida.

Rasmiylarning aytishicha, sud ruxsati bilan amalga oshirilgan kuzatuv dasturidan maqsad - terror xurujlarining oldini olish.

Verizon telefon kompaniyasi sud qarori asosida razvedka idoralariga ma’lumot uzatib kelgani Senatda muhokama qilindi. Qonunchilar Adliya vaziri Erik Xolderni savolga tutdi.

“Bu dasturni yuritganlar qovun tushirganini yaxshi biladi va endi dalillarni yo’qotishga harakat qilishi mumkin”, - deydi senator Mark Kerk. “Agar hokimiyat organlari haqida ham ma’lumot to’plangan bo’lsa, bu dalillarni saqlab qolish kerak”.

Adliya vaziri Erik Xolder bu mavzuni alohida uchrashuvda muhokama qilsak maqsadga muvofiq bo’lardi, deya javob berdi.

Bu degani, yopiq eshiklar ortida. Shunisi ma’lumki, AQSh Milliy xavfsizlik agentligini telefon raqamlari va necha daqiqa gaplashilgani qiziqtiradi. Suhbatlarni tinglashga ruxsat yo’q.

Elizabet Goytin kabi huquqbonlar razvedka idoralari bunday keng qamrovli operatsiyaga qo’l urganidan dahshatda.

“Amerika xalqiga bu haqda lom-mim deyishmagan. Shikoyat qilishga na imkoniyat, na huquqimiz bor. Hukumat maxfiy sudlar orqali ishini bitirayotgani hech qanday qonunga to’g’ri kelmaydi”.

Ammo dasturni himoya qilayotganlar ham bor. Janubiy Karolinadan respublikachi senator Linzi Grem:

“Men o’zim Verizon kompaniyasi mijoziman. Xavfsizlik idorasi telefonimni bilsa, nima qilibdi? Ular terrorchi guruhlar haqida ma’lumot to’playapti, ular bilan kim aloqa qilayotganini bilishmoqchi”.

Elizabet Goytin kabi faollar nazarida esa terrorga qarshi urushga doir amaldagi siyosatni qayta ko’rib chiqish kerak.

“2001-yilning 11-sentabridan keyin joriy etilgan ayrim favqulodda choralarni nima uchun haligacha qo’llab kelayapmiz? Bunday taktika o’zi qanchalik samara berayapti? Bu haqda o’ylab ko’rish vaqti keldi”, - deydi Goytin.

Prezident Obama xalq oldida tushuntirish berishi kerak, deydi Palata spikeri Jon Beyner.

“Amerikani terroristik hamlalardan himoya qilish uchun bunday choralar zarur deb ko’rilayotgan bo’lsa, prezidentning o’zidan eshitaylik”.

Sal avval, AQSh Adliya vazirligi davlat xavfsizligi bilan bog’liq bir tergov doirasida muxbirlarning telefon suhbatlarini pinhona qo’lga kiritgani ham ommaga ayon bo’lgan edi.
XS
SM
MD
LG