Grin-karta AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beradi. Kimdir uni ishxonasi homiyligida, kimdir esa lotereya yutgan holda oladi. Bunday hujjat berishni Prezident Donald Tramp 60 kunga to'xtatmoqchi. Farmon masalaning barcha jihatlarini qoplaydi, dedi Tramp, bugun Oq uyda bu qarorini tushuntirar ekan.
"Biz o'z ishchilarimiz manfaatlarini himoya qilamiz va kelajakda ham shu yo'ldan boramiz. Avvalo amerikaliklar ish bilan ta'minlanishi uchun imkoniyat va zamin yaratamiz. Cheklovlar uzaytirilishi mumkin va vaqtincha kelayotganlarga taalluqli emas", - dedi prezident.
Cheklov haqidagi farmon ertaga imzolanishi mumkin.
Istisno tarzida ayrimlarga ruxsat berilishi mumkin, deydi Tramp. Prezident azaldan grin-karta siyosatiga qarshi ekanini aytib keladi va chetdan doimiy yashash va ishlashga kelishni cheklash lozim, deya oldin ham ko'p aytgan.
Hozirgi iqtisodiy qiyin davrda bunday qilish har tomonlama to'g'ri, deydi u.
Buni ham ko'ring Koronavirus davrida immigratsiya: huquqshunos bilan suhbatAyni damda favqulodda holatga oid choralar bois AQSh viza berishni to'xtatgan. Prezident mamlakat ochilganida vaqtincha kelishga to'siq qo'ymoqchi emas.
Oq uy rasmiylariga ko'ra, allaqachon Amerika fuqarosiga aylanib bo'lgan odam oila a'zosini, ya'ni turmush o'rtog'i, farzandi yoki ota-onasi uchun grin-kartaga topshirsa, ariza rad etilmaydi.
O'tgan yili bir millionga yaqin grin-karta berilgan. Tramp cheklovi hozirda o'zi va oila a'zolari uchun bu hujjatni so'rayotganlarga tegishli.
Prezident bugungi brifingda grin-karta lotereyasi taqdiri haqida hech narsa demadi. O'tgan yilgi o'yin natijalari may oyida e'lon qilinishi kerak. Bu dasturda hozirda biror o'zgarish bo'lmagan. Davlat departamentining maxsus saytida ham lotereya natijalari 2020-yilning 5-mayida chiqadi, degan e'lon turibdi. Bu dastur orqali har yili qariyb 50 ming chet ellik Amerikaga immigratsiya qiladi. Cheklovlar lotereya yutib, hozirda grin-kartasini kutayotganlarga ham ta'sir qilishi mumkin, lekin Oq uy bu borada hozircha biror izoh bermagan.
Bu orada Senat bugun 483 milliard dollarlik moliyaviy yordam paketini ma'qulladi. Vakillar palatasi hali ovoz bermagan. Paket kichik bizneslar uchun ko'zlangan, jumladan, kasalxonalar va klinikalarga, mahalliy korxonalar va yosh firmalarga.
"Maqsad - Amerika iqtisodiyotini tiklash, koronavirus keltirgan zararni bartaraf etgan holda xususiy sektorni rag'batlantirish. Mamlakat bo'ylab qiynalayotgan firmalar va kompaniyalar bu ko'makdan bahramand bo'ladi", - deydi Tramp.
Oq uyga ko'ra, 20 shtat qayta ochilishga shaylanmoqda.
"Bu shtatlarda vaziyat boshqalariga qaraganda ancha durust va ular Amerika aholisining 40 foiziga to'g'ri keladi", - deydi prezident.
21-aprelda AQShda koronavirusga chalinganlar 813 mingga yaqinlashgan, undan o'lganlar 45 mingdan oshgan, tuzalganlar esa 83 mingdan ziyod.
Jahon bo'ylab 2,5 milliondan oshiq odam virusni yuqtirgan, 178 mingga yaqin odam undan vafot etgan, tuzalganlar esa qariyb 700 ming.