Afg'oniston tinchlik muzokaralari boshi berk ko'chaga kirib qoldi

  • Amerika Ovozi

Tolibon delegatsiyasi a'zolari, Moskva, 2019-yil, 30-may

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod Tolibon bilan to'xtab qolgan muzokaralar hamda Tramp ma'muriyatining Afg'oniston bo'yicha bundan keyingi rejasi haqida qonunchilarga hisobot berishi kutilyapti.

Xalilzod Qatar poytaxti Doxada Tolibon vakillari bilan to'qqiz marta uchrashgan. Rejaga ko'ra, 14 ming kishilik AQSh askarlaridan besh mingini Afg'onistondan chiqarish belgilangan. O'z navbatida isyonchi guruh Afg'oniston tuprog'ida AQShga qarshi terror amaliyotlari rejalanmasligini kafolatlash majburiyatini olishi lozim edi.

Tramp kutilmaganda muloqotni to'xtatish haqida e'loon qilgach, Tolibon yana hujumlarga zo'r berdi. 19-sentabr kuni Afg'oniston janubida yuz bergan xurujda 15 odam o'lgan. Shu haftaning o'zida xudkush hujumlarda halok bo'lganlar soni 70 dan oshdi.

Mamlakatda prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, Tolibon hujumlar sonini yanada oshirishi haqida ogohlantirgan.

AQSh rasmiylarini xavotirga solayotgan masalalardan biri Tolibonning sobiq jangchilarini jamiyatga qayta qo'shish muammosi. Ma'lumotlarga ko'ra, Tolibon safida 60 mingga yaqin doimiy jangchi bor.

"Sobiq jangchilarni jamiyatga integratsiya qilish uzoq vaqt davom etadigan va murakkab jarayon. Buning iqtisodiy, ijtimoiy, xavfsizlikka oid va gumanitar tomonlari bor. Afg'onistonda doimiy tinchlikka erishish uchun hamda AQSh, koalitsiya va Afg'onistondagi manfaatlar uchun bu muhim", - deyiladi Afg'onistonni qayta qurish bo'yicha maxsus bosh nazoratchi idorasi chiqargan bayonotda.