O'zbekiston va Turkiya strategik sherikka aylanish niyatida

Toshkent, 30-aprel, 2018

O’zbekiston-Turkiya muzokaralari strategik hamkorlik kengashini tuzish bilan yakunlandi. Rajab Toyib Erdog’an tashrifi bilan bog’liq bayonotlardan qat’i nazar munosabatlar ehtiyotkorlikdan xoli emasligi, strategik sheriklik maqsadi bitimga ko’chmagani ta’kidlanmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Mirziyoyev va Erdog'an strategik hamkorlar bo'lmoqchi

Prezidentlar rahbarligidagi strategik kengash O’zbekiston-Turkiya munosabatlarining siyosiy o’lchamlarga o’tishiga ishora sifatida qabul qilinmoqda. Sharhlovchilarga ko’ra, kengash Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatda o‘zgarishlar qilishga intilmaydi.

Shavkat Mirziyoyev va Erdog’an Toshkentda imzolagan qo’shma bayonotda tomonlar o’rtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi tuzilgani qayd etiladi.

Markaziy Osiyodagi ustunlik ko’p jihatdan mintaqa markazida joylashgan O’zbekiston bilan aloqalarga bog`liq bo’lib kelgan.

Geosiyosiy hamkorlarni tez fursatda keskin o’zgartirishi bilan tanilgan marhum Islom Karimov O’zbekistonning bu imkoniyatidan to’liq foydalanib keldi. Uning xavfsizlikka, yakkahokimlikni mustahkamlashga qaratilgan bu siyosati mamlakatni uzoq yillar turg‘unlikka mahkum qildi. O’zbekistonga ta’sir ko’rsatish qudratidagi davlatlar imkoniyatini ham cheklab keldi.

Turkiya O’zbekistonda yaxshi ta’sirga ega, ammo uzoq yillar shu imkoniyatdan mahrum qilingan davlatlardan. Karimovdan keyingi hokimiyat Turkiya bilan munosabatni qayta qurmoqda, prezidentlarning o’zaro davlat tashriflari tiklanayotgan aloqalarning dastlabki davriga yakun yasab berdi.

Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi o’tgan yilning oktabrida kuzatilgan bo’lsa, Erdog’anning O’zbekistonga davlat tashrifi kuni-kecha yakunlandi.

Siyosatshunoslar tomonlar munosabatida hamon ehtiyotkorlik mavjudligini ta’kidlashadi. Siyosatshunos Farxod Tolipov:

“Bu kengash hozircha faqat niyatni, xohishni aks ettiruvchi holat xolos. Ammo tomonlar o’rtasidagi strategik sheriklik haqida gapirishga hali erta, buning uchun turli masalalardagi pozitsiyalari uyg’un bo`lishi kerak. Shuning uchun hozirgi kengash haqiqatda tomonlarning strategik munosabatga intilishini ifodalaydimi yoki boshqacha bir hamkorlik tarzini nazarda tutmoqdami, degan savol ochiq qolyapti. Strategik sheriklik murakkab tushuncha, xalqaro muammolar, xavfsizlik masalalari inobatga olinib tomonlar pozitsiyasi uyg’unlashishi kerak. Ayniqsa, xavfsizlik masalasida O’zbekiston va Turkiyadagi mavjud tizimlar ancha farq qiladi. Shuning uchun hozircha faqat niyatlar bor deyish mumkin, Turkiya va O’zbekiston qardosh xalq, ular o’rtasidagi munosabatni kutilayotgan darajaga chiqishi hayratlanarli emas”.

O'zbekiston va Turkiya rahbarlari rafiqalari bilan, 1-may, 2018

Toshkentdagi muzokaralarda Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston TurkPA ga qo’shilish qarorida ekanligi, tashkilotni Bishkekda kutilayotgan anjumanida qatnashishini ma’lum qildi.

O’zbekistonning turkiy davlatlar tuzilmalariga qo’shilishi Turkiya tomonidan muntazam ko’tarib kelingan tashabbuslardan. Karimov davrida bu takliflar inobatsiz qoldirilgan, hatto turkiy xalqlarning madaniy tadbirlarida ham O’zbekiston qatnashmay kelayotgan edi.

Farxod Tolipovga ko’ra bundan qat’iy nazar O’zbekiston-Turkiya aloqalari Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatda yangiliklar qiladi deyish qiyin, chunki Turkiya tashqi siyosatidagi bugungi geosiyosiy o’lchamlar boshqa.

“Aslida Turkiya mintaqani barcha davlatlari bilan yaqin aloqalarni ushlab kelgan, shuning uchun ham O’zbekiston va Turkiya aloqalaridagi yangi bosqich mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga keskin ta’sir o’tkazadi, deb kutmayman. Gap shundaki, bugun Turkiya tashqi siyosatidagi geosiyosiy o’lchamlar boshqa, xalqaro maydondagi pozitsiyasi, AQSh, Rossiya bilan bo`layotgan munosabatlari boshqa bir o’lchamlarga qaratilgan. Turkiyani xalqaro maydondagi o’z o’rni, nufuzi bor, harakatlari shuni ifodalaydi, ko’p narsa Turkiyaning xalqaro maydondagi harakatlari qanchalik barqaror va beqaror bo’lishiga ham bog`liq”, - deydi Farxod Tolipov.

Toshkent, 30-aprel, 2018

Erdog’an O’zbekiston safarini Buxoroni ziyorat qilish bilan yakunladi. Muzokaralarda asosan savdo-iqtisodiy hamkorlikka diqqat qaratildi, 3 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Mirziyoyevning Turkiyaga safari davomida ham shu miqdordagi shartnomalarga kelishilgan edi.

Shuningdek, tomonlar tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash markazini tashkil etish, mehnat muhojirlari huquqini himoyalash, harbiy hamkorlik, o’quv mashg’ulotlarini o’tkazishga doir hujjatlar imzolashgan.

Prezidentlarning qo’shma bayonotda ko’rsatilishicha, strategik hamkorlikka oid Oliy darajadagi O’zbekiston-Turkiya kengashining dastlabki uchrashuvi Turkiyada o’tishi kutilmoqda. Erdog’an Mirziyoyevni o’ziga qulay vaqtda Turkiyaga rasmiy safar bilan taklif etgan.