AQSh va Tolibon muzokarada. 18 yillik urush murosa bilan yakunlanishi mumkin. Lekin Afg'onistonda qonli xurujlar davom etmoqda. Markaziy hukumat Tolibonni ayblaydi.
Prezident Donald Tramp yaqin kunlarda Afg'onistondagi askarlar sonini keskin kamaytirishi mumkin degan taxminlar bor. Lekin o'tgan hafta bu borada maslahatlashgan Tramp deydiki, Afg'oniston hamon jaholat va terror o'chog'i.
"Tolibon bilan gaplashaveramiz. Qo'shinimiz sonini 13 mingdan ham tushirishni xohlar edik. Lekin hamma narsa muzokara natijasiga bog'liq", - deydi prezident.
AQSh Afg'onistondagi qonli xurujlarda "Islomiy davlat" va al-Qoidaga aloqador to'dalarni ayblaydi.
Amerika qo'shinlari sonini keskin kamaytirib, qolgan ishni razvedkachilariga yuklamoqchi.
"Oz lekin soz ishlaydigan kontingent qoladi", - deydi Tramp. "Biroq bu hozircha niyat. Aslida hamma narsa Tolibon xatti-harakati va Afg'oniston hukumatiga bog'liq", - deydi Tramp.
Tolibonning asosiy sharti shuki, Amerika afg'on sarhadidan butkul chiqib ketishi kerak. AQShning unga asosiy sharti shuki, Tolibon Afg'onistonning terrorchilar uchun panoh bo'lishiga aslo yo'l qo'ymasligi kerak.
Oxirgi xurujda Kobulda 63 kishi o'ldirilgan.
"Ogohmiz, bilamiz u yerda nimalar bo'layotganini", - deydi Tramp.
Prezident Ashraf G'ani esa AQSh va boshqa davlatlardan Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun konkret yordam berishni so'ramoqda. Kobul qo'shni Pokistonni Tolibonni zimdan quvvatlayotganlikda ayblaydi. Islomobod buni rad etadi.