Breaking News

Gulnora ishi: Xalqaro tekshiruvlar qayga yetaklaydi? Muzlatilgan mablag'ga nima bo'ladi?


Masala yaqin orada hal bo’lmasligi, tekshiruv va tergov uzoq davom etishi muqarrar. Shunday ekan, yangiliklarga tayyor turing.
Masala yaqin orada hal bo’lmasligi, tekshiruv va tergov uzoq davom etishi muqarrar. Shunday ekan, yangiliklarga tayyor turing.

O’zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova - zamonning eng yirik korrupsiya ishlaridan biri markazidagi shaxs. O’zbekiston malikasi deya G’arb ommaviy axborot vositalari e’tiboridan tushmay kelgan xonim bugun kamida 10 davlatni bir-biriga bog’layotgan va kamida bir milliard dollarga teng poraxo’rlik ishida gumon ostida. Gulnora Karimova 2014-yilning boshidan beri uy qamog’ida ekani aytiladi, lekin bu rasman tasdiqlanmagan. Shu hafta Toshkentda bir necha kishi hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor, hammasi Gulnora Karimova bilan yaqindan ishlagan odamlar, jumladan uning Yevropadagi bizneslarini yuritgan fuqarolar. Hukumat biror bayonot bermagan.

Gulnora ishi nimaga yetaklaydi? Muzlatilgan mablag'ga nima bo'ladi? Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:44 0:00
What happens to the frozen assets related to Gulnara Karimova? Conversation with David Lewis, University of Exeter
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:20 0:00

Amerika va Yevropadagi tekshiruv va tergovlar qayga yetaklamoqda?

O’zbekiston prezidentining oila a’zosi mamlakatda biznes qilishga oshiqqan Yevropa mobil kompaniyalariga bu imkoniyatni yuzlab million dollarga pullagan, deyiladi AQSh Adliya vazirligi hujjatlarida.

Shvetsiya va Finlyandiyada asoslangan "TeliaSonera" va Rossiyaning "VimpelCom" uyali aloqa tizimlari, shuningdek, MTS kompaniyalari 2000-yillar davomida O’zbekiston rahbari Islom Karimovning to’ng’ich qiziga qarashli firmalarning hisobiga katta miqdorda mablag’ o’tkazgan, evaziga Markaziy Osiyoning eng katta bozori hisoblangan O’zbekistonga uyali texnologiya olib kirilgan, deydi Amerika tergovchilari.

Rasmiylar bu borada og’iz ochishni istamaydi. Lekin shunisi aniqki, tergov davom etmoqda va kengaymoqda, chunki Yevropadagi hamkor davlatlardan Gulnora Karimovaga yetaklovchi bank hisoblari va u yerdagi moliya muzlatilishi va tergovni birgalikda olib borish so’ralmoqda.

Pora bergani aytilayotgan kompaniyalar ham jurnalistlar bilan gaplashishni istamaydi lekin tergovchilar bilan aloqada ekanini qayd etadi.

Avtoritar tuzumlar va korrupsiya masalasini uzoq yillardan beri o’rganib kelayotgan ingliz olimi Deyvid Luis (David Lewis) Angliyaning Ekseter universiteti professori. Gulnora Karimova ishi yuzasidan izlangan va o’z tahlilini Yevropa va Amerikada taqdim etgan mutaxassis. Professorni suhbatga tortdik.

Amerika nega aynan hozirga kelib bu tekshiruvni boshladi, nima turtki berdi?

“O’tgan 2-3 yil ichida AQSh Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirgan. Yevropada, masalan, “TeliaSonera” tekshirila boshlagach, ular ham sergak tortdi. Buning ortida siyosiy sabab bor deb o’ylamayman va ishonchim komilki, ular ham buni inkor etadi. Telefon kompaniyalari oldin ham qora ishlarda ayblangan, ayniqsa Yevrosiyoda. Albatta boshqa joylarda bu muammo kuzatiladi. Chet el kompaniyalarining korrupsiyada gumon qilinib, tekshirilishiga oldin ham guvoh bo’lganmiz”,- deydi Deyvid Luis.

Ekspert shuni ta’kidlaydiki, xalqaro kompaniyalar Amerikadek yirik moliyaviy tizimni chetlab o’ta olmaydi. Aksiyalari Nyu-Yorkdagi qimmatbaho qog’ozlar bozorida sotiladi, AQShga tegishli banklar bilan transaksiyalar qilinadi. Kompaniya Amerikaga qarashli bo’lmasa ham, bu davlat qora ishlar qilayotgan bizneslarni tutish qudratiga ega. Bu qonunan kafolatlangan, deya tushuntiradi olim.

Hozirgacha Fransiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Norvegiya, Irlandiya, Belgiya, Lyuksemburg, AQSh va Niderlandiya bu ishga aralashgan.

Deyvid Luis deydiki, masala nihoyatda murakkab. Gibraltar singari orol davlatlarning ham tekshiruvga jalb etilishi turgan gap. Shunday ekan, bu ish geografik jihatdan yanada kengaysa ajabmas.

Gibraltar bejiz tilga olinmayapti. Takilant Ltd, bilvosita Gulnora Karimova, bevosita esa hozirda O’zbekistonda qamoqda ekani aytiladigan Gayane Avakyan yuritgan firma Gibraltarda 2004-yilda ro’yxatdan o’tgan. Hali ham rasman bormi bu firma yo yopilganmi? Takilant Ltd ishdan to’xtagan, qolgani mavhum, deydi Deyvid Luis. Ishning ko’p jihatlari hali qorong’i.

Amerika matbuotining yoritishicha, chegara osha yuridik hamkorlik qiyin ekani sabab ham tekshiruv juda sekin. Amerika hozir bosh qo’shgani va o’z talablarini bayon qilayotgani ishni tezlashtiradimi?

Albatta, deydi Deyvid Luis, Qo’shma Shtatlar konkret qadamlar tashlang deb turgani katta ta’sir kuchidan dalolat beradi. Shveytsariya kabi o’z tizimini boshqalarga ochmaydigan davlat ham tekshiruvda faollashishi aniq, deydi ekspert. Chunki davlatlar biladiki, bu katta korrupsiya ishi va uning tagiga yetish kerak. Shveytsariya va Shvetsiya juda sekin harakat qilmoqda, deydi Deyvid Luis.

Xalqaro futbol uyushmasi (FIFA) ichidagi korrupsiya fosh etilishi va tegishli shaxslar javobgarlikka tutilishida AQSh asosiy rol o’ynadi. Shunday ekan, deydi suhbatdoshimiz, bu ish ham Amerika hissasi bilan jadallashsa ajab emas.

O’zbekiston hukumati hamkorlik qilmayapti yo qilayaptimi qaysidir yo’llar bilan?

“Aniq bir narsa deyish qiyin. O’zbekiston bu borada katta xalqaro tajribaga ega emas. Shuningdek, O’zbekiston hukumati ham o’ziga xos murakkab bir tuzum. Qay qismi bu masala bilan qanchalik shug’ullanishi mumkinligi haqida o’ylashimiz kerak. Norasmiy shaklda aloqa bo’lishi mumkin. Ulkan miqdordagi pul, mol-mulk haqida gap ketmoqda. Yuzlab millionlab dollar. Shu bois ham O’zbekiston qo’l qovushtirib o’tirmasligi mumkin.”

Qozog’iston o’tmishda bunday katta korrupsiya ishlari bilan yuzlashganida ancha tajriba orttirgan. Hozirgi hol O’zbekiston uchun sinov, deydi Deyvid Luis. Yevropa va Amerika bilan bu borada hamkorlik qilish O’zbekistondagi kattadan-katta muammo va qora ishlarni fosh etishi mumkin, bu tomoni ham bor. Shu bois davlat obdon o’ylab, o’zi ma’qul topgan shaklda ishlashi mumkin.

Deyvid Luis, Ekseter universitetidan taniqli tadqiqotchi, korrupsiya va avtoritar tuzumlar yuzasidan uzoq yillardan beri izlanib keladi
Deyvid Luis, Ekseter universitetidan taniqli tadqiqotchi, korrupsiya va avtoritar tuzumlar yuzasidan uzoq yillardan beri izlanib keladi

Hammani birdek qiziqtiradigan masala bu – hozirgacha Yevropada muzlatilgan va endilikda muzlatilayotgan mablag’ga nima bo’ladi?

“Buni vaqt ko’rsatadi. Kutishga majburmiz”,- deydi olim.

Biroq, deya hikoya qiladi Deyvid Luis, bir necha ehtimoliy qadamlar xususida gap ochilgan. G’oyalardan biri, agar Gulnora Karimova va uning atrofidagi doira o’margani isbotlansa, bu pul O’zbekiston xalqi ravnaqi yo’lida sarflansin deya maxsus hisob orqali nohukumat tashkilotlar va xayriya jamg’armalariga berilishi mumkin. Amerika bunday qarorlar qilib o’rgangan davlat. Lekin O’zbekistondagi holat misolida buni tasavvur qilish qiyin. Faollar va O’zbekistondagi muammolarni ko’tarib kelayotgan tashkilotlar mablag’ grantlar sifatida bizga berilsin deb chiqsa ham buni amalga oshirib, ta’sirini O’zbekistonda ko’rish amri mahol, deya fikr yuritadi ingliz mutaxassis.

O’zbekiston hukumati ularni so’ray oladimi? Hamkorlik evaziga bu mablag’ni bizga bering desa, nima bo’ladi? Bu mablag' O'zbekiston xalqiniki va hukumatga topshirilishi kerak deb chiqa oladimi?

Bu ehtimoldan xoli emas, deydi Deyvid Luis. Gulnora Karimova atrofidagi odamlarni qamash va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish bahonasida O’zbekiston hukumati chet eldagi mablag’ni o’ziga olmoqchi degan taxmin bor. Lekin haqqi bormi bunga? Shuni isbotlab berishi kerak bo’ladi.

Yevropa davlatlari o’z banklaridagi pulni respublikaga o’tkazishi uchun misli ko’rilmagan qadamlar tashlanishi kerak. Adolatli sud, oshkoralik, shu paytgacha yashirib kelingan haqiqatni ochish… O’zbekiston bunga tayyormi? Hukumat qanday ishlashi, prezident qizi nima sabab bu qadar yulg’ich va ochko’z bo’lgani, O’zbekistondagi biznes uslublar, qora ishlar, hammasi yuzaga chiqishi kerak bo’ladi.

Tekshiruv boshlanganiga kamida uch yil bo’ldi lekin shu paytgacha biror shaxs yoki kompaniyaga rasman ayblov qo’yilmadi. Nima uchun?

Deyvid Luis Yevropadagi manbalar singari javob beradi: yaqin orada bir necha odam jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin, xususan Shvetsiyada.

O’zbekistonga millionlab dollar pora berib kirgani gumon qilinayotgan kompaniyalar esa bugungi kunda daromadni sanab o’tiribdi. Biznes yomon emas. Tekshiruvlar ularning ishiga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?

Agar aybi isbotlansa, deydi Deyvid Luis, AQSh va boshqa davlatlar ularni jazoga tortishi, ularga katta jarimalar solishi aniq, deydi. Bu albatta ularning O’zbekistondagi faoliyatiga ham zarar yetkazadi.

Sobiq Sovet ittifoqi bo’ylab sarmoya kiritgan mobil kompaniyalar, qolaversa boshqa bizneslar ham elakdan o’tkazilishi, azaliy muammolar titkilanib, yangi tekshiruvlar boshlanishi, yangidan-yangi qonuniy talablar qo’yilishi mumkin.

Masala yaqin orada hal bo’lmasligi, tekshiruv va tergov uzoq davom etishi muqarrar. Shunday ekan, yangiliklarga tayyor turing.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG