General Do'stumning o'g'li Toshkentdagi anjumanda qatnashdi

Botur Do'stum, Afg’oniston Vitse-prezidenti va “Milliy Junbish” partiyasi rahbari general Abdul Rashid Do’stumning o’g’li

Afg’oniston Vitse-prezidenti va “Milliy Junbish” partiyasi rahbari general Abdul Rashid Do’stumning o’g’li Botur Do’stum O’zbekiston poytaxti Toshkentda o’tgan xalqaro konferensiyaga ishtirok etgan.

Do’stumning o'zi esa hanuz quvg’inlikda hayot kechirmoqda. Bir yil oldin vatandan chiqib ketgan.

Juzjon sobiq hokimi Ahmad Ishchi general Do’stumni uning hayotiga tahdid solganlikda ayblagan.

Botur Do’stum otasi asos solgan partiyaga raislik qiladi. Siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etmoqda, xususan prezident saroyidagi yig’inlarda chiqib turadi.

Botur Do’stumning Toshkentdagi safari uning otasi prezident bilan kelishganidan darak deya baholanmoqda.

Botur Do'stum Afg'oniston delegatsiyasi tarkibida (o'ngdan ikkinchi, orqa qatorda), Toshkent, 27-mart, 2018

General Do'stum

Bundan bir necha kun oldin general Do’stumning ittifoqdoshi, Balx viloyati sobiq hokimi Ato Muhammad Nur ham prezident Ashraf G’ani bilan kelishib, ziddiyatlarga nuqta qo’yilganini e’lon qilgan edi.

Lekin, Botur Do’stum otasi general Abdul Rashid Do’stumga bo’lgan munosabat va bosimlarni inobatga olmasdan, “Milliy Junbish” partiyasi raisi o’laroq, partiya nomidan ichki va xalqaro anjumanlarda qatnashayotan bo’lishi ham mumkin.

General Do’stumning to’rtta o'g’li bor. Botur Do’stum siyosiy sohada, Yor Muhammad Do’stum, Ulug’bek Do’stum va Bobur Do’stumlar Turkiyada harbiy sohada o’qigan.

2016-yili Kobulda yoshlar yig’inida Do'stumning qizi Rohila parlament saylovlarida qatnashmoqchi ekanini ayon qilgan edi.