20-22 yanvar kunlari O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Germaniyada bo'ladi. Tashrif oldidan O'zbekistonda xorijiy axborot vositalariga, shuningdek, Facebook va YouTube singari ijtimoiy tarmoqlarga qo'yilgan to’siqlar olib tashlangandek bo'ldi, bir necha soatga. Hukumatning internet senzurasidan voz kechgani tasdiqlanmadi. Bloklar joyida. Mirziyoyev Berlinda O'zbekistonda so’z erkinligi va inson huquqlariga doir muzokara olib borishi haqida ma’lumot yo’q.
O’zbekistonda "Amerika Ovozi" saytiga ham proksisiz kirib bo'lmaydi. Rasmiylar bloklash siyosati davom etayotganini har doim ham ochiq tan olmaydi, lekin kechagi qisqa ochilish omma orasida ancha shov-shuv ko'targan bir paytda Toshkentda mutasaddilar internetdagi to'siqlar olib tashlandi, deyishgacha bordi. Biroq oradan sal o'tmay global tarmoqlar yana cheklangani tizim hali ham naqadar yopiq ekanidan dalolat.
Islom Karimov davrida bloklangan mustaqil nashrlar haliyam xalq uchun qulfda ekani bu borada hech qanday islohot bo'lmaganini ko'rsatadi. Buning ustiga o'tgan yilning sentabr oyidan beri YouTube va Facebook ham blokda.
Mamlakatda ommaviy bo’lgan bu tarmoqlarning taqiqlanishi matbuot va jamoatchilik orasida muhokama qilinar ekan, oshkoralik O'zbekistonda hamon orzu ekani tez-tez tilga olinadi.
To’siqlar olinishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda kuchaygan munozaralarda bu xushxabar Prezident Mirziyoyevning Germaniyaga safari bilan bog’liq deb ko'rildi. Lekin sal o'tmay bloklar qaytgach bu taxmin ham puchga chiqdi.
Mirziyoyev ilk bor Yevropa Ittifoqiga borayotgani yo'q. 2018-yilning oktabr oyida Parijga safar qilib, Fransiya rahbariyati bilan muloqot qilgan, qator bitimlar imzolagan edi.
Fransiyada matbuot erkinligi va inson huquqlari deyarli muhokamada bo'lmagan. Berlindagi muzokaralar ham asosan iqtisodiy hamkorlik xususida kechishi kutilmoqda.
Mirziyoyev Kansler Angela Merkel, Prezident Frank-Volter Shtayenmayer va Bundestag raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashishi rejalangan. Toshkent Berlindan sarmoya so'rashi va hamkorlikni kengaytirish uchun o'z tashabbuslarini bildirishi kutilmoqda.
O'zbekistonda rahbar o’zgarishi Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyatiga qiziqishni oshirdi. Germaniya azaldan respublika bilan tijoriy aloqalarga ega. Siyosiy hamkorlik ham ancha yillik tarixga ega. Nemis ishbilarmonlari O’zbekiston bilan biznes qilib, 100 million yevroga yaqin zarar ko’rganini aytib keladi.
Toshkentdagi Forumlar saroyi qurilishida hissa qo'shgan nemis shirkati Gulnora Karimovga tegishli deb ko’rilgan va yopilgan "Zeromax" kompaniyasi inqirozi ortidan ko’rilgan zarar hamon qoplanmaganini qayd etadi.
Ammo bu vaziyat oradagi iqtisodiy aloqalar tiklanishiga to’sqinlik qilayotgani yo’q. Mirziyoyev safari arafasida Berlinda nemis-o’zbek biznes forumi o'tdi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Germaniya bizneslari 4 milliard dollardan oshiq qiymatga teng 95 loyihani amalga oshirishga kelishib olgan.
Bu tadbir haqida yozgan ayrim nemis nashrlari forumda sarmoya yotqizish niyati yuzasidan protokollar imzolangani va hozircha O’zbekistondagi aniq loyihalar haqida gap bormayotganiga diqqat qaratdi.
“Nemis to’lqini”ga ko’ra, Berlindagi forumda Germaniyadagi ishbilarmon doiralarni qiziqtirgan asosiy masalalardan biri O’zbekistonda jamiyat, matbuotning qanchalik erkinlashgani, yangi rahbarning islohotlar va’dasi qanchalik kafolatlanganligi bo’lgan. Ijtimoiy tarmoqlardan erkin foydalanish ham biznes yuritishda zarur shartlardan biri ekani aytilgan.