Turkmaniston va O'zbekiston tranzit loyihalariga e'tiborni oshirmoqchi

Turkmaniston va O'zbekiston prezidentlari, Toshkent, O'zbekiston, 23-aprel, 2018-yil.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov o'rtasida o'tgan muzokara xulosalariga ko'ra, Toshkent mintaqaviy tranzitni rivojlantirishga qaratilgan TAPI loyihasiga qo‘shiladi. Ashgabat ham bundan buyon Markaziy Osiyo liderlari sammitida faol ishtirok etadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkmaniston prezidentining O'zbekistonga tashrifi

Toshkentda prezidentlarning tor doiradagi muloqoti, delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari o’tkazilgan.

O’zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, prezidentlar tor doiradagi muzokarada strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda aloqalarni rivojlantirish haqida gaplashgan.

Kengaytirilgan muzokaralarda asosiy masala savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga, transport va tranzit sohasidagi munosabatlar, hududlar o’rtasida aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. O’zaro savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish rejalanmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.

Prezidentlarning qo’shma bayonoti, transport sohasidagi hamkorlikka doir, hududiy, ilmiy-texnikaviy, qishloq xo’jaligi, idoralararo hamkorlikka doir ko’plab hujjatlar imzolandi.

Prezidentlar muloqot ortidan OAV oldida chiqish qilishgan, tomonlar o’rtasida barcha masalalar muhokama qilingani, natijalardan qoniqishda ekanliklarini bildirishgan.

Mirziyoyevga ko’ra, O’zbekiston tomoni Turkmaniston olg'a surayotgan TAPI (Turkmaniston, Afg`oniston, Pokiston, Hindiston bo’ylab gaz quvurlarini yotqizish) loyihasini qo’llab-quvvatlaydi.

Berdimuhammedov Turkmaniston tomoni O’zbekiston tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashi haqida, jumladan, Markaziy Osiyo prezidentlari sammitini doimiy va yangi formatga olib chiqish zarurligi haqida gapirgan.

Mirziyoyev saylanganidan so'ng ilk rasmiy tashrifini Turkmanistondan boshlagan, ikki davlat o'rtasida strategik sheriklik haqida dastlabki bitim imzolangan edi.

Aloqalarda, ayniqsa, transport, tranzit, energetika sohadagi yo’nalishlarga muhim ahamiyat qaratilmoqda; bu boradagi hamkorlik strategik ahamiyatga molik ko’riladi.

Ammo munosabatlarning umumiy ko’lami strategik sheriklikka tortadi deyish qiyin. Bugunga kelib Turkmaniston O’zbekiston bilan vizali tartib amalda bo’lgan yagona qo’shni davlat bo’lib qolmoqda.

Tashrif davomida chegaradosh hududlarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga doir hujjatlar imzolangan, ammo vizali tartibdan voz kechish masalasi muhokamaga chiqmagan.

Mirziyoyev va Berdimuhammedovning bu uchrashuvidan ko’pchilik chegara zonasidagi aholi o’tib-qaytish tartibini soddalashtirishga doir qaror kutayotgan edi. Hozirgacha bu masala muhokama qilingani haqida ma’lumot yo’q.

Turkmaniston Markaziy Osiyodagi eng yopiq davlat. O’zbeklar bu mamlakatdagi ikkinchi yirik millat hisoblanadi, ammo o’zbek tilidagi maktablar, madaniy markazlar hamon taqiq ostida.

Mirziyoyev Ashgabatga tashrifi davomida o’zbek maktablari masalasini ko’targan edi. Toshkentdagi uchrashuvda bu qanchalik gaplashilgani noma’lum, ammo Mirziyoyev O’zbekistondagi turkman maktablariga oid vaziyat haqida to’xtalib o’tgan.

Berdimuhammedovni tantanali tarzda kutib olish uchun talabalar poytaxt ko’chalariga majburan olib chiqilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng bahslarga sabab bo'ldi.