Koronavirusga qarshi kurash komissiyasiga ko'ra, Amerikada bu hafta juda og'ir kechmoqda. Nyu-Yorkda o'tgan 24 soat ichida qariyb 800 kishi vafot etgan. Prezident Donald Tramp marhumlarning oilalariga hamdardlik bildirar ekan, kasallarga qarayotgan shifokorlar va hamshiralarni qahramonlar deb atadi.
"Amerika sog'likni saqlash tizimi dunyoda eng kuchlisi ekanini tibbiy mutaxassis va xodimlarimiz har kuni isbotlab turibdi. Vaziyat qanchalik og'ir bo'lmasin, ular mamlakat bo'ylab minglab insonlarning hayotini asrab qolmoqda", - deydi Tramp.
Buni ham ko'ring Nyu-Yorkda bir kunda 731 kishi koronavirusdan vafot etdiKomissiya koordinatori doktor Debra Birks deydiki, ilmiy tahlil poytaxt Vashington, Baltimor va boshqa shaharlarda kasallik ko'lami Nyu-Yorkdagi singari keng emasligini ko'rsatmoqda. Odamlar koronavirusni yuqtirishda davom etmoqda, bemorlar soni oshib boraveradi, lekin deydi doktor Birks, ularning tuzalish ehtimoli ham baland bo'ladi.
Yuqumli kasalliklar bo'yicha yetakchi ekspert doktor Entoni Fauchi fikricha esa kunlar isishi koronavirus xavfini pasaytiradi deyish uchun asos yetarli emas.
"Shunday o'ylash albatta odamga umid beradi. Virusning kuchi pasayadi deb o'ylashimiz mumkin, lekin buni amalda buni ko'rmaguncha aniq aytish qiyin", - deydi u.
9-aprelga qadar jahonda 1,5 milliondan ortiq odam koronavirusni yuqtirgan va 100 mingga yaqini jon bergan.
Bu hafta Oq uyga berilgan hisobotda AQShda ishsizlar 6,6 millionga ko'payganini ko'rsatdi. Sanoatlar va bizneslar sustlashgan, mamlakat yopiq. O'tgan uch haftada 17 millionga yaqin amerikalik ishidan ayrilgan. Bu AQShdagi mavjud ishchi kuchining deyarli 10 foizi demakdir.
Aholidan uyda o'tirish, o'zaro masofa saqlash va o'zini ehtiyot qilish so'ralmoqda. Amerikaning 90 foizdan ziyod qismida mahalliy hukumatlar odamlardan tashqariga chiqmaslikni talab qilmoqda.
Yevropa mamlakatlarida ham vaziyat og'ir. Biroq eng dahshatli ko'rsatkichlar Amerikada: 430 ming odam kasallangan. Nyu-York shtati eng ko'p zarar ko'rgan hudud - 6000 dan oshiq kishi o'lgan.