Falastin AQSh va Isroil bilan tuzilgan barcha kelishuvlardan chiqmoqchi

  • Amerika Ovozi

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, 2020-yil, 19-may

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Isroil va AQSh bilan tuzilgan kelishuvlarning barchasi bekor qilingani haqida ma’lum qildi. Bunga egallab olingan G’arbiy Sohilning bir qismini Isroil o’z hududiga qo’shib olishni rejalayotgani sabab qilib ko’rsatilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 21-may, 2020-yil

G’arbiy Sohil va G’azo ustidan falastinliklarning cheklangan nazoratini ta’minlab bergan 1990-yilgi Oslo kelishuvi ham bekor qilinayotgan hujjatlar jumlasidan.

“Falastin Ozodlik tashkiloti va Falastin davlati Isroil hukumati va Amerika hukumati bilan shu paytgacha imzolangan barcha kelishuv va memorandumlarga, xususan, xavfsizlik shartlariga ortiq rioya qilmaydi”, - dedi Mahmud Abbos.

Abbosga ko’ra, avvalo, Isroil “bosqinchi davlat sifatida xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishi” kerak.

Isroil va AQSh bilan tuzilgan xavfsizlik va boshqa kelishuvlardan chiqish haqida Abbos ilgari ham tahdidlar qilgan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo navbatdagi tahdid ham oddiy gapligicha qolishidan umidvor ekanini bildirdi.

“Uning bu bayonoti nimani anglatishi haqida aniq tushunchaga ega emasman, lekin u kelishuvlarni to’xtatishga qaror qilganidan taassufdaman”, - dedi AQSh rasmiysi.

Isroil hozircha izoh bergani yo’q.

Isroilning G’arbiy Sohilga qarashli 30 foiz hududni qo’shib olish rejasi falastinliklarni g’azabga soldi. Yevropa Ittifoqi va boshqa ko’plab davlatlar ham hududning tortib olinishiga qarshi.

Iordaniya qiroli Abdulloh bu ish “ulkan nizo” keltirib chiqarishi haqida ogohlantirdi. U, shuningdek, 1994-yil Iordaniya va Isroil o’rtasida tuzilgan tinchlik bitimi bekor qilinishi mumkinligini aytdi.

Isroil 1967-yilgi urushda G’arbiy Sohilni Iordaniyadan tortib olgan.

AQSh Isroilning G’arbiy Sohil rejasini qoralagani ham, yoqlagani ham yo’q, ammo hududning qo’shib olinishi Prezident Donald Tramp yanvar oyida e’lon qilgan tinchlik rejasi asosida amalga oshirilishi lozimligini aytdi. Rejada Falastin davlati qurilishi qo’llab-quvvatlanadi, ammo u da’vo qiladigan hududlarning bir qismini Isroilga berish shart qilingan.