Ramsfeldchilar: O'lkalarimizga sarmoya kerak

Vashington, 2-may, 2019

AQSh siyosiy doiralari va xususiy sektori bilan tanishgan Markaziy Osiyo, Kavkaz, Afg’oniston va Mongoliya yosh mutaxassislari nazarida ular yashaydigan mintaqa va o’lkalarga ta’lim, infrastruktura, turizm va mahalliy ishlab chiqarishga sarmoya zarur.

AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld asos solgan jamg'arma (Rumsfeld Foundation) har yili ikki bor yuqorida qayd etilgan regionlardan yosh liderlarni #RumsfeldFellows Vashingtonga olib kelib, ular uchun tadbirlar va uchrashuvlar uyushtiradi. Maqsad - bu mutaxassislarni alq markazlari, OAV va siyosiy hamda moliyaviy dargohlar bilan bog'lash.

Bu safargi qatnashchilar deydiki, G'arb ahli ularning yurtlari haqida noto'g'ri yoki tor tushunchaga ega ekani har ikki tomon uchun birdek zarar.

Madaniyat, tarix, strategik ahamiyat va o'zaro manfaatlar haqida qanchalik ko'p ma'lumot almashilsa, taraflar shunchalik ko'p foyda ko'radi, deydi Afg'oniston va Qirg'izistondan kelgan yoshlar.

Amerika hukumati uchun bu mintaqalar naqadar muhim ekani xususida ular turlicha fikrda. Ayrimlari nazarida Vashington ularga nisbatan aniq strategiyaga ega emas. Boshqalar ta'biricha esa amaldagi siyosat yoki qiziqish "biz xohlagandek" emasligi strategiya yo'q degani emas.