Nyu-York yuragida endi o'zbek restorani bor

Nyu-York

Immigrantlar uchun ostona shahar Nyu-Yorkda minglab o'zbekistonliklar yashaydi. Ularning orasida o'z biznesiga asos solayotganlar ko’p. O'zbekistonliklar an'anaviy yo'lni tanlab, bu yerdagi vatandoshlar ehtiyojidan kelib chiqadi. Manhettenda o'z eshiklarini ochgan yangi mo'jaz restoran sal boshqacha. Maqsad – Amerikada o’zbek taomlarini ommalashtirish.

Your browser doesn’t support HTML5

Manhettenda "Afandi Grill" degan o'zbek restorani ochildi

Kamola Axmedova Amerikada ham o'zining sevimli ishi bilan mashg'ul. Mazali manti pishiradi, somsa qiladi.

O'zbekistonlik immigrant AQShga 5 yil oldin ko'chib kelgan. Hozir u Manxettendagi gavjum ko'chalardan birida kichikroq o'zbek restoranini boshqaradi. Restoranga "Afandi Grill" deb nom bergan. Uning menyusi ham O'zbekiston bilan bog'liq.

"Asosiy ovqatlarimiz, palov, manti, lag'mon. Yana qo'shimchasiga salat, somsa, qovurma chuchvarani kiritganmiz. Lekin biz ko'proq manti va lag'monga urg'u beryapmiz. Chunki ularni vegeteriancha qilib tayyorlash imkoni bor. Shu jihatdan ham bizning restoranimiz boshqa o'zbek oshxonalaridan ajralib turadi", - deydi Kamola Axmedova.

Your browser doesn’t support HTML5

Manhettenda "Afandi Grill" degan o'zbek restorani bor

Bir qarashda Kamola ham AQShda biznes boshlayotgan o'zbek diasporasi vakillari kabi an'anaviy biznesga qo'l urgan. Milliy taomlari restoranini yuritish hozirgacha Amerikadagi o'zbekistonliklar tashkil etayotgan ko'psonli bizneslar, yuk tashish, oziq-ovqat va kiyim kechak do'konlari, mamlakatlararo jo'natmalarni yetkazish xizmatlari qatorida turadi. Ushbu bizneslar asosan Amerikada yashaydigan yurtdoshlar ehtiyojlariga qaratilgan. Ammo "Afandi Grill"ning farqi mijozlarida.

"Bizning ovqatlarimizning 90 foizi amerikaliklar, Nyu-York shtati, Manxettenda yashovchilarga mo'ljallangan. Shuning uchun bizlarning ovqatlarimiz sal o'zgartirilgan. Zamonaviy o'zbek ovqati Amerikaning mazalari bilan aralashtirilgan," – tushuntiradi suhbatdoshimiz.

Manxettenda o'zbek qizi ochgan ilk o'zbek restorani taomlari mijozlariga manzur. Buni internetdagi izohlar va xo'rrandalarning so'zlaridan bilsa bo'ladi.

Jahondagi mavjud chuchvara va raviolilar borasida kitob yozayotgan fransiyalik tadqiqotchi Emmanuel Giymen restoranning mamnun mijozlaridan biri.

"Nyu-Yorkda men o'zim bormagan davlatlarda tayyorlanadigan chuchvara va mantilarni tatib ko'rishni istadim. Chunki men shu haqda kitob yozayapman. Bu yerdagi sharoit menga yoqdi. Mantisi ham mazzali. Biz go'shtli va kadi bilan qilingan mantini ham yeb ko'rdik. Menga go'shtli manti ko'proq yoqdi", - deydi “Afandi Grill”ga tashrif buyurgan Emmanuel Giyman.

Ushbu restoranni ochishga Kamola va uning hamkorlari bir yil vaqtlarini sarflashgan.

"Ishni boshlashda muhimi - biznes-reja. U puxta bo'lsa investor albatta topiladi", - deya tushuntiradi Kamola.

Joy ijarasi qimmat.

"Restoran biznesi katta mablag' talab qiladigan bizneslardan bittasi. Bu yerda restoran deyishadi lekin O'zbekiston o'lchovi bo'yicha bu kafega mos tushadi", - deydi Kamola Axmedova.

Ana shunday mo'jaz kafeni ochishga o'zbek immigrantlari 90 ming dollardan ortiq mablag'ni sarflashgan.

Boshlagan bizneslari bilan Kamola va uning hamkorlari Nyu-Yorkdagi tamaddixonalar bozoriga rang-baranglikni kiritishni ham istaydi. Va bu yo'nalishda ularga oson emasligi aniq, axir ular xitoy restoranlari bilan raqobatlasha olishi kerak.

"Bizning missiyamiz - Xitoy va boshqa Osiyo taomlari qanday mashhur bo'lsa o'zbek milliy taomlarni ham xuddi shunday darajaga yetkazish. Buni juda katta mas'uliyat deb bilaman. Lekin men shuni orzu qilaman",- deydi restoran boshqaruvchi hamkori Sardor Axmedov.

"Afandi Grill" Nyu-Yorkda muvaffaqiyat qozonsa, “uning tarmoqlarini boshqa shtatlarda ham ochamiz”, deydi Sardor. Shu tariqa ular Amerikadagi o'zbek diasporasi yuritadigan bizneslar tarixida yangi varaqni ochishsa ajab emas.