VASHINGTON —
Qozog'iston Xalqaro Aloqalar Kengashi ijrochi direktori Iskander Akilbayev tahlilicha, Markaziy Osiyoda bir necha jarayondan ko'z uzmay, ularning ta'sirini to'g'ri baholay olish nihoyatda muhim. Qanday jarayonlar?
- AQSh, Xitoy va Rossiya orasidagi raqobat, ziddiyat va umum rishtalar Markaziy Osiyoga bevosita va bilvosita ta'sir qiladi. Ular orasida harbiy-mudofaa, biznes-moliya va xalqaro masalalar yuzasidan har qanday hamkorlik va kelishmovchilik bu hukumatlar mintaqa yuzasidan qiladigan qarorlar ortidagi omillar qatorida bo'lishi aniq.
- Markaziy Osiyoda iqtisodiy o'sish sust. Qozog'istonda bu yili 3-3,5 foz; Qirg'izistonda 3,2-3,8 foiz; O'zbekistonda 4,5-5 foiz; Tojikistonda 5-5,5 foiz va Turkmanistonda 5,5-6 foiz va mintaqada umumiy 4-4,3 foiz o'sish kutilmoqda.
- Regional integratsiya tomon muloqot jadallashgan, lekin amaliy qadamlar sekin. Mamlakatlar orasida turli yo'nalishlarda muzokaralar davom etmoqda. Qo'shnilar bir-biri bilan kelishishi uchun hali ko'p gaplashish kerak.
- Islohotlar haqida har bir mamlakatda eshitasiz, lekin asosiy e'tibor ijtimoiy muammolarda. Hamma joyda ham konkret chora-tadbirlar ko'rilmayotgan bo'lishi mumkin, lekin hukumatlar bu masalalarni chetlab o'tolmaydi. Siyosiy doiralar buni tushunib yetmoqda.
- Markaziy Osiyo davlatlarida prezident va parlament saylovlari yaqinlashmoqda. O'zbekistonda yil oxirida rejalangan parlament saylovlari islohotlar darajasini baholovchi sinov bo'ladi. Qozog'iston va Tojikistonda kelasi yilgi prezident saylovlariga tayyorgarlik boshlanadi.
- Demografik omillar har yerda namoyon. Markaziy Osiyo aholisi 70 milliondan oshgan va aksariyati yoshlar. Ular nima xohladyi? Nimaga qodir? Taraqqiyot, innovatsiya, ta'lim va inson kapitali xususida munozaralar boshlangan.
- Xitoy - yirik sarmoyador. Uning ta'siri qanday deganda nima seziladi va nima hozircha sezilmaydi? Xitoy Markaziy Osiyoda nimalarni ko'zlamoqda? Mintaqa undan nima istaydi? Odamlarning Xitoyga munosabati qanday?
- Qirg'izistonda siyosiy dinamika qizg'in. Amaldagi prezident, sobiq prezident va muxolifat orasidagi ziddiyatlar qanday tus olishi mumkin?
- Terrorizm hamon yuqori darajadagi tahdid. Hukumatlar bu masalaga jiddiy qarashda davom etmoqda. Global maydonda terrorizmga qarshi kurash mintaqaga qanday va qanchalik ta'sir qilishi mumkin?
- Afg'onistondagi mojaroga nisbatan Markaziy Osiyo hukumatlari jiddiyroq va faolroq yondasha boshlagan. O'zbekiston va Qozog'iston tinchlik muzokaralarini targ'ib qilib, ularga mezbonlik qilishga hozir. AQSh va uning ittifoqchilari bunga qanday qaraydi? Bu borada qanchalik birga ishlaydi?
Your browser doesn’t support HTML5