Breaking News

Bayden davrida AQSh-Turkiya aloqalari qanday bo‘ladi?


AQShdagi prezidentlik saylovida g‘olib chiqqan Jo Baydenni Turkiyada birinchi bo‘lib muxolifat yetakchisi va Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li tabrikladi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlarining 46-prezidenti etib saylangan Jo Baydenni va vitse-prezident Kamala Harrisni tabriklayman. Turkiya-AQSh o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlikning mustahkamlanishini tilayman”, – deya yozdi u “Tvitter”dagi sahifasida.

Kecha Amerikada saylov g‘olibi ma’lum bo‘lib, Bayden har tomondan tabriklar olayotgan bir paytda turk rasmiylari “Tvitter” orqali Istanbuldagi Ayo Sofiya masjidida yashagan Gli laqabli mushukning o‘limidan xafaliklarini izhor qilayotgan edi.

Bayden va Harrisni Turkiyada Qilichdoro‘g‘lidan keyin yana bir muxolifatchi partiya – Xalqlarning demokratik partiyasi hamraislari Pervin Buldan va Mithat Sanjar ham qutladi.

“Og‘ir pandemiya sharoitida olib borilgan raqobatga to‘la saylov kampaniyasi natijasida AQSh prezidenti etib saylanganingiz munosabati bilan Xalqlarning demokratik partiyasi nomidan sizni tabriklaymiz, – deyiladi qutlovda. – Hurmatli Kamala Harrisning vitse-prezident etib tanlanishini Amerika demokratiyasi tarixidagi muhim muvaffaqiyat va burilish nuqtasi sifatida ko‘rmoqdamiz”.

Baydenni birinchi bo‘lib tabriklagan Kamol Qilichdoro‘g‘li malomatda qoldi. Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbarining o‘rinbosari Byulent Turan unga shunday javob qaytardi:

“15 saylovda yutib chiqqan o‘z yurtining prezidenti Rajab Toyib Erdog‘anni biror marta ham tabriklamagan (odam)ga qara-ya!”

Taniqli jurnalist Kamol O‘zturk esa Kamol Qilichdoro‘g‘lini shoshma-shosharlikda aybladi.

“Zero, Baydennning “(turk) muxolifatini qo‘llab-quvvatlaylik” degan gapi ma’lum ekan, JXPning shoshilib tabrik e’lon qilishi muxolifatning ham bunga tayyor ekani ekani haqidagi tasavvurni kuchaytiradi”, – dedi u.

Jurnalistning fikricha, Turkiyada “Tpamp (prezident) bo‘lishini istagan hukumat tarafdorlari qanday xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, Bayden saylanganidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan muxolifat ham xuddi shunday xatoga yo‘l qo‘yayapti”.

Jurnalist ishora qilgan Baydenning gaplari avgust oyida Anqaraning g‘azabini qo‘zg‘agan edi. Bayden 2019-yil dekabrida bergan intervyusida Turkiya prezidenti Erdog‘anni saylovda mag‘lubiyatga uchratish uchun turk muxolifatini qo‘llab-quvvatlash va shu orqali Erdog‘anni hokimiyatdan chetlatish zarurligini ta’kidlagan.

Intervyuning avval e’lon qilinmagan bu qismi joriy yil avgustida ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Baydenni nafaqat turk hukumati, balki muxolifat namoyandalari ham qoralab chiqdi.

Kamol O‘zturk Jo Baydenning prezident bo‘lib saylanishi bilan AQSh-Turkiya munosabatlarida keskin o‘zgarish bo‘lmaydi degan fikrda.

“Davlatlar hissiyotlar bilan harakat qilmaydi. Muxolifatga aytilgan gaplar hukumatga tatbiq etiladi degan siyosiy qoida yo‘q. Siyosatda hamma narsa o‘zgaruvchan”, – deya izohladi u.

Siyosat, iqtisodiyot va jamiyat tadqiqotlari jamg‘armasi (SETA) sharhlovchisi, professor Kamol Inatga ko‘ra:

“Tramp davrida bo‘lgani kabi Turkiya bundan keyin ham AQSh bilan muloqotda o‘zining teng davlat sifatida qabul qilinishini va suverenitetiga hurmat ko‘rsatilishini istaydi. Ham Trampning, ham Baydenning atrofida Anqaraga bosimni orttirib, Turkiyani eski orbitaga qaystarishni maqsad qilgan maslahatchilar va amaldorlar bor. Ular Turkiya yil sayin Amerikadan uzoqlashayotganini ko‘rayotgan bo‘lsa-da, bosim o‘tkazish siyosatidan voz kechish niyatida emas”.

Shuningdek, olim Vashington va Anqara o‘rtasidagi kelgusi munosabatlar qanday tus olishi Vashingtonning ikki davlat o‘rtasida hamon dolzarb bo‘lib qolayotgan bir qator masalalar borasida qanday yo‘l tutishiga bog‘liqligini aytadi.

Bu masalalar orasida Turkiyadagi harbiy to‘ntarishni uyushtirishda ayblangan va AQShda yashab kelayotgan diniy voiz Fathulla Gulen, Anqara terrorchi deb hisoblaydigan suriyalik kurdlarga AQShning qo‘llovi, Turkiya Rossiyadan sotib olgan S-400 havo mudofaa tizimi, Anqara chiqarib yuborilgan F-35 qiruvchi samolyotlar dasturi, Sharqiy O‘rta dengizdagi vaziyat kabilar bor.

Jo Bayden avvaldan Turkiyani tanqid qilib keladi, masalan, senator sifatida faoliyat ko‘rsatgan yillarida Turkiyaning Kipr siyosatini ham muntazam tanqid ostiga olgan, Anqara uchun juda nozik masala – 1915-yilda usmoniylar davlati hududida armanlarning ommaviy o‘limi AQShda genotsid sifatida tan olinishi uchun harakat qilgan.

U joriy yilda Istanbuldagi Ayo Sofiya obidasining muzeydan masjidga aylantirilishini qoraladi, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha chiqqan mojaroni hal qilishga Turkiyani aralashtirmalik haqidagi Trampga chaqirig‘i bilan Anqaraning asabini buzdi.

Shu paytgacha Turkiyaga to‘rt marta safar qilgan Bayden Prezident Erdog‘andan ikki marta kechirim so‘ragan. Birinchisida – 2014-yil oktabridagi nutqida Turkiyani ko‘plab xorijlik jangarilarning Suriyaga o‘tishiga ruxsat berganini e’tirof etganini aytgandi. Keyinroq Erdog‘anga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘radi.

Bayden 2016-yilning iyulida Turkiyada ro‘y bergan davlat to‘ntarishiga urinishdan bir oy o‘tib, u yerga bordi.

“Amerika xalqi siz bilan birga. Obama birinchilardan bo‘lib Erdog‘anga qo‘ng‘iroq qildi. Shunday bo‘lsa-da, uzr so‘ramoqchiman. Koshki bu yerga oldinroq kelsam edi. Muhtaram prezident (Erdog‘an), xalqingizdan hayratga tushdik va mashaqqatlarga qanday qarshi chiqishingizdan ham hayratga tushdik”, – degan edi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG