Afg’oniston poytaxti Kobulda aholi hukumatga qarshi namoyishga chiqib, vaziyat taranglashdi. Zo’ravonlikka aylangan voqeada sakkiz odam o'lgan, kamida 20 kishi yaralangan.
31-may kuni yuz bergan portlashda Kobulda 90 fuqaro halok bo’lgan edi. 400 dan ziyod kishi jarohatlangan.
Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun o’q, ko'zga yosh keltiruvchi gaz, va suvdan foydalangan.
Namoyishlarni yoritish uchun borgan jurnalistlar kaltaklangan. Faollar hibsga olingan.
O’lganlar orasida senator Muhammad Alim Izidyorning o’g’li Solim Izidyor ham bor. Yaradorlar kasalxonaga yetkazilgan. Bir nechasi og’ir ahvolda.
To’qnashuvlar natijasida bir necha politsiyachi ham jarohat olgan.
“Hukumatning befarqligi natijasida begunohlar odamlar nobud bo’lmoqda. Harbiylarning birinchi ishi aholi xavfsizligini ta'minlashdir. Hukumat oddiy odamlarga qarshi o’t ochgan. Bu barcha qonunlarga zid”,- deydi jamoatchi faol Iqbol Ali Muzaffar.
Namoyishchilar prezident saroyi yaqinigacha borgan.
“Bu namoyishlarni aholi o’zi uyushtirgan. Kobulning har joyidan odamlar to’plangan. Biz hukumat rahbarlarining iste’fo berishini xohlaymiz”,- deydi Hamidullah ismli fuqaro.
Namoyishchilar chorshanba kuni yuz bergan hodisa tekshirilishini so’ramoqda.
Namoyishchilar prezident saroyi yaqida chodir tikkan, lekin ular harbiylar tomonidan buzib tashlangan.
Prezident saroyi bayonot chiqarib odamlarni tinchlikka chaqirgan. Muammoni muzokara orqali hal qilishni taklif qilgan.
Hukumat ommaviy axborot vositlarini xolis bo'lishga undamoqda.