Breaking News

Virjiniyada uran qazishga ruxsat berilmayapti


“Virjiniya urani” kompaniyasi menejeri Patrik Uels Virjiniya Kengashida uran qazib olish loyihasini himoya qilmoqda, 7-fevral, 2013-yil, Richmond, Virjiniya.
“Virjiniya urani” kompaniyasi menejeri Patrik Uels Virjiniya Kengashida uran qazib olish loyihasini himoya qilmoqda, 7-fevral, 2013-yil, Richmond, Virjiniya.
Dunyodagi eng yirik uran zaxiralaridan biri Virjiniya shtatining chekka bir hududida joylashgan. Hisoblarga ko’ra, zaxira qiymati yetti milliard dollar atrofida. Ayrimlar mahalliy hukumatdan uran qazish ishlarini boshlash uchun ruxsat olishga harakat qilmoqda, ammo boshqalar buni xavfli tashabbus deya, qarshi chiqmoqda.

AQShda uran qazib olish, Odil Ruzaliev
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00
Yuklab oling

“Virjiniya urani” nomli kompaniya ma’lumotiga ko’ra, shtatning Koul Xil degan yaylov va fermalar joylashgan joyida, katta chuqurlikda 53 ming tonnadan oshiq uran rudasi bor. Shirkat shtat hukumatidan qazishga ruxsat so’ramoqda.

Kompaniya matbuot kotibi Patrik Ueylsning aytishicha, loyiha iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan shtatga jiddiy yordam bo’lar edi.

Virjiniyaning bu qismida ishsizlik 10 foizdan oshgan. O’rtacha xonadonning yillik daromadi 30 ming dollardan kam. Kon ishga tushsa, nafaqat minglab ish o’rinlari yaratiladi, balki ishchilarga yaxshi maosh to’lanadi, deydi Ueyls.
Uning aytishicha, kon rivojlansa, Amerikadagi 104 atom zavodini yuritish uchun kerakli bu radioaktiv moddani chetdan xarid qilish kamayadi.

Biroq Debora Ferruchchio va boshqa faollar kompaniyaning Virjiniyada uranni qazishga qo’yilgan taqiqni bekor qilish harakatlariga shu paytga qadar to’siq qo’yib keldi.

Deboraning aytishicha, bu sanoat atrof-muhit uchun zararli, suv havzalari zaharli moddalar bilan ifloslanadi, atmosferada zaharli chang tarqaladi.

Chiqindilarni xavfsiz ravishda saqlab bo’lmasligini ular yaxshi tushunadi. Xavfli chiqindilarning tarqalish miqdorini kamaytirishga harakat qilishlari mumkin, albatta, biroq har qanday germetik idishdan modda baribir oqib chiqadi, deydi faol.

“Virjiniya urani” kompaniyasi chiqindilarni bir necha qatlamli loy va sintetik idishga solib, yer ostiga ko’mishni taklif qilmoqda.

Kompaniyaning burchi konchilikni xavfsiz amalga oshira olishimizni ko’rsatishdan iborat, deydi kompaniya vakili Ueyls.

1978-yilda AQSh Atom nazorati komissiyasi inson salomatligi va atrof-muhitni himoya qilish maqsadida qator xavfsizlik talablarini olg’a surgan. Tashkilot mutaxassisi Bill Von Tillning aytishicha, shtat taqiqni bekor qilsa-da, kompaniyalar yuqori xavfsizlik standartlariga rioya qilishi zarur.

Agar talablarimizga javob berisha olmasa, aholi salomatligini himoya qila olmasa, ularga litsenziya berilmaydi, deydi Von Till.

Naomi Xodj-Myuz uran koniga yaqin joyda yashaydi. Na davlat standartlariyu na kompaniya va’dalari meni ishontira oladi, deydi u. Uning aytishicha, bir hovuch boylarning yanada boyishi uchun oddiy odamlardan hayotini xavfga solish so’ralyapti.

Yadro sanoati taraqqiyotini bahona qilib, xalq o’z jonini jabborga berishi kerak ekanmi, deya so’raydi u.

Uran konini ishga tushirishga doir tortishuvlar Virjiniya qonunchulik organidan nariga o’tmayapti. Tashabbus tarafdorlari ham, unga qarshilar ham mahalliy deputatlarni o’z tomoniga og’dirishga zo’r bermoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG