Amerika ilm dargohlarida rahbariyat o’quvchi yoki talaba qanday kiyinishini belgilash vakolatiga ega. Masalan, universitetlar yoshlarga darsga nima kiyib kela olishi yoki kela olmasligini uqtiradi. Talabalar bunday kodekslarga azaldan qarshilik bildirib kelishadi. Ayniqsa, qizlar bu borada norozi, chunki ular nazarida cheklovlar ularning ayolligi bilan bog’liq.Texas shtatida yuqori sinf o’quvchilari o’tgan yili chiqqan video targ’ibotni qoralagan edi. Video qizlarning kiyimi haqida.
Unda muayyan holda kiyingan qizlar zo’ravon deya tasvirlangan. Maktab rahbariyati keyin kechirim so’ragan.
O’g’il bolalar orasida ham norozilar ko’p. Kiyinish ham erkinlik, deydi yoshlar, cheklovlar o’rinsiz.
Yaqinda Kornell universitetida bir talaba diplom ishini ichki kiyimida taqdim etdi, ataylab. Unga shortikda yurishga ruxsat berishmagan.
“Xotin-qizlarga nima kiyishni universitetlar oldindan o’rgatib kelishgan. Tarixdan shunday: ular sizga buyuradi nima qilishni. Talabalar qanday kiyinib yurishini kuzatishadi. Qoidalarni eslatib turishadi”, - deydi Adriyen Dikson, Illinoys universitetidan.Kornell talabasi Letisha Chay esa yarim yalang’och holdagi taqdimotini “Facebook”da jonli uzatdi.
“Bu masalaga jiddiy e’tibor berishingizni so’rayman, chunki u ijtimoiy o’zlikdan ham o’tib ketadigan mavzu. Men faqat osiyolik va faqat ayol emasman. Jinsimga, irqimga qarab tamg’alamang”.
“Bu talaba noroziligini shu tariqa bildirdi. Men bunday qilmagan bo’lar edim. Lekin u qiz o’zi shu yo’lni tanlab, e’tiborni tortdi”, - deydi Adriyen Dikson.
Koreyalik Letisha Chay fikricha, xotin-qizlarning qanday kiyinishini hamon erkaklar belgilamoqda. Cheklov ulardan, deydi u.
Ekspert Jo Paoletti tahlilicha, gap jinsda emas, kiyinish uslubida.
“Bu talaba juda tor yondashib, masalani shaxsiylashtirmoqda. Erkaklarga ham osilgan shim, beo’xshov soch va muammoli ko’rinishlar uchun tanbeh berishadi”.
Biroq Letisha Chay yolg’iz emas. Fikrdoshlari talay.
2011- yilda Janubiy Afrikada mini-yubka kiygan ikki qizga tajovuz qilishgach, yuzlab yurtdoshlari “mini-yubka marshi”ni boshlagan va butun dunyo e’tiborini jinsiy tahqirlash masalalariga jalb etgan edi.
“Ayollarga jinsiy obyekt sifatida qarashni xohlasangiz va shunday qaragansiz, ular shimdami yoki yubkada, farqi yo’q. Gap kiyimda emas. Mini-yubkada ham emas. Muammo sizning miyangizda”, - deydi afrikalik Miranda Komani, faol.
“Erkaklar xohlaganicha kiyinadi. Xohlasa, qo’rnini ochib yuradi. Xohlasa, shortik kiyadi. Hech kim ularga bosim o’tkazmaydi. Uni kiy, buni kiyma, demaydi. Ayollarga aytishga qanday haqqingiz bor? Inson huquqlari ayollarning ham huquqlari; erkinlik hamma uchun bir”, - deydi Lulu Zingvona, yana bir faol.
Letisha Chayning videosini ko’rganlarning ko’pi uni yoqlamagan. Yechinishi shart emas edi, noroziligini so’z va aqli bilan ifoda etishi kerak edi, deganlar anchagina. Tashqi dunyo menga jiddiy qarasin, desangiz, shunga yarasha kiyinasiz va o’zingizni tutasiz, deydi tanqid qilayotgan tomon. Universitetlarning munosabati ham shunday: ta’lim olayotgan avlod hayotiy talablarga o’rganishi kerak, har yerda xohlaganingizcha kiyina olmaysiz.