AQSh urush faxriylari Sulaymoniy o'limi haqida qanday fikrda?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Eronlik qonunchi AQSh Prezidenti Donald Trampni o’ldirgan odamga uch million dollar mukofot e’lon qildi. Shu oy boshida AQSh rahbari buyrug’i bilan Iroqda Eron generali Qosim Sulaymoniy o’ldirilgandan beri Vashington-Tehron aloqalari keskin tus oldi. Trampga ko’ra, Sulaymoniy amerikaliklar hayoti uchun jiddiy tahdid soluvchi hujumlarni tayyorlayotgan edi va shuning oldini olish uchun uni yo’q qilishga qaror qilgan. Bu voqea ortidan Yaqin Sharqda yana bir urush boshlanishi mumkinligi haqida xavotirlar oshdi. Harbiy veteranlar urush nima ekanini yaxshi biladi.

Deyvid Xeynes so’qmoqlar qurishga qiziqadi. Bu nafaqat mahalliy aholiga yordam, balki o’zi uchun ham ruhiy taskinlik beradi.

“Armiyada boy berilgan hayotimni qayta tiklash uchun xizmat qilishim, hayotda maqsadga ega bo’lishim muhim”, - deydi u.

Xeynes Iroq urushida qatnashgan. Armiyadan u boshqa odam bo’lib qaytdi.

“Jarohat tufayli bugun bir oyog’im ikkinchisidan kaltaroq. Qo’llarim ham oldingidek kuchli va yaroqli emas”, - deydi u.

Xeynes razvedka ishi bilan yurganda avtomobili yo’l bombasiga yo’liqadi.

“Qo’lim kuyganini his qildim. Mashinadagi boshqa askarlar qichqirmaguncha nima bo’layotganini dastlab tushunmadim. Qarasam, o’ng qo’lim barmoqlari osilib yotibdi. Chap qo’limni esa umuman qimirlata olmadim”, - deya xotirlaydi u.

Xeynes omadi kelib tirik qolgan sanoqli askarlardan. 2005-2011-yillar yo’l bombalari portlashidan 196 AQSh askari halok bo’lgan, 861 tasi yaralangan.

Petrik Farning o’g’li ana shunday baxtsiz hodisalardan birida halok bo’lganda 21 yoshda edi. Farzandidan judo bo’lgan ota harbiylarga bog’lanib, voqeani yaqindan o’rganishga harakat qildi.

“Farzandingiz jasadini kuydirishga qanday qaraysiz, deyishdi. Bu haqda o’g’lim bilan hech gaplashmaganman, uning jasadi butun emasmi, deb so’radim. Ha, juda yomon, deyishdi. Har kuni ertalab o’g’limning xayoli bilan uyg’onaman, uning xayoli bilan uyquga ketaman. General Sulaymoniyning yo’q qilinganini eshitganimda adolatni his qilgandek bo’ldim, chunki u o’g’limning o’limiga bevosita javobgar”, - deydi Far.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Eron Quds kuchlari qo’mondoni Sulaymoniy Iroqdagi jangari guruhlarga AQSh askarlariga qarshi yo’l bombalarini qanday ishlatishni o’rgatgan. Tehron bu iddaolarni inkor qiladi.

“Razvedka idoralari, Davlat departamenti, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hammasi yillar davomida ma’lumot yig’ib, ko’rish uchun, qaror qabul qilish uchun prezidentga bergan”, - deydi Petrik Far.

“Sulaymoniyni o’ldirish qarori to’g’ri bo’lgan”, - deydi Xeynes.

Hamma ham bu fikrga qo’shilmaydi. Tramp qaroriga qarshi namoyishlar bo’lib o’tdi. Namoyishchilarga ko’ra, Tramp AQShni yana bir urush domiga tortmoqda. Ko’plab demokratlar Sulaymoniyning yo’q qilinganidan xursand, ammo prezident bu ishni Kongress bilan maslahatlashmay qilganidan norozi.

“Biz urushdan saqlanishimiz kerak. Bu ma’muriyatning injiqliklari hayratlanarli. Prezidentning “tvitlarimni o’qib bilib oling” deyishi davlatimiz asoschilari konstitutsiyani tuzishda ko’zlagan maqsadlarga mos emas. Urush ochish va mablag’ ajratish vakolati Kongressga berilgan”, - deydi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

Xeynesga ko’ra, amerikaliklar mavzudan chalg’imoqda.

“Amerikaliklar boshqa amerikaliklarni dushman sifatida ko’rmoqda. Aslida bizni amerikalik vatandoshlarimizdan ko’ra ko’proq yomon ko’radiganlar bor. Buni tushunishimiz kerak. Sulaymoniy ana shunday shaxslardan biri edi”, - deydi u.

Xeynes va Far fikricha, Sulaymoniyning o’limi dunyoni xavfsizroq qilishga yordam beradi.