O'zbekistonlik jurnalist va oilasi Kiyevda ochlik e'lon qilgan

Jurnalist Narzulla Oxunjonovning oilasi, Kiyev, 14-avgust, 2019

Ukrainada siyosiy qochqinlikda yashayotgan o’zbekistonlik jurnalist Narzulla Oxunjonovning oilasi Kiyevda BMT qochqinlik idorasiga nisbatan norozilik aksiyasini davom ettirmoqda. Uch kundirki, ochlik aksiyasida Oxunjonovning besh farzandi ham qatnashyapti. Jurnalistlar o’z talablari hal bo’lgunga qadar to'xtamoqchi emas. Ularning salomatligi tekshirilmagan. Inson huquqlari tashkiloti vakillari aksiyasida qatnashayotgan bolalar bilan suhbatlashgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Narzulla Oxunjonov oilasi bilan ochlikda

Narzulla Oxunjonov BMT qochqinlik ishlari bo’yicha komissarligining Ukraina vakolatxonasi faoliyatidan norozi.

Oila BMT qochqinlar idorasidan o’zlarini uchinchi, xavfsiz mamlakatga jo’natishni talab qilmoqda.

Oxunjonovga ko’ra, BMTning Ukrainadagi vakolatxonasi uning oilasini aldab kelyapti. 2018- yilda uchinchi mamlakatga jo‘natish va’da qilingan, keyinchalik bu muddat 2019- yilning boshiga ko’chirilgan, so’nggi paytda kelib esa jo’natish masalasi mutlaqo mavhum qolayotgani ayonlashgan.

Shundan so’ng jurnalist o’z oilasi bilan ochlik aksiyasini boshlashga qaror qilgan. Buning ortidan jurnalistga masalasi yaqin vaqtda hal etilishiga ham va’da berilgan.

Ammo Oxunjonov norozilik aksiyasini o’z talabi aniq bajarilmagunga qadar davom etmoqchi.

“Ular bu kabi aksiya bilan biron narsa erishish qiyin deyishdi. Biz oxirigacha bormoqchimiz. Idoraning harakatsizligini boshqalar ham bilishi kerak deb aytdik. Shundan so’ng ular, mayli, biz yana bir marta boshqa imkoniyatlarni ham ko’rib chiqamiz, bir qarorga kelamiz, deyishdi. Ular bugun G’arb, xususan Yevropa qochqinlarni qabul qilmayapti deyishmoqda. Men 6 yildan buyon qochqinlikda yurganimni, "Interpol" qidiruviga ko’ra, Kievda qamoqda ham o’tirib chiqqanimni, boshpana beruvchi davlatlar xavf xatarda yurgan jurnalist oilasiga nisbatan befarq ekanligiga ishonmasligimni aytdim. Masala ko’proq ularning o’zida, menga 2018-yilda ko’chiramiz, biron muammo bo’lishi kutilmaydi, deb aytishgan edi”, - deydi jurnalist.

“Kecha menga siz bilan suhbat qilamiz deb aytishgan edi, men suhbatga kirib qaytib chiqqanimda, uch nafar ayol kishi, bitta polis hamkorligida mening bolalarim bilan suhbat o’tkazyapti. Ular bolalarimga ota-onang aksiya o’tkazishga majburlayapti qabilasidagi savollarni berishgan, farzandlarim yo’q o’z xohishimiz bilan qatnashyapmiz, deb aytishgan. Nega og’zingni tasma bilan to’sgansan deb so’ragan, bolalarim 6 yildan buyon qochqinlikdamiz, o’z haq-huquqimizni talab qilyapmiz, deb aytishgan. Ular biz bolalar huquqi tashkilotidanmiz deyishdi, lekin o’zlarini tanishtirishmadi, ism-sharifini aytmadi. Meningcha ularni Ukrainadagi vakolatxona xodimlari chaqirtirgan”, - deydi jurnalist.

Narzulla Oxunjonov Kiyevda namoyishda

“Bolalar suv ichib turibdi. Men o’zim ham ba’zan suv ichib turibman, lekin shu uch kun ichida ancha vazn tashladim. Hammamiz palatkada, ochlik aksiya o’tkazayotganimizni ramzi sifatida og’zimiz tasma bilan to’silgan. Ochlikka bolalarimiz ham ko’nikkan, 6 yil davomida turli qiyinchiliklarni ko’rdik. Lekin hozirga qadar biror tibbiy xizmat bizning salomatligimiz bilan qiziqmadi, faqat polis keldi u ham aksiyaning qanchalik qonuniy ekanligini tekshirib ko’rish uchun”, - deydi jurnalist.

Oxunjonov olti yil muqaddam o’z tanqidiy chiqishlari bois O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lgan. Jurnalist oilasi to’rt yil davomida Turkiyada yashadi, ammo xavf bois Turkiyadan Ukrainaga kelishga qaror qiladi.

2017-yilda u Kiyev aeroportida "Interpol" qidiruvida bo’lganligi uchun hibsga olindi. O’zbekiston tomoni jurnalistni tovlamachilikda ayblab qidiruvga bergan edi. Oxunjonov Kiyevda bir oy hibsda o’tirishi ortidan xalqaro huquq tashkilotlari bosimi ostida ozodlikka chiqarildi. Keyinchalik Ukraina tomoni jurnalistni O’zbekistonga topshirishni rasman rad etdi, unga qochqinlik maqomi berildi.