Afg’onistondagi prezident saylovlari qo’shni Tojikistonda ham ziyolilar orasida va matbuotda qizg’in muhokamada. O’rtada 1,5 ming kilometrlik chegara bor ekan, Tojikiston Afg’oniston orqali tashqi dunyoga chiqish umidida.
Ruszabon tojik tahlilchisi Xayrullo Mirsaidovning fikricha, Afg’onistondagi prezidentlik saylovida AQShning ta’siri katta bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ruszabon tojik tahlilchisi Xayrullo Mirsaidovning fikricha, Afg’onistondagi prezidentlik saylovida AQShning ta’siri katta bo’ldi.
“Saylovda AQSh muhim rol o’ynadi. Negaki, butun mamlakat bo’lmaganda ham aksar mintaqa ularning nazoratida va u yerda AQSh manfaatlari oldinda turayotganligi hech kimga sir emas.”
Boshqa bir tojikistonlik rus eksperti Valentina Doronina qo’shni davlatdagi jarayonni Rossiyaning yaqin o'tmishdagi sayloviga qiyoslaydi.
“Yeltsin xuddi o’z odami - Putinni tayinlab qo’ygandek ediyu, ammo shu bilan birga u butunlay bosqacha odam bo’lib chiqdi, mamlakatni yangicha yo’lga soldi. Shu kabi Abdullo Abdullo ham, fikrimcha, shunday shaxs bo’lishi mumkin.”
Xayrullo Mirsaidov deydiki, Abdulloning g’alabasi sabab Tojikistondek yaqin qo’shnisi bilan afg’onlarning aloqalari rivojlanib ketadi.
“Buning ham iqtisodiy, ham siyosiy omillari bor. Birinchidan, Tojikiston uchun Afg’oniston kelajakda kommunikatsion qamaldan chiqishga koridor bo’lib xizmat qilsa, ikkinchidan janubiy bozor ham muhim. Birinchisida Afg’oniston orqali Eron va Hind okeaniga olib chiquvchi yo’llar muhim bo’lsa, ikkinchisida janubiy bozor juda ham muhim. AQSh ko’magida Amudaryo ustiga qurilgan ko’priklar ham o’z samarasini berishi kerak.”
Moskvadagi rus tahlilchisi, “Natsionalnaya oborona” jurnali bosh muharriri Igor Korotchenko saylovdan so’ng nima bo’lishini oldindan aytib bo’lmaydi deydi. Hattto amerikaliklar ham nima bo’lishini bilmaydi, deydi u.
“Hech kim aniq ssenariyni aytib berolmaydi. Amerikalik hamkasblar ham bir vaqtdagi suhbatimizda vaziyat qanday bo’lishi mumkinligi haqida taassurotga ega emasliklarini aytishgandi. Shuning uchun, toliblarning hukumatga kelishi, islomiy ekstremizmning sobiq sho’rolar hududiga yoyilishi singari eng yomon tahlillar ham yo’q emas. Agar holat shunaqa bo’lsa, bu narsa Qozog’istonga va undan o’tib Rossiyaga ham ta’sir yetkazishi mumkin.”
Valentina Doronina tahlilicha, ko’pchilikning nazarida Abdullo Abdullo go’yo g’alaba qiladigandek ko’rinsada, ish boshqacha tus olishi mumkin. Prezidentlikka ikkinchi bor harakat qilayotganiga qaramasdan, saylovda Abdullo albatta g’alaba qiladi deb ichonch bilan aytolmayman, deydi u.
“Negaki, hammaga ma’lum, aksar saylovchilar janubdan hisoblanadi va bu albatta saylov natijasiga ta’sir o’tkazadi. Yana, agar Abdullo Putin kabi shaxs bo’lib chiqadigan bo’lsa, u hech qachon G’arb istagan odam bo’lmaydi, bu uzoqqa bormaydi.”
Doronina fikricha, Abdullo Abdulloning Afg’onistondagi shimoliy alyans bilan bog’liq o’tmishi uning g’alabasiga soya solishi mumkin.