Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Dushanbe shahriga tashrif buyurib, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va hukumat rasmiylari bilan uchrashdi. Muloqotlar paytida Markaziy Osiyo tinchligi, xalqaro ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishi oldini olish va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish kabi mas’alalar muhokama qilindi.
Tojikiston Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Zalmay Xalilzod va Emomali Rahmon Tojikiston va AQSh hamkorligining bugungi holati va kelgusidagi rejalar haqida gaplashgan. Shuningdek, Tojikiston va Afg‘oniston chegarasini qo‘riqlash va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishida Tojikistonning o‘rni masalasi muhokama qilingan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Biz faqat birgalikdagi harakatlarimiz bilan Afg‘oniston Islom Respublikasida tinchlik, osoyishtalik va taraqqiyotni ta’minlanishiga xizmat qila olamiz",-deya ta’kidladi Tojikiston rahbari Emomali Rahmon.
"Afg‘oniston masalasi bir ishkal muammo. Masalaning ichki tomonlari bor, mintaqaviy va dunyoviy yoki xalqaro jihatlari bor. Men Tojikistonga tojik hukumatiga shu paytgacha qilgan ishlarim haqida ma’lumot berishga va so‘ng maslahat qilishga keldim. Ko‘raylik, tojiklar bu masalada qanday fikr, qanday taklif va maslahatlar beradi", - dedi jurnalistlar bilan muloqoti paytida AQShning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasi bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod.
Xalilzod Dushanbe shahridagi AQSh elchixonasida tashkil etilgan matbuot konferensiyasida IShID terroristik guruhi nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari uchun, balki butun dunyo uchun tahdid ekanini ta’kidladi.
"DAISh nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo uchun xavf. Afg‘onistonda bir muammo. Afg‘oniston sharqida, Kunar mintaqasida va Pokiston chegarasida DAISh kuchlari bor. Toliblar ular bilan urush qilmoqda. Biz ham ular bilan jang qilyapmiz. Bu ikki urush bir-biridan mustaqil. Ular o‘z maqsadlari yo‘lida IShID bilan jang qilmoqda, biz o‘z dalillarimiz asosida. IShID Afg‘onistonda siyosiy muzokaralarning ishtirokchisi bo‘la olmaydi",-deya ta’kidladi Zalmay Xalilzod.
Afg‘oniston tinchligi yo‘lida olib borilayotgan muzokaralar xususida Xalilzod shunday deydi:
"Biz toliblar bilan suhbat qilib, muzokaralarning muhim jihatlarini belgilab oldik. Bunda to‘rt muhim masala bor. Birinchisi, agar toliblar hukumat a’zosi bo‘lsa, ular ixtiyoridagi hududlarda terroristlar yoki boshqa kuchlarga bu hududdan AQShga qarshi, AQShning do‘stlariga, qo‘shnilarga, shu jumladan, Tojikistonga qarshi foydalanishiga ijozat berilmaydi. Ikkinchi masala Afg‘onistonda NATO, AQSh qo‘shinlari kabi xalqaro kuchlar masalasi.
Uchinchi, afg‘onlar orasida o‘zaro muloqot va muzokaralar bo‘lib, muammolarning siyosiy yechimi bor bunda. Turli mafkura, turli qadriyatlarga ega bo‘lgan kuchlar urushni tugatish uchun muzokara qilishlari lozim.
To‘rtinchisi, otishmalarni butunlay to‘xtatish masalasi", - deydi Xalilzod.
Uning qo'shimcha qilishicha, Tojikiston o‘z nufuzidan foydalanib, afg‘onlarni tinchlikka da’vat etishi mumkin.
"Biz Rossiya va Xitoy bilan Afg‘oniston tinchligi bo‘yicha kelishib oldik va AQSh umid qiladiki, mintaqaning va dunyoning boshqa mamlakatlari ham bu kelishuvga qo‘shiladi. Bunda Markaziy Osiyo hamda Tojikistonning o‘rni ham juda hayotiydir", - dedi Xalilzod jurnalistlar bilan suhbat paytida.
Siyosiy sharhlovchi Faxriddin Xolbekning aytishicha, Afg‘oniston tinchligida Tojikiston va tojiklarning ham roli katta.
"Tojikiston siyosiy mavqei jihatidan Afg‘onistonda mintaqa davlatlari orasida katta ta’sirga ega. Chunki u yerda tojiklar katta bir kuch. Oxirgi voqealar ko‘rsatdiki, Afg‘oniston tojiklari mamlakatda o‘z mavqeiga ega. Ammo hozir xalqaro munosabatlarda ulardan ko‘ra pashtunlar ustuvorroq. Xalqaro kuchlar Afg‘onistonga tojiklar yetakchilik qiladigan va asosiy kuchi ham tojiklar bo‘lgan "Jabhai muttahid", ya’ni "Birlashgan front" yordamida kirdilar. "Birlashgan front" bir guruh ediki, u yerda pashtunlar ham, o‘zbeklar ham, hazoralar ham bor edi. Lekin tojiklar yetakchilik qilishardi. Tojiklar bir kamchilikka yo‘l qo‘ydi. Bu birlashma mudirligida u qadar iste’dod ko‘rsatmadi. Tojikiston hamisha barcha qavmlar vakillaridan, hammadan oldin tojiklardan iborat bo‘lgan "Birlashgan front" uchun asosiy tayanch, asosiy panoh edi. Hozir ham Tojikiston ana shu kuchning takyagohi hisoblanadi. 2001-yil Amerika Afg‘onistonga kirishi "Birlashgan front" yordamida edi. "Birlashgan front"da asosiy kuch tojiklar va bir qism pashtunlar, general Do‘stum boshchiligida o‘zbeklar, hazoralarning barcha rahbarlari birga edilar. Bonn konferensiyasida barcha asosiy vazifalar tojiklar qo‘liga o‘tganida ular kamchilikka yo‘l qo‘ydilar. "Birlashgan front"ning boshqa a’zolari, shu jumladan, hazoralar, o‘zbeklar, pashtunlarning hukumatda ishtirokini ta’minlay olmadilar. Shuning uchun muvaffaq bo‘lmadilar. Kuni kecha Tojikistonga tashrif buyurgan Zalmay Xalilzod o‘sha vaqtda ham AQShning Afg‘onistondagi vakili edi, 2001-yil Afg‘onistonda "Al-Qoida" va toliblarga qarshi urush qilishni istagan barcha davlatlar uchun Tojikiston va O‘zbekiston kirish darchasi bo‘ldi. Kuchga ham tojiklar orqali keldilar. Shuning uchun Tojikiston har doim Afg‘onistonda o‘z mavqeiga ega. Birinchidan, u yerda tojiklar soni ko‘p bo‘lsa, ikkinchidan, tojiklar mintaqada va jahonda hamisha toliblarga qarshi bir kuch bo‘lib kelgan", - deya ta’kidlaydi Faxriddin Xolbek.
Afg‘onistonda istiqomat qiladigan 20 dan ortiq xalq va millat vakillari orasida tojiklar son jihatidan pashtunlardan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Amerikaning "ABC News" telekanali, Buyuk Britaniyaning BBC va Germaniyaning ARD agentliklari sa'y-harakatlari bilan 2004-2009-yillar davomida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Afg‘oniston aholisining 41 foizini pashtunlar, 38 foizini tojiklar, 10 foizini hazoralar va 6 foizini o‘zbeklar tashkil etadi.
Afg‘onistonda tinchlik bo‘yicha AQSh vakilining aynan 27-iyun - Tojikistonda hukumat va muxolif kuchlar orasida Birlik shartnomasi imzolangan, mamlakatda fuqarolar urushiga barham berilib, tinch va osoyishta hayot boshlangan kuni Prezident Emomali Rahmon bilan uchrashishi Tojikiston tajribasini yodga soladi. Xo‘sh, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda Tojikiston tajribasini qo‘llash mumkinmi? Bu savol bilan falsafa fanlari nomzodi, jamiyatshunos olim Ravshan Usanovga murojaat etdik.
"Tojikistonning tajribasini o‘rganib, foydalansa bo‘ladi. Lekin ularning o‘zida shunga ishtiyoq bo‘lishi kerak, ehtiyoj bo‘lishi kerak-da. Tojikiston taklif qilyapti, lekin ular kelisha bilishi kerak. Ulardayam ikkita guruh, hukumat bilan toliblar emas-da. Feodal jamiyat sifatida yashayotgan qabilalar ham bor-da. O‘shalarga tushuntiradigan kuch kerak. Bu vazifani kimdir zimmasiga olishi kerak. Tashqaridan aytgan bilan bo‘lmaydi-da bu. Ichkaridan shunga xohish bo‘lishi kerak. Afg‘onistonning o‘zidan xohish, ishtiyoq bo‘lishi kerak. Ular o‘zlari kelishishi kerak. Ikkita guruhmi yoki uchta guruh bo‘lsa, o‘shalar yetakchilari bir-biri bilan stol atrofiga o‘tirishi kerak. O‘tirmasa bo‘lmaydi. Uchrashishi kerak. Ularning bir-birini ko‘rishga ko‘zi yo‘g‘u hali. Majbur qilib ularni qaysi bir shahardami, mintaqadami yoki tashqaridami, ular bir stol atrofiga o‘tirishi kerak. Bu muzokaralar bilan boshlanadigan ish. Birdaniga bo‘lmaydi. Muzokaralar stoliga o‘tirsa, o‘sha o‘tirishining o‘zi birlikka qadam. Ular lekin hali bir-birini ko‘rishga ko‘zi yo‘g‘u! Anashu stolga o‘tira olishning o‘zi birlik. Shuni qila olish kerak", - deydi Ravshan Usanov.
O‘tgan asrning 90-yillari Tojikistonda dunyoviy va diniy davlatdorlik tarafdorlari orasida ziddiyatlar kuchayib, mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketgach, oradan besh yil o‘tib, 1997-yilda hokimiyatda 70 foiz rahbarlar amaldagi hukumat tarafdorlari qolishi va birlashgan tojik oppozitsiyasi vakillariga 30 foizlik kvota berilishi sharti bilan Milliy birlik shartnomasi imzolangan va shu yo‘l bilan mamlakatda tinchlik o‘rnatilgan edi.
Tojikiston Oliy Soveti sobiq deputati, mamlakatda konstitutsion tuzum tiklanishiga hissa qo‘shgan, Tojikiiston Oliy Sovetining tarixiy XVI sessiyasi ishtirokchisi Abdurasul Habibovning fikricha, aynan bu tajriba Afg‘oniston uchun ish bermasligi mumkin. Chunki u yerda muammolar hududi ham kengroq va ildizi ham chuqurroq, deydi u.
"Tojikiston tajribasini shu holatga qo‘llab bo‘lmaydi. Sababiki, Tojikistonda bir marta urush bo‘lgan. Bu janjal oddiy bir hudud talashish, mansab talashishga o‘xshash narsalar edi. Afg‘onistonning urushi bu fundamental urush. U yerda oddiy manfaatlar emas. O‘zi nomi afg‘on degani "fig‘on" deganiga borib taqaladi, deydi-ku! Ularnikini mohiyati, e’tibori salgina boshqacharoq. Keyin uni xalqaro ahamiyati boshqacharoq. Chunki bizniki oddiy bir o‘choq edi-da. Ularniki uzoq cho‘zilgan, qat’iy va uzoqni ko‘zlangan urush. Haqiqatdan ham urush. Chunki mana, shundoq bo‘ladiki, mamlakat prezidenti, Kobul prezidenti qo‘lidagi hududning 10 foiziga ega xolos. Bunaqa analog xalqaro tajribada yo‘q!" - deydi Habibov.