Trampning kurdlarga nisbatan siyosati Janubiy Koreyani xavotirga solmoqda

  • Amerika Ovozi

Tal Abyad, Suriya

Donald Tramp Amerikaning Suriya shimolidagi 1000 harbiysini olib chiqishga qaror qilgani Vashington kurdlardan yuz o'girmoqda, degan ishonchni oshirdi. Bu jarayonlarni Janubiy Koreya ommasi o'ziga xos qiziqish bilan kuzatmoqda.

Tramp bu qarorini saylovdagi va'dalaridan biri deya izohlaydi. Yaqin Sharqning bu qismida Suriyada tinchlikni ta'minlashdan manfaatdor boshqa tomonlar ham bor. Og'ir ishni ular qilsin, Amerika askarlari jonini bermaydi, deydi Tramp.

Janubiy Koreya Shimoliy Koreya bilan 1950-yillardan beri konfliktda. Amerikaning Janubiy Koreyada 28 ming harbiysi bor. Tramp bu davlat bilan harbiy hamkorlikni qayta ko'rib chiqib, askarlarni kamaytirmoqchi.

Seul Universitetidan ekspert Jefri Robertson tahlilicha, koreyslar hozir kurdlarga qarab, Tramp "bizga ham shunday munosabatda bo'lishi mumkin" degan fikrda.

"Chosun Ilbo", Janubiy Koreaning yetakchi gazetasida chiqqan maqolada Tramp kurdlarni sotdi, endi navbat koreyslargami? - degan savol o'rtaga tashlanadi.

“Kurdlar 150 ming qo'shin to'plab, "Islomiy davlat"ga qarshi Amerika uchun kurashib kelayotgan edi. 10 mingdan ortiq jangchi halok bo'ldi. Prezident Tramp esa ulardan voz kechib, kurdlarni pulladi", - deyiladi maqolada.

Tramp Janubiy Koreya bilan hamkorlikni ham sotishga shay emas, deb kim kafolat bera oladi?

Amerika rahbari Shimoliy Koreya bilan og'iz-burun o'pishib yurgan paytda Seul o'z manfaatlarini himoya qilishga tayyor turishi lozim, deya qayd etiladi gazetada.

Vashingtonda ham Tramp qarori ko'plab konservativ siyosatchilar tomonidan qoralanmoqda.

“Kurdlarni tashlash Amerikaga nisbatan ishonchni yemirib, Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya bilganini qilishi mumkin va AQSh ular oldida ojiz degan xulosaga olib boradi", deydi senator Lindzi Grem.

AQShning Janubiy Koreyadagi elchisi Harri Harris bunday qarashlar o'rinsiz, deydi. Vashington-Seul orasidagi hamkorlik mustahkam, xavotirga hojat yo'q, deya ta'kidlamoqda elchi.

Lekin elchi Harris AQSh Janubiy Koreyadan harbiy xarajatlarning kattaroq qismini qoplashni so'rashi mumkinligi ehtimolini rad etmaydi. Tramp deydiki, Seul iqtisodiy jihatdan qudratli davlat va o'z himoyasi uchun ko'proq sarflashga qurbi yetadi. Prezident, shuningdek, birgalikda harbiy mashqlar o'tkazishga ham qarshi. Ularning xarajatini Janubiy Koreya to'lasa boshqa gap, deydi u.

2019-yilning boshida o'tkazilgan so'rovda aksariyat koreyslar Amerika harbiylari chiqib ketishini xohlamasligini aytgan. Aksariyat amerikaliklar nazarida ham hozirgi harbiy hamkorlik qo'ldan boy berilmasligi kerak.

Handong Global Universiteti professori Park Von-gon:

“Janubiy Koreya rivojlangan davlat, kurdlar esa davlat ham emas. Ularni qiyoslash, taqdirini o'xshatish aqldan emas".

Janubiy Koreyadagi kuchlar AQSh uchun nafaqat Shimoliy Koreya, balki Xitoyga nisbatan ham mudofaa, deydi professor.

Oq uydan hozir qanday signallar kelayotganidan qat'i nazar Seul Vashington bilan muloqotda va o'zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda kelishiladi, deydi Park.