Rossiya va O’zbekiston o’rtasidagi doimiy qatnovlar mehnat muhojirlari Rossiya vaksinasi bilan to’liq emlanganidan so’ng amalga oshishi mumkin. Tashqi ishlar vazirli Abdulaziz Komilovning hamkasbi Sergey Lavrov bilan Moskvada o’tkazgan muzokaralari natijasidan shuni taxmin qilsa bo’ladi.
Ammo bu bir faraz. Haqiqatda muammo aynan nima bilan bog’liqligi mavhum. Rossiya tomonidan ro’kach qilingan pandemiya bilan bog’liq vaziyat O’zbekistonda nisbatan yaxshi. Qolaversa, Rossiya COVID-19 bilan bog’liq holati ancha og’irroq bo’lgan davlatlar bilan qatnovlarni allaqachon to’liq tiklagan.
Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) miqyosida faqat Tojikiston va O’zbekistonga nisbatan cheklovlar ushlab turilibdi. Har ikkisi Markaziy Osiyoda, har ikkisi Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Ittifoqiga kirishga shoshilayotgani yo’q.
Abdulaziz Komilovning Rossiyaga safariga O’zbekiston sog’liqni saqlash vaziri ham hamkorlik qilgan. Sergey Lavrov bilan o’tgan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida Komilov ham, Lavrov ham orada qatnov qachon tiklanishi bo’yicha aniq bir muddatni aytishmagan.
Ammo O’zbekistonda Rossiya vaksinasi ro’yxatga olingani, ommaviy ishlab chiqarishga hozirlik ko’rilayotgani ta’kidlangan.
Komilovning aytganlaridan kelib chiqilsa, Rossiya tomoni mehnat muhojirlarini Rossiya vaksinasi bilan emlashni talab qilmoqda. Har holda Sergey Lavrovning Rossiya vaksinasini ishlab chiqarish O’zbekistonda yo’lga qo’yilayotgani haqidagi eslatmasi inobatga olinsa, shunday ko’rinadi.
Sharhlovchilarga ko’ra, O’zbekiston va Rossiya o’rtasida aviaqatnovlar muammosi allaqachon pandemiya doirasidan chiqqan, epidemiologiya siyosiy bosim vositasiga aylanib bormoqda.
Facebook Forum