Kuni-kecha Qirg’iziston parlamentining majlisida O’zbekiston bilan chegarada joylashgan “Dostuk” xalqaro nazorat-o’tkazish punktidagi ahvoldan tashvish bildirildi. Deputat Nodirbek Karimov deydiki, ushbu maskanda ta’magirlik, poraxo’rlik hollari ko’paygan. Bo’lar-bo’lmas sabablar ro’kach qilinib, odamlar soatlab turib qolmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Fuqarolarga ko'ra, avvallari 200 som so’rashsa, endi 500 emish”, deb aytdi parlamentariy.
Izg’irinda go’daklari bilan navbat kutayotgan onalarni ko’rgan deputat Kubanichbek Nurmatov o’tkazish punktida xizmat oynalari sonini ko’paytirishni tavsiya etdi.
O’sh shahri yaqinidagi “Dostuk” o’tkazish punkti o’tgan kuzda to’la ochilgan bo’lib, har kecha-kunduz besh mingdan yetti mingchacha odam o’tayotgani ma’lum.
Avvallari ikki mamlakat chegarasida o’n bir o’tkazish joyi faoliyat yuritgan. Hozirga to’rt punkt xizmat ko’rsatmoqda.
“Dostuk” - eng kattasi. Uning uzoq tanaffusdan keyin ochilishini mahalliy aholi olqishlar bilan qarshi olgan.
Ayni paytda ko’pchilikni chegara bo’sag'asida soatlab kutish, yo’lovchilar uchun shart-sharoit yo’qligi, ta’maho’rlarning sha’malari bezovta qiladi. Aytishlaricha, chegara yaqinidagi gavjum maydonchada o’ralashib yurgan kimsalar bot-bot zo’ravonlik ham ko’rsatib turar ekan.
Noxush hollar shohidi bo’lgan bu otahon o’z ismi-sharifini oshkor etishni istamadi.
“Yettinchi yanvar kuni kechqurun chegara bo’sag’asida odam ko’p edi. Jimgina navbatda turgan yigitga surkalib, do’pposlaganlarni hamma ko’rdi. Milisiya hodimi bir zo’ravonni nariroqqa olib borib, qo’yib yubordi”, - deya hikoya qiladi qariya.
Uning aytishicha, keyingi paytlarda bu joyda o’z xizmatini taklif qilib, pul ishlayotgan kimsalar paydo bo’lgan. Besh yuz qirg’iz somi (yetti AQSh dollari atrofida) evaziga yengil mashinada chegaradan tez va oson o’tkazib qo’yadilar.
“Nazarimda, ular posbonlar bilan aloqada”, - deydi suhbatdosh.
Mayda do’konchalarni hisobga olmaganda, maydonchada yo’lovchilar uchun hech qanday qulaylik yo’q: na o’rindiqlar, na tibbiy yordam xonasi.
“KPPda xizmat ko’rsatish oynalari ko’paytirilsa, qolgan o’tkazish maskanlari ham ochilsa, albatta, hammaga oson bo’lardi”, - deya omma fikrini jamlaydi oqsoqol.
O’shlik tadqiqotchi Erkin Abdirazakov deydiki, chegara maskanlarida qonun ustivorligini ta’minlah alohida ahamiyat kasb etadi. Buningsiz hokimiyat tizimlariga hurmat-ishonch darz ketadi.
Unincha, davlat o’tkazish punktlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashi, ilg’or usullarni tatbiq etishi lozim. Chegara posbonlari hamda bojhona xodimlarining mas’uliyatini, xizmat ko’rsatish saviyasini ko’tarish darkor. Ayni paytda chegaradan o’tayotgan odamlar ham qonunga rioya qilmog’i, tegishli talablarga javob bermog’i kerak.
Chegara xizmati rasmiylarining qayd etishicha, shikoyat va takliflar o’rganib chiqilmoqda.