Musulmonlar Gollivud ijodkorlari uchun o'z "Oskar"ini e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Amerika orzusi ketidan yurgan yosh hindistonlik musulmon haqidagi "Yo'lbars ovchisi" filmi rejissori Lena Xan

Dunyo bo'ylab ko'plab musulmonlar Gollivud filmlarida bu din ahli va umuman, islom salbiy qolipga tushib qolganidan norozi. Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha musulmonlar kengashi bunga qarshi kurashning ajoyib usulini topdi. Tashkilot Gollivud bilan ishlovchi alohida bo'limini ochdi.

Ko'plab filmlarda musulmonlar terrorchilar yoki jinoyatchilar sifatida tasvirlanadi.

Bu esa haqiqatga mutlaqo zid, deydi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha musulmonlar kengashi.

"Madaniyatga tanqidiy qarashingiz mumkin, lekin stereotip yaratmasligingiz kerak. Stereotip deganda, bitta holatni olib, uni hamma uchun bir xil qilib ko'rsatishga aytiladi. Islom va musulmonlar haqida to'g'ri ma'lumot berilishini xohlaymiz", - deydi kengash prezidenti Salom Al-Marayati.

Salbiy stereotiplarga chek qo'yish uchun tashkilot Gollivud aktyorlari, rejissor va prodyuserlar bilan ishlovchi byuro ochdi. Musulmonlarni to'g'ri tasvirlagan ijodkorlarga maxsus sovg'a ham joriy etildi.

"Musulmonlar Oskari bu. Biz uni Jasorat va vijdon ovozi deb atadik. Zotan, kurashimiz shundan iborat. Stereotip yaratib, kimnidir ayblab, ko'p pul topishingiz mumkin, lekin bu ijodkorlik emas. Ijodkorlik murakkab vaziyatda ishlab ham muvaffaqiyat qozonishdir", - deydi Al-Marayati.

Musulmonlar kengashi 27 yildan beri stereotiplarga qarshi chiqib, muloqot va o'zgarishga da'vat etgan ijodkorlarni mukofotlab keladi.

Masalan, "Biz xalqmiz" harakatida aks ettirilgan musulmon ayol qiyofasi.

"Ko'p qutbli zamonda yaratilgan kampaniya bu. Ayrim toifalar oylardan beri tahqirlandi. Pastga urilgan bunday insonlarni ko'tarib chiqishni zarur deb hisobladik", - deydi harakat asoschilaridan biri Mark Gonzales.

"Ajoyib xonim" obrazidagi nyu-jersilik super qahramon ham musulmon.

"Ko'plab odamlar uchun bu qahramon islom haqida, Gollivudning an'anaviy islomofobik qarashlariga mos kelmaydigan musulmonlar haqida ilk tasavvurni beradi", - deydi film muxlislaridan biri.

Bu yil uch ijodkor rang-baranglik, ijtimoiy adolat va bag'rikenglikni targ'ib etgani uchun Musulmonlar kengashi tomonidan mukofotlandi.

Birmada musulmonlarning qatliga yo'l qo'yib bergan Au San Su Chiga e'tiroz sifatida "Dublin shahri ozodligi" mukofotidan voz kechgan irlandiyalik rok musiqachi Bob Geldof ulardan biri.

"Musulmonlarning maxfiy hayoti" seriali yaratuvchisi Joshua Seftel hamda Amerika orzusi ketidan yurgan yosh hindistonlik musulmon haqidagi "Yo'lbars ovchisi" filmi rejissori Lena Xan ham shu guruhda.

Musulmonlar tashkilotining umid qilishicha, bunday mukofotlar Gollivuddagi salbiy stereotiplarni fosh qilishga hamda islom va musulmonlar haqida haqiqiy asarlarning yaratilishiga yordam beradi.