Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an O’zbekistonga rasmiy davlat tashrifi bilan keldi. U Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko’tarishga doir muloqot o’tkazdi.
Turkiya rahbari Ko’ksaroyda davlat tashrifiga muvofiq tantanali kutib olinishi ortidan prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi, hukumatlar doirasida ikki tomonlama kengaytirilgan tartibda muzokaralar o’tgan. Tomonlar o’zaro hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga ko’tarish qarorida.
Your browser doesn’t support HTML5
Mirziyoyev va Erdog'an o’rtasidagi tor doiradagi yuzma-yuz muloqot yopiq eshiklar ortida ikki soatcha davom etgan.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, deb xabar beradi O’zbekiston Prezidenti matbuot xizmati dastlabki muzokaralar haqida.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Turkiya prezidenti davlat tashrifi munosabati bilan tarqatgan bayonotida prezidentlar muzokaralarida xalqaro maydondagi va mintaqadagi vaziyat muhokamasiga alohida diqqat qaratilgani, mintaqaviy xavfsizlik masalasi muhokama qilingani ta’kidlangan.
Turkiya Prezidentining tashrifi 29- aprel kuni boshlandi, aeroportda uni Bosh vazir Abdulla Aripov kutib olgan.
Mirziyoyev va Erdog’an o’rtasidagi tor doiradagi uchrashuvlar ortidan kengaytirilgan tartibdagi muzokaralar o’tdi. Turkiya rahbari O’zbekiston Oliy Majlisi deputatlariga ham murojaat qildi.
Erdog’an O’zbekistonga 150 ga yaqin tadbirkorlar hamrohligida kelgan. Toshkentda o’zbek-turk biznes forumi o’tmoqda. Davlat rahbarlari ishtirok etadigan biznes forum doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan o’nlab shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Erdog’an O’zbekistonda so’nggi bor 2016-yilda bo’lgan. Islom Karimov vafoti ortidan kuzatilgan bu safarda Turkiya prezidenti Samarqandni ziyorat qilgan edi. Turkiya Prezidentining navbatdagi safari so’nggi 20 yil davomida Turkiya tomonidan kuzatilayotgan dastlabki davlat tashrifi ekanligi bilan ham ahamiyatli ko’rilmoqda.Turkiya rahbarining bu o'lkaga oxirgi davlat tashrifi 2000-yilda Ahmet Sezar prezidentligi davrida kuzatilgan.
O’zbekistonda hokimiyat yangilanishi ortidan, Turkiya bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko’tarilishi rejalashtirilayotgani xabar qilinmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev o’tgan yilning oktabr oyida Turkiyaga qilgan davlat tashrifi davomida aytgan edi.
“Muzokaralar yakunida keng ko’lamli hamkorligimizni yangi, eng katta strategik bosqichga ko’tarishga zamin yaratgan qo’shma bayonot imzolandi. Bu tariximizda birinchi marta, shunday yo’nalish, shunday zamin yaratilayotgani”, - degan edi Mirziyoyev Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida.
Erdog’anning O’zbekistonga safari davomida tomonlar o’rtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 24 ta hujjatga imzo chekilgan. Bu hujjatlar sirasida strategik sheriklik haqida bitim imzolanishi yuzasidan gap yo`q, ammo munosabatlarni strategik hamkorlikka hozirlashga doir hukumatlararo komissiya tuzilgani ma’lum qilinmoqda.
O’zbekiston tomoni Turkiyaga yirik iqtisodiy hamkor sifatida qaraydi. Karimov vafoti ortidan mamlakatda hokimiyat almashar ekan, Mirziyoyev savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni, sarmoyalar jalb qilinishini istagan dastlabki davlatlardan biri Turkiya edi. O’sha paytda hukumatda bo’lgan Rustam Azimov boshchiligidagi o’zbek delegatsiyasi Istanbulda muzokaralar o’tkazgan, turk biznesining O’zbekistonga shiddat bilan qaytishi kutilayotgan edi. Ammo bu muzokaralar O’zbekiston hukumati kutgan darajada turk sarmoyasini jalb etmadi. Turkiya O’zbekistondagi asosiy sarmoyadorlardan bo’lishiga umid esa hali so’nmagan.
2017-yilda o'zaro savdo aylanmasi 30 foizga ortib, 1,5 mlrd. dollarni tashkil etgan. Yaqin yillarda bu ko'rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilinmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev uchrashuvdan so'ng o'tkazilgan matbuot anjumanida.
Turkiyada yashayotgan o’zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihga ko’ra, O’zbekiston Turkiyaga asosan iqtisodiy hamkor sifatida qaramoqda; Turkiya esa O’zbekistonni mintaqadagi asosiy strategik, siyosiy hamkor sifatida ko’rishni istaydi.
“Turkiyani birinchi navbatda siyosiy aloqalar rivoji qiziqtiradi, chunki Karimovning 27 yillik boshqaruvi davrida Turkiya Markaziy Osiyodan ajratib qo’yildi. Bu Karimovning turkiy davlatlar munosabtlari rivojiga bergan eng katta zarbasi, ta’bir joiz bo’lsa, jinoyati edi. Turkiya endi mana yo’qotilgan vaqtni, bu davrda boy berilgan imkoniyatlarni tiklashni istaydi. Buning uchun, albatta, birinchi navbatda O’zbekiston bilan siyosiy, strategik aloqalar to’liq tiklanishi kerak”, - deydi Muhammad Solih.
Erdog’anning O’zbekistonga uch kunlik davlat tashrifi Buxoro shahrini ziyorat qilish bilan yakunlanishi kutilmoqda.