2018-2019-o‘quv yilida Tojikiston oliygohlarida tahsil olgan o‘zbekistonlik talabalar soni taxminan 3000 kishiga yetgan. Bir yil oldin, 2017-2018-o‘quv yilida ular bor-yo‘g‘i 44 nafarni tashkil etgan edi.
Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston pedagogika universiteti rektori yordamchisi A’zamjon Baydulloyevning aytishicha, birgina mazkur oliygohda 750 nafar o'zbekistonlik birinchi kursni tamomladi.
"Oldingi yillarda 8-10 nafar O‘zbekiston fuqarolari kelar edi. Bu o‘quv yilida masofaviy ta'lim yo'nalishida 586 nafar, kunduzgi bo‘limda 164 nafar, hammasi bo‘lib 750 odam tahsil oldi", – deydi A’zamjon Baydulloyev.
Your browser doesn’t support HTML5
Sug‘d viloyati O‘zbeklar jamiyati raisi Farhod Abduvalizodaning aytishicha, akademik Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand davlat universitetida ham 800 nafar o‘zbekistonlik talaba o‘qimoqda va oliygoh yangi o‘quv yilida ular safini yanada kengaytirishni rejalashtirgan.
Tojikiston oliygohlarida o‘zbekistonlik talabalar sonining birdaniga oshib ketishining asosiy sababi ikki davlat munosabatining o‘zgarishi va chegaralar ochilishida deb ko‘rilmoqda.
Durdona Sariosiyodan. Dushanbe shahridagi Tojikiston pedagogika universitetida rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligida 1-kursni o‘qib tugatdi. U aynan Tojikistondagi pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirishi haqida shunday deydi:
"O‘zbekiston bilan Tojikiston munosabatlari, do‘stlik aloqalari yanayam mustahkamlanganligi sababli shu universitetga o‘qishga topshirdik. Rus tili fakultetiga. Bu fakultet o‘zimga ham juda yoqadi. Oila a’zolarimiz ham shu fakultetni taklif qilishdi".
Hayotxon Berdiqulova akademik Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand davlat universitetining xorijiy tillar fakultetida ingliz tili mutaxassisligi bo‘yicha birinchi kursni tamomladi. U bilan O‘zbekistondan Tojikistonga kelib o‘qishi sabablari, har ikki davlatda yoshlarga oliy ma’lumot olish uchun berilayotgan imkoniyatlar, o‘qish uchun yaratilgan sharoit va kelgusi rejalari haqida suhbatlashdik.
– Aynan nima sababdan Xo‘jand shahrida o‘qishga qaror qildingiz?
H.B.: – Chunki bunga sabab dadam shu yerda o‘qiganlar. 1997-yil bu yerni bitirib ketganlar. O‘tgan yili dadam bilan kelib hujjat topshirib ketdik. Keyin imtihonga keldim. Shartnoma asosida qabul qilindim.
To‘g‘risini aytsam, boshida bu yerda tanishlarim bo‘lmaganligi tufayli hamda tilni bilmaganligim sababli o‘rganib ketamanmi, degan narsa xayolimdan o‘tgan va ozgina afsuslanganman. Lekin bu yerda ko‘plab tanishlar orttirdim, tojik tilini o‘rgandim. Hozir bu yerga kelganimdan umuman afsusda emasman.
– Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
H.B.: – Kelgusida ingliz tilini yaxshi o‘rganib, kelajak avlodga ham o‘rgatib, yaxshi tarjimon va yaxshi o‘qituvchi bo‘lish.
– O‘qishni kelgusida qayerda davom ettirasiz?
H.B.: – To‘g‘risini aytsam, vaziyatga qaramoqchiman. Chunki har xil vaziyat bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonga ko‘chirish niyatim ham bor. Chunki hammaning ham o‘zini tug‘ilgan joyi o‘ziga aziz. Bu Tojikiston menga ma’qul emas, deganimas.
– Umuman, boshida Farg‘ona, Toshkent yo boshqa shahar emas, bu yerni tanlashingizga sabab nima bo‘lgan? O‘zbekistonda test markaziga hujjat topshirganmisiz?
H.B.: – Ha, albatta. O‘zbekiston Respublikasiga ikki yil hujjat topshirdim. Uchinchi yil Tojikistonga topshirdim.
– Oldingi yillar topshirganingizda yetarli ballarni to‘play olmadingizmi?
H.B.: – Ha. Birinchi yil besh ball, ikkinchi yil uch ball yetmagan o‘qishga kirishimga. Menga super kontrakt asosida o‘qishni taklif qilishdi. Lekin oilaviy ahvolimiz tufayli men buni xohlamaganman. Chunki oilamizda o‘qishdan ham muhmiroq narsalar bor edi. Super kontraktning narxi, manimcha, 60 yoki 65 million so‘m to‘lashimiz kerak edi, bir yil uchun. Bu yerda bir yillik kontrakt 8 ming 900 somoniy, o‘zbek puliga ham 8 million 900 ming so‘m bo‘ladi.
– 2017-2018-o‘quv yilida bor-yo‘g‘i 44 nafar O‘zbekiston fuqarolari Tojikiston oliygohlarida o‘qir edi. Keyingi o‘quv yilida, ya’ni sizlar qatori o‘qiyotganlar 3000 nafar atrofida deyishyapti. Sizning fikringizcha, nima sababdan aynan Tojikistonga kelib o‘qishyapti?
H.B.: – Chunki O‘zbekiston va Tojikiston azaldan bir-biriga qardosh, qo‘shni el. Tarixan tojik va o‘zbeklarning aloqalari ham mustahkam bo‘lgan. Oldi-berdi, quda-andachilik bo‘lgan. Shu sababli Tojikistonga hech hayiqmay hamma hujjat topshirdi.
Yana bir sababi shuki, shu 2018-yildan Tojikiston-O‘zbekiston chegaralari ochildi. Oldin o‘tish biroz qiyin bo‘lgan. Hozir esa, o‘tib O‘zbekistonda Tojikiston fuqarolariga uch kungacha yurish, O‘zbekiston fuqarolari uchun Tojikistonda 10 kungacha yurish huquqi bor.
Hamma har xil. Ba’zilar O‘zbekistonga balli to‘g‘ri kelmaganligi uchun kelgan. Ba’zi kursdoshlarim esa shu yerda qarindoshlari bo‘lganligi uchun kelgan. Ba’zilar internet orqali topib, shu oliygoh haqida ma’lumotni ko‘rib, ularga ma’qul bo‘lganligi tufayli ham kelganlar bor. Hamma har xil vaziyat va sabablar bilan kelgan.
– Sir emaski, Markaziy Osiyo davlatlarida maorif, xalq ta’limi, oliy ta’limda poraxo‘rlik bor. Shu masalada sizning fikringiz qanday? Oliy ta'limdagi poraxo'rlik O‘zbekistonda ko'proqmi yoki Tojikistonda?
H.B.: – Bizning O‘zbekiston Respublikasida yildan-yilga poraxo‘rlikka cheklovlar qo‘yilyapti. Judayam katta, judayam ko‘p chora-tadbirlar o‘tkazilyapti. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida, davlat test markazlarida. Har bir testni sof tarzda o‘tkazish uchun ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ya’ni, abituriyentlarni oliygohga qabul qilishda ham soflikka rioya qilinyapti. Men oxirgi marta topshirgan yilim haqqoniy imtihon bo‘lganligiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Bilimim ozgina yetmaganligi tufayli o‘qishdan yiqildim. Buning uchun poraxo‘rlik yoki u bu narsani ayblamayman. Poraxo‘rliklar bo‘lishi mumkin, lekin aniq, ochiqchasiga ko‘rganim yo‘q O‘zbekistonda. Tojikiston Respublikasida ham o‘qish davomida men bu narsani kuzatmadim. Balki bu bizning o‘zbek guruhda o‘qiganimiz sabablidir. Borib o‘zbekistonliklarga shu haqda aytib berishimizni o‘ylab, bizga boshqacha munosabatda bo‘lishayotgandir balki.
– Yotoqxona yoki boshqa sharoitlar qanday?
H.B.: – Biz o‘qishga qabul qilinganimizdan keyin qizlar yotoqxonasini taklif qilishgan. Shu yerda bir yil yashadik. Bu yotoqxona sharoitlari yaxshi. Hol-ahvolimizni so‘rab turishadi. Nima kamchiliklar bo‘lsa qilib berishgan. Qishning sovuq kunlarida bizga sharoitlar qilib berishdi.