Breaking News

Toshkentda o'zbek-afg'on siyosiy muloqotining ilk davrasi


O'zbekiston Afg'oniston bilan davomli siyosiy muloqot boshlanganini e'lon qildi. Toshkentda o'tgan dastlabki uchrashuv Afg'onistondagi siyosiy kuchlar o'rtasida tinchlik muzokaralarini yo'lga qo'yishga ham qaratilgani aytilmoqda.

Muloqot doirasida tomonlar hamkorlikni mustahkamlash, aloqalardagi mavjud vaziyat, o'zaro rasmiy tashriflar uyushtirish yuzasidan ham fikr almashgan. Afg'onistonda hukumat va toliblar o'rtasida tinchlik o'rnatilishini qo'llab kelayotgan Toshkent muzokaralar O'zbekistonda o'tkazilishi mumkinligi tashabbusi bilan chiqqan edi.

Toshkent va Kobul hamkorlikning yangi qirralarini ko'zlamoqda, deb xabar beradi O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi. Mavzu O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Hikmat Halil Karzay boshliq delegatsiya bilan muhokama qilingan.

Matbuotdagi xabarlarga ko'ra, siyosiy muloqot nafaqat o'zaro hamkorlik, balki Afg'onistondagi tinchlik muzokaralari jarayoni bilan ham bog'liq. Toshkent Tolibon bilan muzokarani O'zbekistonda o'tkazish tashabbusi bilan chiqqanini avvalroq afg'on rasmiylari bildirgan edi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Germaniyada o'tgan majlisida ham Toshkentning shu tashabbusi haqida, Afg'onistondagi siyosiy kuchlar o'rtasida sulhga erishish lozimligi haqida gapirgan.

Ammo rasmiy Toshkentning siyosiy muloqotga doir tarqatgan xabarida tinchlik muzokaralariga doir masala muhokama qilingani haqida hech narsa deyilmaydi.

Afg'onistonda bir-biriga ziddyatda bo'lgan kuchlarni murosaga keltirish bo'yicha avval ham ko'plab tashabbuslar bildirilgan. Yaqindan boshlab Rossiya ham bu borada o'z faolligini oshirdi.

Yaqinda Moskvada Rossiya, Pokiston va Xitoy ishtirokida Afg'onistondagi vaziyat, jumladan toliblar blan bog'liq muzokara jarayoni muhokama qilingani Kobulning keskin qarshiligiga uchradi.

O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasidagi siyosiy muloqot Moskvadagi muhokamalarga qanchalik bog'liq, hozircha noma'lum. Toshkentdagi muloqot bu munozaralarni chetlab o'tmagani aytilmoqda.

Afg'oniston bo'yicha mutaxassis, rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnovga ko'ra, Toshkentning Islom Karimov davridagi pozitsiyasida qanday o'zgarishlar bo'lishi muhim. Siyosiy maslahatlashuv shu kabi masalalarga oydinlik kiritishi kerak.

“O'ylashimcha, bu muloqot ikki tomonlama hamkorlik masalalaridan tashqari, Toshkentning Afg'oniston bo'yicha ayrim masalalarda tutgan pozitsiyasini ham muhokama qiladi. Birinchi navbatda, bu Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) Afg'onistondagi vaziyatga aralashuviga Karimov tomonidan qo'yilgan veto masalasi. Bu hamon ShHTning afg'on yo'nalishi bo'yicha faollashishiga to'sqinlik qilib turibdi. O'zbekiston yangi hokimiyatining bu boradagi pozitsiyasi o'zgadimi, yo'qmi? Bundan tashqari, bu muloqot doirasida Rossiya tomonidan ko'tarilayotgan tashabbusga munosabat qanday bo'lishi kerakligi ham muhokamadan o'tsa kerak. Ayniqsa, Moskvada Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha Rossiya, Xitoy, Pokiston ishtirokida o'tgan uchrashuvning Kobul tomonidan jiddiy norozilikka uchragani inobatga olinsa”, - deydi Dubnov.

Toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipovga ko'ra, yangi hokimiyat davrida Afg'oniston bilan munosabatlar tezda rivojlanmoqda, ammo vaziyatning hamon beqaror qolayotgani ehtiyotkorlikka undaydi.

“Yaqindagi xabarga ko'ra, O'zbekistonni Afg'oniston bilan o'zaro savdo aylanmasi 400 million dollarga chiqqan, bu avvalgi davrga solishtirganda ancha yaxshi ko'rsatkich. Ammo savdo, iqtisodiy hamkorlik barqarorlikka bog'liq, hamisha shunday bo'lib kelgan. O'zbekistonni beqaror mamlakatdagi siyosiy kuchlarni yarashtirish tashabbusiga ancha tanqidiy qarayman. Bu masalani Afg'onistonning o'ziga, qolaversa vaziyatga aralashgan qudratli davlatlarga qo'yib berish kerak”, - deydi u.

O'zbekistonning Karimov davridagi Afg'oniston bo'yicha pozitsiyasi mamlakatdagi siyosiy kuchlarni AQSh, NATO, Rossiya va qo'shni davlatlar ishtirokida murosaga keltirishdan iborat edi. Amaldagi hokimiyat bu pozitsiyada qanchalik o'zgarishlar qilishi to'la ma'lum emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG