Uyg'ur huquqshunos AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasiga tayinlandi

  • Amerika Ovozi

Nuri Turkel huquqshunos va azaldan uyg'ur huquqlari uchun kurashib keladi

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi o'z safiga uyg'ur huquqshunos Nuri Turkelni tayinladi. Bu yangilik Kongress a'zolari tomonidan keng olqishlanmoqda. Spiker Nensi Pelosi tayinlovga imzo chekar ekan, demokratlar va respublikachilar birdek mamnun.

Komissiya raisi Toni Perkinsga ko'ra, Turkel bu organga yuksak tajriba bilan hissa qo'shadi. Turkel uzoq yillardan beri Amerikadan turib, uyg'ur huquqlari uchun kurashib keladi.

"Xitoyda uyg'urlar boshidan kechirayotgan mashaqqatni Turkel chuqur va yaqindan biladi", - deydi Perkins.

Buni ham ko'ring AQSh-O'zbekiston: Diniy erkinlik kengayishi uchun nima qilmoq zarur?

Xitoyda yuzlab ming uyg'urlar mehnat va qayta tarbiyalash lagerlarida ekani G'arbda keng muhokamada va keskin tanqid ostida. Turkel mana shunday lagerlardan birida dunyoga kelgan. 1995-yildan beri AQShda yashaydi. 1997-yilda siyosiy boshpana olgan. Amerika universitetini bitirgan. Immigratsiya bo'yicha taniqli yurist.

Turkel ayni damda Uyg'ur Inson huquqlari loyihasi deb nomlangan kengash raisidir. Bu tashkilotga u 2003-yilda asos solgan.

Komissiya oxirgi yillarda Xitoyga e'tiborni oshirib, Shinjon va boshqa hududlardagi uyg'urlar taqdiri yuzasidan xavotir bildirib keladi. Oq uy, Davlat departamenti va Kongressga Pekin bilan aloqada uyg'urlar masalasini yuqori darajaga qo'yishni tavsiya qilib, Xitoyni ularga nisbatan zulmga barham berishga undaydi.

Buni ham ko'ring AQSh komissiyasi: O'zbekiston endi alohida xavotirga molik davlat emas

Komissiya raisi o'rinbosari Geyl Manchin deydiki, Turkel singari mutaxassisning tayinlanishi uyg'urlar masalasi Vashingtonda naqadar dolzarb ekanini ko'rsatadi.

20 yildan oshibdiki, komissiya AQSh nomidan jahon bo'ylab e'tiqod va din bilan bog'liq huquqlarni targ'ib qiladi. Bu boradagi vaziyat davlatma-davlat tahlil qilinib, hisobotlar Kongress va tashqi siyosat amaliyoti bilan bog'liq vazirlik va idoralarga taqdim etiladi. Komissiya Oq uy, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi, Tijorat vazirligi va boshqa idoralarga maslahat va tavsiyalar beradi.

To'qqiz a'zoni AQSh prezidenti va Kongressning har ikki palatasi liderlari tayinlaydi. Komissiya partiyaviy siyosatdan yiroq turishi kerak, ya'ni respublikachi va demokrat a'zolar diniy erkinlik masalasini o'z partiyalari yondashuvidan ustun ko'rishi lozim.