Tramp Putinni Vashingtonga taklif qildi

Xelsinkida o'tgan Tramp-Putin uchrashuvidan, 16-iyul, 2018-yil

AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinni ikkinchi sammitga taklif etmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders "Twitter" orqali muzokaralar allaqachon boshlangani haqida xabar berdi.

Bu yangilik Xelsinkida o'tgan bahsli uchrashuv ortidan o'rtaga chiqdi. Putin bilan muloqot payti o'tkazilgan matbuot anjumanida Tramp Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashganiga ishonmasligini aytib, keskin tanqidlarga duchor bo'lgan edi. Keyinroq u fikridan qaytib, adashganini, aslida, razvedka idoralarining Rossiya bo'yicha bergan xulosalariga ishonishini aytdi.

Ayni paytda Davlat kotibi Mayk Pompeo pul yuvish jinoyatlarini taftish qilish doirasida bir necha AQSh fuqarosini so'roqqa tutish haqidagi Rossiya talabi qondirilmasligini e'lon qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, AQSh tergovchilari saylov taftishi bo'yicha Moskvadagi rasmiylarni so'roq qilishi mumkin, faqat AQSh ham o'z fuqarolarining boshqa jinoiy ish bo'yicha rossiyaliklar tomonidan tergov qilinishiga ruxsat berishi kerak. Rossiya so'roq qilishni istagan rasmiylar orasida AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi ham bor.

Xelsinkidagi uchrashuvda Tramp Putinning bu talabini "ajoyib taklif" deya maqtadi, ammo keyinroq Davlat departamenti taklif rad etilganini bildirdi.

AQSh tergovchilari Demokratlar partiyasining saylov kampaniyasi komputerlarini buzib kirganlikda ayblab, rossiyalik 12 rasmiyga ayblov e'lon qildi. Moskva ularning so'roq qilinishiga rozi, ammo o'z navbatida 11 amerikalikni, jumladan, sobiq elchi Maykl Makfolni so'roq uchun Rossiyaga jo'natishni so'rayapti.

Makfol 2012-yildan 2014-yilgacha Rossiyada elchi bo'lgan. U soliq firibgarligida ayblanayotgan londonlik biznesmen Bil Bauder ishi bo'yicha suhbatga chaqirilmoqda.

Davlat departamenti amerikaliklarning tergov uchun Rossiyaga jo'natilishi g'oyasini "absurd" deb atadi.

"Bunday bo'lmaydi. Rossiyaliklar Prezident Tramp va Putin o'rtasidagi uchrashuvda bir qator masalalarni taklif qildi. Bu so'rov haqida ham Putin tomonidan izoh, taklif va fikrlar bildirildi. Prezident Tramp bu haqda aniq aytdi. Biz amerikaliklarni Rossiyaga borib rossiyaliklarga tergov berishiga majburlamaymiz. Bu haqda negadir ko'p gapirilyapti. Amerikaliklar xotirjam bo'lsin", - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Demokratlar bo'sh kelayotgani yo'q. Ular Rossiyaga qarshi ko'proq bosim qo'yilishi tarafdori.

"Prezident Tramp Putun huzurida qo'rqib ketgandek ko'rindi. U nimadan qo'rqdi? Putin Trampni nima bilan qo'rqityapti?" - deydi Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Nensi Pelosi.

AQShda 2016-yil bo'lib o'tgan prezidentlik sayloviga Rossiya qanchalik aralashgan va bu ishga Tramp saylov kampaniyasining aloqasi bormi? Maxsus tergovchi bir necha oydan beri shu masalani taftish qilmoqda. Respublikachilar Trampning Rossiya bilan til biriktirganiga ishonmaydi, ammo demokratlar tergov oxirigacha yetkazilishini talab qilmoqda. Ularga ko'ra, Kreml kelasi saylovlarga ham aralashishga urinadi va buning oldini olish choralari ko'rilishi lozim.