O’zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol Oliy Majlisni O’zbekiston aeroportlari Rossiya boshqaruviga o’tayotganini muhokama qilishga chaqirmoqda. Namangan, Samarqand va Urganchdagi aeroportlarining Rossiya kompaniyasi boshqaruviga o’tkazish yuzasidan dastlabki shartnoma may oyi oxirida Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning O’zbekistonga qilgan safari davomida imzolangan edi. Parlament deputatlariga murojaat qilgan Xalq shoiriga ko’ra, strategik inshootlarni muhokamasiz Rossiya kompaniyasi boshqaruviga topshirilishi xavfli masala.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zbekiston xalq shoir Jamol Kamolning Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovga ochiq murojaatiga O’zbekistondagi qator aeroportlarni Rossiya kompaniyasi ixtiyoriga o’tayotgani haqidagi ma’lumotlar sabab bo’lgan.
“Ehtimol men iqtisodiyot qonuniyatlarini yaxshi tushunmasman, ammo aeroportlarni xorij kompaniyasiga topshirish mumkin emasligini bilaman. Men hali hech qachon Rossiya o’ziga qarashli biror katta aeroport boshqaruvini xorij davlatiga berganini yoki qozoqlar o’z aeroportini Xitoyga berganini eshitmadim, chunki bu xavfli, yaxshi emas. Yana bu aeroportlarning joylashuvini hisobga oling, Urganch aeroporti mamlakatni bir chekkasida, o’rtada Samarqand, boshqa bir chetida Namangan aeroporti. Deyarli O’zbekistonni butin hududini egallaydi. Bu hududdagi havo yo’llariga xorijiy bir kompaniya xo’jayinlik qilishi mumkin. Men bunga shu vatanni farzandi sifatida xavotir bilan qarayman”, - deydi Jamol Kamol.
Namangan, Samarqand, Urganchdagi aeroportlar Rossiyaga qarashli “Novaport” kompaniyasi boshqruviga o’tkazilishiga doir muzokaralar Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning O’zbekistonga safari doirasida o'tgan edi.
“Gazeta.uz” nashriga ko'ra, bu aeroportlar modernizatsiya qilinishiga doir hujjat Abdulla Aripov va Dmitriy Medvedov raisligida Urganchda hukumatlararo qo’shma komissiya yig’ilishida imzolangan.
“Novaport” kompaniyasi boshqaruvi raisi Roman Trotsenko va O’zbekiston transport vaziri o’rinbosari Ilhom Mahkamov imzolagan bitim tafsilotlari ochiqlanmagan.
Modernizatsiya evaziga O’zbekiston aeroportlari ekspluatatsiyasi huquqi “Novaport” kompaniyasiga o’tishidan iboratligi haqiqatga yaqin.
O’zbekiston hukumati hozirgacha Rossiya kompaniyasi bilan imzolangan bu shartnoma yoki mahalliy aeroportlar xususiylashtirilayotganiga doir biror izoh bermagan.
Strategik inshootlari sirasiga kiruvchi aeroportlar xorij kompaniyasi boshqaruviga berilishi jamoatchilikda ma’lum muhokamalar uyg’otgan bo’lsada, hukumat ham, parlament ham bu masalada biror munosabat bildirmadi.
O’zbekiston xalq shoir Jamol Kamol bu kabi bitimlar deputatlar muhokamasidan o’tishi, mamlakat manfaatiga qanchalik to’g’ri kelishi oydinlashtirilishi kerak, deb hisoblaydi.
“Men parlament rahbariga, u orqali deputatlarga murojaat qildim. Chunki bu masala avvalo parlamentda ko’rib chiqilishi kerak, muhokama qilinib, yaxshi-yomon tomonlari aytilishi kerak. Men tarixdan saboq olishga chaqiryapman, misol ham keltirganman. Bir paytlar Buxoro amiri chor Rossiyasiga amirlik hududidan temir yo’l tortishga ruxsat bergan, Kogon yaqinidan o’tkazilgan. Keyin Frunze tunda shu temir yo’l orqali kelib butin Buxoroni yakson qildi-ku. Mustaqillikka xavf tug’dirishi mumkin bo’lgan har qanday holatga jiddiy, hushyor turish kerak”, - deydi Jamol Kamol.
Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev 29-30 may kunlari rasmiy safar bilan O’zbekistonda bo’lgan. Toshkentda Prezident Mirziyoyev bilan uchrashgan. Urganchda ikki davlat hukumatlari o’rtasidagi qo’shma komissiya yig’ilishida qatnashgan edi.
Medvedevni mazkur tashrifi davomida O’zbekiston-Rossiya o’rtasidagi yana bir yirik loyiha atom elektrostansiya qurilishiga doir navbatdagi muhokama bo’lib o’tdi, atom stansiyasi qurilishi uchun Jizzax viloyati Tuzkon ko’li yaqinidagi maydon tasdiqlandi.