Breaking News

AQShda havo tozaligini ta'minlash masalasi muhokamada


AQSh Tabiatni muhofaza qilish agentligi ko’mir zavodlariga qo’yiladigan yangi talablar bo’yicha takliflarni ko’rib chiqdi. Maqsad zavodlar atmosferaga chiqaradigan zararli gazlar hajmini kamaytirish va bu bilan havo tozaligini ta’minlashdir. Vashingtonda shu mavzuda tinglov bo’lib o’tdi.

Havo tozaligini ta’minlashni talab qilayotgan ekolog-faollar Tabiatni muhofaza qilish agentligi binosi oldida yig’ildi.

Molli Rok “Onalar toza havo uchun” nodavlat tashkiloti va o’z oilasi nomidan gapirdi:

“Mening bolalarim bor. Siz ham menga o’xshab farzandlaringizni yaxshi ko’rishingizga ishonaman. Agar zararli gazlarning havoga chiqishini to’xtatmasak, farzandlarimiz beqaror, nosog’lom va xavfli kelajakka yuz tutadi”.

Amerikada 1000 dan ziyod ko’mir ishlab chiqaruvchi zavod bor. Ular mamlakatning qariyb 40 foizini elektr toki bilan ta’minlaydi. Ammo ayni vaqtda havoni bulg’ayotganlarning uchdan ikki qismi ham aynan shu zavodlardir. Respublikachi senator Mitch Makkonel yirik ko’mir zavodi joylashgan shtatdan saylangan.

“Hukumat ko’mirga qarshi kampaniya olib boryapti. Kentuki uchun bu ish joylari va shtat iqtisodiyotiga qarshi urush deganidir”.

Yangi qoidalar ishlab chiqish o’rniga mavjud qonunlarga rioya qilaylik, deydi soha faoli Skot Sigal. Keskin choralar oqibatida zavodlar yopilishi, demak, odamlar ishsiz qolishi, millionlab odamlar uchun eng arzon energiya manbasi qisqarishi mumkin, deydi u.

“Bir tomonlama ravishda yangi qonun ishlab chiqsak, zararli gazlar hajmi ko’payishi mumkin, chunki bu holda ishlab chiqarish AQSh kabi toza ish qilmaydigan davlatlarga ko’chishi mumkin”.

Tabiatni muhofaza qilish agentligi Tabiiy resurslar himoyasi kengashi ishlab chiqqan rejani ham ko’rib chiqmoqda.

Biz zavodlar yopilsin, demaymiz, deydi kengash vakili Deyvid Doniger.

“Zavodlar ishining to’xtatishini hech kim istamaydi. Ammo “kir” zavodlardan “tozaroq”lariga, neft va gazda ishlaydiganlaridan qayta tiklanadigan energiya manbalarida ishlaydiganlariga o’tish kerak, deymiz”.

Tabiatni muhofaza qilish agentligining ishi esa zararli gazlar hajmini kamaytirish va havo tozaligini ta’minlashdan iborat, deydi Doniger. “Toza” zavodlar faoliyati kengaytirilib, zararli gazlar chiqaradiganlari yopilsa, ham tabiatga foyda, ham pul tejaladi, deydi u.

“Demak, zavodlar mijozlari ham bundan foyda ko’radi. Fuqarolar uchun ham foyda. Zarar ko’radiganlar kimlar? Eski va “iflos” zavodlarga sarmoya kiritganlar”.

Tabiatni muhofaza qilish agentligi barcha taraflar fikrini o’rganmoqda. So’ngra taklif qilinayotgan o’zgarishlarni iyun oyida e’lon qiladi. Qoidalar keskinlashib, Obama ma’muriyati atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini 2005-yildan 2020-yilgacha 17 foizga kamaytirish haqidagi va’dasining ustidan chiqishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG