O'zbekistonda parlament saylovlari yuzasidan partiyalar o'rtasida kurash qizigan. Xorijdagi kuzatuvchilar, o'zini muxolifachi deb biladigan tomonlar nazarida esa jarayon soxta.
Saylovlarni kuzatish uchun mamlakatga 700 nafarga yaqin xorijlik kuzatuvchilar kelishi kutilmoqda.
Bu kuzatuvchilarning katta qismini Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) missiyasi tashkil etadi. Tashkilot O’zbekistondagi bu galgi saylovlarni ham cheklanmagan, to’laqonli missiya bilan, uzoq va qisqa muddat ishlovchi 300 nafarga yaqin ekspertlari ishtirokida kuzatishga qaror qilgan.
Saylovlarni chetdan kuzatishga mahkum qolayotgan o’zbek muxolifati faollariga ko’ra, mamlakatdagi saylovlarni to’laqonli missiya bilan kuzatishga qaror qilgan YXHT missiyasi xatolikka yo’l qo’ymoqda. Chunki hukumat siyosiy islohotlar o’tkazmadi, deydi ular.
Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek muxolifati faollaridan biri Namoz Normo’min mamlakatdagi parlament saylovlarida qatnashish, mamlakatga qaytish, siyosiy faoliyat boshlashga ruxsat berilishini so’rab bir necha bor O’zbekistonning xorijdagi elchixonalariga murojaat qilgan, ammo biror javob olmagan.
“O’zbekistonning Turkiyadagi elchishi bilan shu masalada uchrashdim, u menga bu masalada Britaniyadagi elchixonaga murojaat qilish lozimligini aytdi. Britaniya elchiligiga qilgan murojaatimga esa hozirga qadar javob olganim yo’q. Maqsad O’zbekistonga qaytish, siyosiy faoliyatni davom ettirish edi, ammo hukumat muxolifatga ruxsat bermadi, mamlakatga borgan muxolifatchilarni esa ortga qaytarmoqda. Mana, O’zbekistonga borgan Nasrullo Sayyid Toshkentda aeroportidan ortga qaytarildi”, - deydi Karimov davridagi tazyiqlar tufayli mamlakatni tark etgan Namoz Normo’min.
Bugun u O’zbekistondagi saylovlarni boykot qilish tashabbusini ko’tarmoqda. Muxolifatchiga ko’ra, mamlakatda soxta saylovlar o’tkazish, siyosiy o’yin qilish tajribasi davom etmoqda. Bu siyosiy o’yin YXHTning to’liq missiyasi kuzatuviga munosib ko’rilayotgani esa mamlakatda diktatura qayta shakllanishiga imkoniyat beradi, deydi u.
“Saylovda ishtirok etayotgan partiyalar soxta, qo’g’irchoq partiyalar. Debatlar o’tkazishdi, mitinglar qilishdi, lekin ularning qo’g’irchoq ekanligini butun xalq ko’rib turibdi. Partiyalar tanlagan nomzodlarga ham qarang, ular ichida biror mustaqil faol bormi? Nomzodlarning aksariyat qismi o’qituvchilar ekanligi aytilmoqda, avval ulardan majburiy mehnatda foydalanishgan bo’lsa, endi ulardan parlamentda qo’l ko’tarib o’tirishlari uchun foydalanishmoqchi. Karimov davridagi saylovdan hozirgi saylovlarning farqi nima, hukumat buni tushuntirib bera oladimi? Muxolifat bo’lmagan joyda saylov soxta va yolg’ondir. Biz shuning uchun boykotga chaqirmoqdamiz, chunki 2021-yilda prezidentlik saylovi o’tadi, u saylov ham hozirgi tarzda o’tishiga yo’l qo’ymaslik kerak. O’zbekistonda siyosiy islohotlar o’tkazilmaganini hamma ko’rib turibdi. Shunday sharoitda YXHT missiyasi bu saylovlarni to’laqonli tarzda kuzatayotganini ikki yuzlamachilik deb bilaman”, - deydi Namoz Normo’min.
O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzod Qudratxo'jayevga ko'ra, mamlakatda bugun siyosiy muxolifat shakllana boshlagan va bu galgi saylov avvalgilaridan farq qiladi.
Muxolif fikrlar va ovozlar hozirgi siyosiy muhokamalarda tez-tez quloqqa chalinadi va qarorlarga o'z ta'sirini o'tkazmoqda, deydi Qudratxo'jayev.
"Mustaqillikning ilk yillaridagi muxolifat boshqa edi, hozirgi muxolifat boshqa", - deydi u.
Qudratxo'jayev nazarida, siyosiy oppozitsiya sifatida maydonga chiqayotgan avlod bugun O'zbekistonda bor va u chet eldan emas, mamlakatning o'zida tabiiy ravishda o'sib kelmoqda.
Xorijdagi muxolifat vakillari esa bu da'volarga ishonmaydi. Ularga ko'ra, sobiq prezident Islom Karimov davrida turli tazyiqlar ortidan chetga chiqib ketgan siyosiy arboblar mamlakatga qaytarilmaguncha siyosiy islohotlar haqida gapirishga erta.
YXHT missiyasining O'zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo'yicha 11 kishidan iborat uzoq muddatli guruhi 25- noyabrdan faoliyat boshlagan, 3- dekabrdan bu guruhga yana 30 nafar kuzatuvchi qo‘shiladi, uzoq muddatli missiya saylovga doir oraliq hisobot ham taqdim etishi lozim.
YXHTning Demokartik institutlar va inson huquqlari byurosiga (DIIHB) qarashli kuzatuv missiyasi rahbari italiyalik siyosatchi Tana de Zulueta O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligida, Markaziy saylov komissiyasida uchrashuvlar o’tkazgan, kuzatuv missiyasi ish boshlayotganiga doir matbuot anjumanida ham qatnashgan.
Kuzatuv missiyasining navbatdagi uchrashuvlari parlament saylovlarida qatnashayotgan siyosiy partiyalar bilan o’tishi kutilmoqda.
O’zbekiston Oliy Majlisi va mahalliy kengashlar uchun saylovlar 22- dekabr kuni bo'ladi.
Saylovda mamlakatda rasman ro’yxatdan o’tkazilgan beshta siyosiy partiya qatnashmoqda. Bular hukumatdagi O’zbekiston liberal demokratlar partiyasi, Xalq demokartik partiyasi, “Adolat”, “Milliy tiklanish” va O’zbekiston ekologik partiyasidir.
Bu partiyalar Oliy Majlisdagi 150 ta deputatlik o’rni uchun kurashishi kutilmoqda, eng ko’p ovoz olgan partiya Bosh vazir nomzodini olg'a surish vakolatiga ega bo'ladi.
Saylov haqidagi qonunga kiritilgan so’nggi o’zgarishlarga ko’ra, Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga mustaqil tashabbus guruhlaridan nomzodlar ko'rsatish taqiqlangan.
Bunday vakolat faqat Adliya vazirligi ro’yxatidan o’tkazilgan rasmiy partiyalarga tegishli.