Breaking News

Suriyada isyonchilarga qurol beradigan maxfiy dastur tugatiladi


Halab, Suriya
Halab, Suriya

AQSh Suriyadagi isyonchi guruhlarni qurollantirish va treningdan o'tkazishni bas qiladi. Maxfiy dastur Markaziy Razvedka Agentligi (SRU) tomonidan yuritib kelinayotgan edi.

Bir oycha ilgari Prezident Donald Tramp xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi H. R. Makmaster va SRU rahbari Mayk Pompeo bilan mavzuni muhokama qilib, shunday qarorga kelgan.

19-iyul kuni o'tgan matbuot anjumanida Oq uy so'zlovchisi Sara Xakabi Sanders bu boradagi savollarga javob berishni istamadi.

Suriyadagi mo'tadil muxolifatchi guruhlarni qurollantirish dasturi 2013-yilda Prezident Barak Obama davrida boshlangan bo'lib, Suriya hukumatini murosaga undash va mamlakatdagi fuqaro urushini tugatish maqsad qilingan edi.

Ammo buning samarasi boshidan savolga tutilgan. AQSh yetkazgan qurol-aslaha jangarilar qo'liga tushib qolishi mumkin, degan xavotirlar ham yo'q emas.

Oq uy rasmiylariga ko'ra, Trampning qarori AQSh-Rossiya munosabatlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Rossiya qo'shinlari 2015-yildan buyon Suriya hukumati tarafida jang qilib kelmoqda.

"Islomiy davlat" ekstremistlar to'dasini yo'q qilamiz deb Suriyaga kirgan rus harbiylari muxolifatni nishonga olgani, jumladan AQSh quvvatlagan isyonchilarni bombardimon qilgani uchun ko'p tanqidga uchradi.

AQSh bundan buyon ham Suriya va Iroqda "Islomiy davlat" manzillariga hujum qilayotgan xalqaro kuchlarga boshchilik qilishda davom etadi.

Vashington, shuningdek, "Islomiy davlat" poytaxti Raqqa tomon harakatlanayotgan kurd qo'shinlarini texnik va moliyaviy jihatdan quvvatlashda ham davom etadi.

Kurd bo'lginchilar bilan 30 yildan beri kurashib kelayotgan Turkiya hukumati bu siyosatdan norozi va AQShdan Suriyadagi kurdlarga qurol bermaslikni so'ramoqda. Koalitsiyaning bayon qilishicha, Suriya Demokratik Kuchlari Raqqa amaliyoti tugaganidan so'ng qurollarni AQShga qaytaradi.

AQSh-Turkiya

Turkiyaning "Anadolu" axborot agentligi AQShning Suriyadagi harbiy istehkomlari joylashgan xaritani chop etdi. Pentagon bu borada Anqaraga shikoyat qilmoqda.

Suriya shimolidagi amerikalik askarlar joylashuvi aks etgan karta agentlik qo'liga qanday tushib qolgani noma'lum.

"NATO a'zosi Turkiya ataylab askarlarimiz hayotini xavf ostiga qo'yishi xavotirli holat", - deya bildiradi Pentagon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG