Breaking News

Turkiyadagi o’zbekistonlik: noilojlikdan, ish yo‘qligidan begona yurtlarda yuribmiz


Koronavirus pandemiyasi tufayli Turkiya yangi yilni cheklovlar bilan qarshi olyapti: hukumat qaroriga ko‘ra 31-dekabr soat 21 dan 4-yanvar ertalabgi soat 5 gacha komendantlik soati davom etishi belgilab qo‘yildi. Yangi yil munosabati bilan ommaviy tadbirlarga ruxsat berilmaydi.

2020-yil Turkiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun qanday kechdi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

2020-yilda pandemiya sabab Turkiyada joriy etilgan cheklovlar, qolaversa, turk lirasining qadrsizlanishi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Ayrim muhojirlar ish topishga qiynalgan bo‘lsa, ba’zilari O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan. O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilning 11 oyi davomida Turkiyadan 14 ming o‘zbekistonlik mehnat muhojiri yurtiga qaytgan.

Mehnat muhojirlari 2020-yil nisbatan og‘irroq kechganini aytar ekan, umuman musofir yurtda tirikchilik qilish oson emas deyishadi.

“O‘z yurtimizda, albatta, hammasi yaxshi bo‘lsa, hech kim boshqa yurtga borib ishlashni orzu qilmaydi, birovning jahlini, baqir-chaqirini ko‘tarishni xohlamaydi, – deya fikr bildiradi Farida To‘laganova. – Nima bo‘lganda ham, o‘z yurtingizda beksiz. Mening fikrimcha, o‘zga yurtda podshoh bo‘lgandan ko‘ra, o‘z yurtingizda gado bo‘lganingiz ma’qulroq. Noilojlikdan, ish yo‘qligidan begona yurtlarda yuribmiz”.

Uch farzandning onasi Muattarxon Sobirova uch yildan beri Izmir shahrida ishlaydi. Uning aytishicha, pandemiya ta’sirida muhojirlar qo‘shimcha ish izlashlariga to‘g‘ri kelgan. Ko‘proq pul topishim kerak, deydi u.

“Uyim-joyim bo‘lishini xohlayman, uy-joy qilaman deb yuribman, nevarali bo‘lishni xohlayman. Ikkinchi qizim IELTS olaman, o‘quv markazi ochaman, ishlayman, sizga yordam beraman, qiynalib ketdingiz, deydi. Uchinchi qizimni “diplomatiya”da o‘qitaman, bularga ko‘p pul topishim kerak. Lekin topgan pullarimdan orttirib, uy-joy qilolmayapman. Keyin yana uyga qaytib borsam, shu pul ham yo‘q-ku, deb shukr qilaman”, – deydi u.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining bari pandemiya tezroq tugashini istashlarini aytib, yangi yil munosabati bilan yurtdoshlarga o‘z tilaklarini bildirishdi. Cheklov tufayli ular ham yangi yilni uyda kutib olishadi.

“Bizda ham o‘zbek oshxonasi ochilgan, tanish-bilishlar bilan yangi yilni o‘sha yerda nishonlamoqchi edik. To‘rt kunlik taqiq chiqdi, endi uyda nishonlaymiz, – deydi Hayotbek Mahmudov. – Shu koronavirus ham bitsin, hammamiz eson-omon oilamiz bag‘riga qaytaylik. Hammaga niyatim shu”.

“Men uchun eng muhimi – insonlarning sog‘ligi. Birinchi navbatda sog‘lik olib kelsin 2021-yil hammamizga. Musofirda yurgan barcha yurtdoshlarimizga oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik tilayman. Hammalari orzu-niyatlariga yetishishida tilakdoshman. 2021-yil sog‘likka boy yil bo‘lsin”, – deya tilak bildirdi Gulnora Tursunova.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG