"Tadbirkor ayol", O'zbekiston Tadbirkor ayollari uyushmasi 1991-yilda tashkil topgan. Bugungi kunda 16 mingga yaqin a'zoga ega. Mamlakat bo'ylab 62 bo'limi bor.
Jamoat tashkiloti ekan, grantlar asosida ishlaydi. Oliy Majlis qoshidagi maxsus jamg'arma, nohukumat sektorni quvvatlovchi fonddan ham mablag' oladi.
Shu yoz tashkilot hukumatga yirik taklif bilan chiqdi. Mamlakatda xotin-qizlarning biznes sohasidagi hissasini oshirish uchun tizimli ravishda bilim beruvchi, malaka oshiruvchi hamda ularni ruhan va amaliy jihatdan quvvatlovchi dastur lozim. Bu programmani ishlab chiqqan uyushmaga ko'ra, maqsad O'zbekistonda iqtisodni kengaytirish, xususan ish o'rinlarini ko'paytirish.
Tashkilot rahbari Gulnora Mahmudova "Amerika Ovozi" bilan suhbatda nafaqat bu konsepsiya balki mamlakat xotin-qizlari oldidagi muammolar va imkoniyatlar, hozirgi dolzarb vazifalar hamda xorijdagi o'zbek ayol tadbirkorlarni vatanga jalb etish harakatlari borasida ham so'zladi.
Biznes erkinlik talab qiladi, deydi Mahmudova, va uning ishonicha, bugungi O'zbekistonda tadbirkorlik qilish uchun erkinlik yetarli. Uni kengaytirib borish uchun esa bizneslar kuchayishi, yangi sohalarga asos solinishi va xotin-qizlar o'z iqtisodiy-moliyaviy manfaatlari uchun konstruktiv harakat olib borishi lozim.
Your browser doesn’t support HTML5
"Tadbirkor ayol" deb nomlangan bepul jurnal, uyushmaning uch tildagi nashri, homiyga muhtoj. Ishbilarmonlikni targ'ib qiluvchi, ilg'or tadbirkor ayollar haqida ma'lumot beruvchi manba xususiy mablag'ga chiqadi. Agar homiy topilmasa, deydi Gulnora Mahmudova, jurnal chop etilishdan to'xtaydi.
O'zbekistonda nahotki "Tadbirkor ayol"ga homiylik qilishga qodir tadbirkor ayol yo'q?
Qodir ayollar bor, deydi uyushma rahbari, lekin ular bu nashrga sarmoya qilishdan ko'ra boshqa ishlarga pul sarflashni ma'qul ko'radi. Uyushma o'ylanib qolgan va takliflarga ochiq.
Dunyo bo'ylab biznes sohasida faol o'zbek xotin-qizlari bor. Ular bu uyushma bilan qanchalik bog'langan? Gulnora Mahmudova ayni damda aynan shuni yo'lga qo'yishga urinmoqda. Aloqa salom-alik va muloqot bilangina cheklanmasligi kerak, deydi suhbatdosh, real hamkorlik va biznes sheriklikka talab bor, amaliy qadamlar tashlanishi kerak.
Tadbirkor ayollar uyushmasi fermer xotin-qizlarg e'tibor qaratmoqda. Bu yil Toshkentda forum o'tkazdi. Dehqonlar va chorvadorlar hukumat vakillari va mutaxassislar bilan bir davrada o'tirib, muammo va yechimlarni muhokama qildi. Fermer ayollar o'zlarini qiynayotgan savollarga javoblar oldi, deydi Gulnora Mahmudova. Bunday forumni har yili o'tkazish rejalangan.
Hujjatsiz, noqonuniy biznes qilayotgan ayollarni ham uyushmaga jalb etish va shu tariqa ularni qonuniylashtirish harakati boshlangan. Rasmiy biznesga aylansa, imkoniyatlar kengayadi, deydi Gulnora Mahmudova.
Bilimsizlik tadbirkorni qo'rqitadi. Tizimga ishonch pastligi va o'ziga nisbatan ishonchi ham yuqori emasligi bois ko'plab ayollarning ishi oldinga siljimaydi, vaholanki, amalga oshirsa bo'ladigan g'oyalari bo'lishi mumkin, yetarlicha kuch va g'ayratga ham ega bo'lishi mumkin. Ularni quvvatlash lozim, deydi uyushma rahbari.
Xo'sh, hozirgi O'zbekistonda bu kabi tashkilotlar qanchalik bemalol ishlay olyapti? Cheklovlar va taqiqlar zamoni o'tdimi?
Gulnora Mahmudova deydiki, uning uyushmasi faoliyatiga hech kim aralashmaydi va oldingidek, masalan, fermerlar bilan ishlamang, degan taqiqlar endilikda olib tashlangan. Aksincha, deydi u, qishloqlardagi tadbirkor xotin-qizlar bilan yaqindan ishlash rag'batlantiriladi.
"O'zbekistonda bugun biznes imkoniyatlar har doimgidan ham yaxshi va uni o'z ko'zingiz bilan ko'rmoqda, his etmoqchi bo'lsangiz, bizning uyushmamiz bu borada hamkorlikka tayyor", - deydi u, xorijdagi vatandosh ayollarga qarata.
Noyabr oyida O'zbekistonda ayollar haftaligi o'tadi va urg'u aynan ayollarning iqtisoddagi roliga qaratiladi.
Tadbirkor ayollar uyushmasiga ko'ra, respublika xususiy sektorining deyarli uchdan bir qismi xotin-qizlar qo'lida. O'tgan bir yil ichida ayol tadbirkorlar 1,1 trillion so'm kredit ololgan.