O‘zbekistonda parlament va mahalliy kengashlarga saylov yaqinlashar ekan, Tojikistonda unda qatnashish huquqiga ega 2000 odam bor. Lekin 22-dekabrgi saylovda ular qanday qilib ovoz berishi mumkin?
O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasiga ko‘ra, ulardan qariyb 800 nafari doimiy konsullik ro‘yxatida turgan. Qolganlari esa Tojikiston oliygohlaridagi talabalardir.
Doimiy konsullik ro‘yxatida turganlarning 330 nafari shimoliy Tojikistonda, qisman Xatlon viloyati tumanlarida, Hisor, Tursunzoda va Shahrinav kabi Respublika bo‘ysunishidagi shahar va tumanlarda hamda poytaxtda yashaydi.
Talabalarning taqriban 700 nafari Sug‘d viloyati oliygohlarida, shuningdek, Dushanbeda va qisman Xatlon viloyatida vaqtincha yashab, ta'lim olmoqda.
Bu ma'lumotlarni akademik Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti rektorining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Ruxsora Davlatzoda ham tasdiqladi.
Uning aytishicha, mazkur oliygohda 600 nafardan ortiqroq O‘zbekiston fuqarosi kunduzgi bo‘limda, birinchi va ikkinchi kurslarda o‘qimoqda. Ular Xo‘jand shahrida, qisman oliygoh yotoqxonasida va qolganlari ijara uylarda istiqomat qiladi.
Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat davlat universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Komiljon Sharipovning aytishicha, mazkur oliygohda ham 93 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalar kunduzgi bo‘limda tahsil olmoqda.
O‘zbekiston elchixonasi mas'ul xodimining aytishicha, Tojikistondagi fuqarolar uchun 22-dekabr kuni elchixonada Toshkent shahar Oqtepa saylov okrugiga qarashli 17-sonli saylov uchastkasi tashkil etiladi.
Shuningdek, Tojikistonning tog‘li sharoiti va qish kunlari ekanligini hisobga olgan holda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi markazdan uzoqroq va saylovchilar ko‘proq bo‘lgan mintaqalarda ovoz berishni yo‘lga qo‘yadi.
Muddatdan oldin saylov uchastkasidan tashqarida ovoz berish tartibi ham ishlab chiqarilgan va Tojikistonning mintaqalarida ham tashkil etish rejalashtirilgan.
Bunda ko‘chma saylov qutilaridan foydalaniladi. Ko‘chma saylov qutilari yordamida muddatdan oldin ovoz berish saylov kuniga 10 kun qolganida boshlanadi.
Tojikistonda 12-19 dekabr kunlari o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra, 12, 13, 14-dekabr kunlari Sug‘d viloyatida, 16,17-dekabr kunlari Xatlon viloyatida, 18-dekabr Hisor va 19-dekabr kuni Tursunzoda hamda Shahrinav shahar va tumanlarida muddatidan oldin saylov qutilari o‘rnatiladi.
Ayni paytda saylov komissiyasi a'zoligiga tanlangan elchixona diplomatlari mintaqalarga safar qilib, targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Bunday ishlar 21-noyabr kuni boshlanib, 28-noyabrga qadar davom etadi. Saylov komissiyasi a'zolari mintaqalarda saylovchilar bilan uchrashib, ularni saylovda faol qatnashishga chaqirmoqda. Shuningdek, ovoz berish tartibi bilan yaqindan tanishtirmoqda.
21-22-noyabr kunlari saylov komissiyasi a'zosi, O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi birinchi kotibi Otabek Tursinbekov Sug‘d viloyati raisi o‘rinbosari Bahovaddin Bahodurzoda va viloyat Raisi dastgohi Ijtimoiy taraqqiyot va jamiyat bilan aloqa bo‘limi boshlig‘i Tojiboy Sultoni bilan uchrashib, viloyat hududida muddatidan oldin saylov uchastkasidan tashqarida ovoz berishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida fikr almashdi.
Bahovaddin Bahodurzoda viloyatning har uch mintaqasida ham ovoz berish nuqtasi tashkil etish uchun markazda joylashgan qulay binolardan joy ajratilishiga va tashkiliy ishlarda mahalliy ma'muriyatlar yordamlashishiga va'da berdi.
Saylov komissiyasi a'zosi bo‘lgan o‘zbek diplomatlari Xo‘jand davlat universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat davlat universitetlari majlislar zalida viloyat oliygohlarida ta'lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Talabalar orasida targ‘ibot ishlari olib borib, ularga muddatidan oldin va saylov uchastkasidan tashqarida ovoz berishning mohiyati va tartibini tushuntirdi.
"Sug‘d viloyatida muddatidan oldin ovoz berish uch kun davom etishining sababi, bu mintaqada ovoz beruvchilar ko‘pligi, poytaxt Dushanbega borish imkoniyati cheklanganligi bilan bog‘liq. 12-kuni Xo‘jand shahar markazidagi O‘zbeklar ma'naviyat va ma'rifat markazida, 13-kuni Zafarobod tuman markazida va 14-kuni Istaravshan shahrida ovoz berish qutilari o‘rnatilishi rejalashtirildi. Viloyat ma'muriy markazida ovoz berish yon atrofdagi shahar va tumanlarda yashaydigan fuqarolarimiz hamda talabalar uchun qulay bo‘ladi. Zafarobodga esa, shaharchada va mintaqaning chegara qishloqlarida yashaydigan fuqarolarimiz, shuningdek, qo‘shni tumanlardan kelishlari mumkin. Istaravshanda bu tumanning o‘zida, Shahristonda va Devashtich tumanida yashaydigan fuqarolarimiz qatnashishlari rejalashtirildi",–deydi saylov komissiyasi a'zosi Otabek Tursinbekov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, xorijda ovoz berish uchun saylovchi oldindan, saylovga 15 kun qolguniga qadar ariza berishi kerak.
O‘zbekistonning Dushanbedagi diplomati Farrux Azizov deydiki, ariza berishning ikki yo‘li bor.
"Birinchi variant yozma tarzda bo‘lib, saylash huquqiga ega bo‘lgan fuqaro elchixonaga tashrif buyurib, ariza berishi kerak. Ikkinchisi, elektron bo‘lib, bunda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali ariza topshirish ham mumkin. Xorijda ovoz berishni istagan saylovchilar 7-dekabrga qadar shu ikki yo‘ldan birini tanlab, ariza berishsa, ularning byulletenlari o‘sha arizada ko‘rsatgan joylariga yuboriladi. Shunda ular o‘sha yerga borib, bemalol ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar", - deydi Azizov.
Markaziy saylov komissiyasining qayd etishicha, ovoz beruvchilar qayerda yashayotganidan qat'i nazar, saylovda qatnashishi uchun imkoniyat yaratib beriladi.
Facebook Forum