Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkilotining xavotir bildirishicha, O'zbekistonda uning yetakchi eksperti Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) hujumga uchragan.
13-iyun kuni Toshkentda Sverdlov turgan mehmonxonaga bir guruh yoshlar to'satdan kirib kelib, xavfsizlik qoidalarini buzgan holda Sverdlovga tashlangan, deya tasvirlanadi bayonotda. Hujum jismonan emas, haqorat, mazxara va ekspertni noqulay ahvolga solgan holda tasvirga olishdan iborat bo'lgan.
Bunday tahdid bilan, deya qayd etmoqda HRW, O'zbekistonda fuqaro jamiyati, huquq himoyachilari va jurnalistlarni qo'rqitishmoqchi va ularga bosim o'tkazishmoqchi.
Sverdlovning oldiga kutilmaganda kelib, uni qurshovga olganlar ijtimoiy tarmoqlarda "Sayyod" kanalini yurituvchi video bloger Sardor Komilov va yana to'rt shaxs bo'lgan. HRW bayonotiga ko'ra, Komilov Sverlovning nomeriga telefon qilib, o'zini uning mehmoni va ekspertga dardini aytishga kelgan fuqaro deb tanishtirgan. Sverdlov pastga tushganida Komilov va sheriklari uni o'rab olib, haqorat qilib, ustidan kulib, 20 minutcha videoga olgan. Ketishayotganida ular Sverdlovga "O'zbekistondan yo'qol" deya do'q qilishgan, deyiladi bayonotda. Keyin bu video global tarmoqda tarqatilgan.
HRW nazarida bu guruh ortida erkinlik dushmanlari, O'zbekiston va HRW orasida shakllanayotgan hamkorlikka qarshi tomonlar va umuman, mamlakatda huquq borasida progress bo'lishiga to'sqinlik qilishni istaganlar turibdi.
HRW rahbari Kennet Rot (Kenneth Roth), global nufuzga ega huquqshunos, deydiki, Sverdlov O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo bo'ylab huquq va adolat yo'lida ishlab kelayotgan mutaxassisga tahdid jiddiy qabul qilinishi lozim.
"Bu voqea barcha huquq himoyachilarini yerga urish va ularga nisbatan ishonchni yemirish uchun qilingan harakat", - deydi Rot.
O'zbekistonga ancha yillar kiritilmagan HRW 2017-yildan beri hukumat bilan muloqotda. Sverdlov mamlakatga tez-tez borib, vaziyatni o'rganmoqda. Sud jarayonlarini kuzatmoqda; huquqbuzarlik va qonunbuzarlik hollari yuzasidan izlanmoqda.
HRW ning bildirishicha, O'zbekiston hukumatining bir necha yuqori darajali rasmiysi 13-iyun voqeasidan keyin Sverdlov bilan bog'lanib, o'z xavotirini bildirgan va nima bo'lganini surishtira boshlagan.
Tashkilot O'zbekiston rahbariyatini huquq himoyachilari, fuqaro jamiyati faollarini, jurnalistlarniv va blogerlarni himoya qilishga chaqirmoqda. Ular bemalol ishlay olishi uchun sharoit yaratilib, xavfsizlik ta'minlanishi lozim, deyiladi bugungi bayonotda.
Sardor Komilov o'z sahifasida ichki ishlar bo'limiga chaqirilganini aytgan. Videosiga "Bizga chetdan himoyachilar kerak emas", deya sarlavha bergan. "Sayyod" muxlislari orasida Komilovning ishini himoya qilib, buni so'z va matbuot erkinligi deya izohlayotganlar bor.
O'zbekistonning taniqli blogerlari esa uning qilmishini qoralab, Sverdlovning tarafini olmoqda.