O'zbekiston, internet va islom - Amerikalik olimlar tahlili - Navbahor Imamova

Your browser doesn’t support HTML5

Bugun “Odnoklassniki” yoki “Facebook” da o’tirgan odam butun O’zbekiston shu yerdaku, deb o’ylasa ajabmas. Turfa xil mavzularda qizg’in bahslar. Siyosatdan tortib futbolgacha. Hukumat internetda nazoratni boy bermaslikka qanchalik harakat qilmasin, omma global tarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar esa odamlarning internetga ishtahasini oshirganda oshirgan. Xabar ham o’sha yerda, bahs-munozara ham, o’zbekona baqir-chaqir ham. Mamlakat axborot vositalarida yoritilmaydigan nozik masalalar muhokamasi uchun zarur joy kerak edi. Ijtimoiy tarmoqlar shunday platformaga aylandi. Hukumat albatta buni ko’rib, kuzatib turibdi. Internetni butkul cheklay olmaydi. O’zbekiston zamonaviy davlat axir. Lekin global tarmoqqa kirib-chiqishni o’z tizginiga olishga urinib keladi. Ayniqsa, siyosat, huquq va din singari masalalarga kelganda.