Qirgʻizistonda oʻzbekzabon matbuotning bugungi ahvoli qanday?

Your browser doesn’t support HTML5

Qirgʻiziston janubida 2010-yili yuz bergan millatlararo nizo ortidan oʻzbek tilida nashr etiluvchi bir qator gazeta-jurnallar oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Asosan, oʻzbek tilida koʻrsatuvlar tayyorlab kelgan ikki telekanal ham ortiq oʻzbek tilida efirga chiqmaydigan boʻldi.

2012-yili Qirgʻizistonda yashayotgan oʻzbeklarning oʻz tillarida axborot olish imkoniyatlarini taʼminlash hamda millatlararo doʻstlikni mustahkamlash maqsadida "Internews" xalqaro tashkiloti koʻmagi bilan “Intimak” teleradiokompaniyasi tashkil etildi. Qirgʻizcha “intimak“ – doʻstlik, ittifoq maʼnosini anglatadi.

Asosan, xalqaro tashkilotlarning moddiy koʻmagi bilan faoliyat koʻrsatib kelayotgan mazkur kompaniya davlat qaramogʻiga oʻtkazilgan. Ayni paytda “Intimak”da qirgʻiz hamda oʻzbek tilida radio eshittirishlar, telekoʻrsatuvlar tayyorlab efirga uzatiladi. Shuningdek, yntymak.kg sayti ham ikki tilda axborot tarqatadi.

“Intimak“ teleradiokompaniyasining dasturlar boʻyicha direktori Asanbek Karakoziyevning aytishicha, teleradiokompaniya oʻz maqsadi – millatlararo doʻstlikni mustahkamlash borasida samarali ish olib bormoqda. Shu bilan birga Oʻzbekiston telekanallari bilan hamkorlik boʻyicha kelishuvlarga ham erishilgan.

“Intimak” hududiy jamoat teleradiokompaniyasi xodimlaridan biri Shavkat Umarov oʻzbek tilida sifatli hamda raqobatga dosh bera oluvchi dasturlarni tayyorlash uchun malakali mutaxassislar yetishmasligini aytadi.

“Oʻzbek tilida dasturlar tayyorlash uchun kadr masalasi eng ogʻriqli nuqta boʻlib turibdi. Yosh mutaxassislar yoʻq hisobi. 2016-yili “Intimak”da toʻqqiz nafar oʻzbekzabon jurnalistlar ishlagan boʻlsa, hozir ular ozayib uch-toʻrt nafargina qoldi. Ularning ayrimlari oilaviy sabablarga koʻra, baʼzilari maosh ozligi bois chet ellarga ketishgan”, - deydi u.

Qirgʻiziston janubida yashovchi oʻzbeklarning aksariyati Oʻzbekiston telekanallarini tomosha qiladi. Gazeta doʻkonlarida esa “Darakchi”, “Tasvir” kabi Oʻzbekistonda chop etilgan koʻngilochar gazetalarning bozori chaqqon. Shu sababdan Qirgʻizistondagi oʻzbek jurnalistlari Oʻzbekiston matbuoti bilan ham raqobat qilishlariga toʻgʻri keladi. Oʻshlik noshir Rustam Sodiqovga koʻra, hozircha Oʻzbekiston matbuoti bilan raqobatda ustunlik qilish qiyin.

“Qirgʻizistonda oʻzbek tilida dasturlar tayyorlovchi telekanal juda oz. Gazetalarga kelsak, ular ham faqat bir-biridan koʻchirmachilik bilangina chiqib turibdi deb oʻylayman. Biz avval oʻsha vaqtdagi “Lenin yoʻli”, hozirgi “Oʻsh sadosi ”da ishlaganimizda, 50 ming nusxada chiqar edi. Hozirga kelib bu raqamning 1500 nusxaga tushib qolishi faqatgina oʻquvchining yoʻqligi emas, balki oʻquvchiga taklif qilinayotgan maqolalar sifatining pastligidan deb oʻylayman”, - deydi Rustam Sodiqov.

Tashkil etilganiga qariyb 90 yil boʻlgan “Oʻsh sadosi” viloyat gazetasi bugungi kunda haftada ikki marta 500 nusxada tarqatiladi. Gazetaning bosh muharrir oʻrinbosari Akrom Boboyevga koʻra, gazeta moddiy qiyinchiliklar qurshovida boʻlishiga qaramay yillar davomida shakllangan tajribalar asosida chiqarib kelinmoqda.

“Qirgʻizistonda oʻzbek tilida chiquvchi uchta davlat gazetasi bor. Ular “Oʻsh sadosi”, “Jalolobod tongi” va Aravon rayon gazetasi boʻlgan “Doʻstlik” gazetasi. Bularning hammasi yillar davomida orttirilgan tajriba asosida ishlab kelmoqda”, - deydi Akrom Boboyev.

Mustaqil Qirgʻiziston tarixida yigirmaga yaqin oʻzbek tilli erkin gazetalar roʻyxatdan oʻtib, bir muddat faoliyat olib borgach, turli sabablarga koʻra yopilib ketgan.

Bir yil avval qayta tiklanib, nashr etila boshlagan “Axborot” gazetasi esa hozircha Qirgʻizistondagi oʻzbek tilida chiquvchi yagona erkin gazeta hisoblanadi. Uning bosh muharriri Barno Isaqovaning aytishicha, gazeta bir oyda ikki marta 4300 nusxada chop etilmoqda.

Mustaqil jurnalist Shoxruh Soipovning fikricha, garchi Qirgʻizistonda qoʻshni davlatlarga nisbatan soʻz erkinligi koʻproq boʻlsa-da, oʻzbek tilida ijod qiluvchi jurnalistlarda ichki senzura mavjud. Bundan tashqari bugungi kunda oʻzbek tilida tayyorlanayotgan materiallarda sof oʻzbek tili yoʻqolib bormoqda deydi u.

Shoxruh Soipovning qoʻshimcha qilishicha, Qirgʻizistondagi oʻzbeklarning muammolari doim ham davlat qirgʻiz tilli yoki rusiyzabon auditoriya uchun qiziq boʻlmasligi mumkin va bu muammolarga eʼtibor qaratish uchun mustaqil oʻzbek matbuoti zarur.

“Agar oʻzbek jamiyatidagi ijobiy holatlardan tashqari muammolari ham xolis yoritilib, hal etuvchi organlarga yetkazilib bartaraf etilmasa, keyinchalik jiddiy muammolar bilan yuzlashishimiz mumkin”, - deydi mustaqil jurnalist Shoxruh Soipov.

Rasmiy statistikaga koʻra, bugungi kunda Qirgʻizistonda 920 mingga yaqin oʻzbeklar yashaydi. Ularning aksariyati Qirgʻiziston janubidagi Oʻsh, Jalolobod va Botken viloyatlarida joylashgan.