27-may kuni Vashington, Toshkent va Kobul orasida yuqori darajali diplomatik video anjuman kechdi. Uch davlat yangi kelishuvni muhokama qilgan: Afg'oniston kelajagi borasida birga ishlash.
AQShdan Davlat kotibining siyosiy masalalari bo'yicha muovini Deyvid Heyl, Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov olib borgan muloqotda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va taraqqiyot bilan bog'liq masalalar xususida gap ketdi.
Nima uchun bu muloqotda Turkmaniston va Tojikiston yo'q? Bu davlatlar Afg'oniston bilan O'zbekistonga qaraganda uzunroq chegaraga ega.
Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul Jonatan Henik (Jonathan Henick) "Amerika Ovozi" bilan muloqotda deydiki, Vashington Turkmaniston va Tojikiston bilan ham Afg'oniston yuzasidan o'ziga xos hamkorlik qilib keladi va ular bilan dialog davom etadi.
"O'zbekiston, AQSh va Afg'oniston orasidagi bu yangi tashabbusga eksperiment sifatida qarayapmiz. Uchala taraf ham bunga tayyor va birga ishlash istagi kuchli. Hozirgi iroda va xohishdan kelib chiqqan holda shu ishga bel bog'ladik", - deydi Henik.
Bu tashabbusning C5+1, AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati ishtirokidagi platformadan nima farqi bor? Unda ham yuqoridagi maqsadlar olg'a surilgan. Unda ham Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun birga harakat qilish ustuvor yo'nalish sifatida belgilangan.
"Uch tomonlama hamkorlik, tabiiyki, C5+1 ga qaraganda kichikroq doira va diplomatik jihatdan aynan shu uch davlat uchun muhim ishlarni birga qilishni osonlashtiradi. Ya'ni, AQSh shu paytgacha qo'shilgan biror davradagi rolini pasaytirmaydi, balki bu yangi tashabbus bilan uni oshirish niyatida", - deydi Henik.
Tomonlar qator yo'nalishlarda o'zaro kelishuv asosida qadam tashlashini qayd etdi, jumladan:
- Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlash va shu kungacha erishilgan yutuqlarni saqlab qolish uchun hamkorlik qilish.
- 17-may kuni e'lon qilingan siyosiy murosani quvvatlab, Milliy birdamlik oliy kengashini quvvatlash.
- Qurolli muxolifat va markaziy hukumat orasida murosa qilinishi uchun hissa qo'shish.
- Afg'oniston hukumati va Tolibon til topishishi uchun harakat qilish va 29-fevralda toliblar va Vashington orasida imzolangan bitimga ko'ra ish tutish.
- Afg'onistonda koronavirusga qarshi kurashni birga olib borish, yordam ko'rsatish va tinchlik sari harakatlarda bu baloga ham alohida e'tibor berish.
- Afg'oniston yana terror o'chog'iga, terrorist tashkilotlar uchun boshpanaga va ekstremistlar hukmron hududga aylanib qolmasligi borasida Tolibon bilan shu paytgacha erishilgan kelishuvni mustahkamlash va bu maqsadlar yo'lida bir yoqadan bosh chiqarish.
Koronavirus Afg'onistonni yanada qashshoqlashtirgan, uning sog'liqni saqlash tizimi talabga javob bermaydi va butun tizim ko'makka muhtoj. O'zbekiston va AQSh bu davlatga yordamni shuni hisobga olgan holda muvofiqlashtiradi.
Uch davlat quyidagi maqsadlar yuzasidan ham birga ishlaydi:
- O'zbekiston-Afg'oniston chegara hududlari himoyasini kuchaytirish; terrorizm, qoradori savdosi, odam savdosi, qurol savdosi va boshqa noqonuniy harakatlarning oldini olish.
- Koronavirus pandemiyasi paytida va undan keyingi davrda tranzit, tijorat va qatnovni tekis va samarali yo'lga qo'yish. Zarur yuklar o'z vaqtida xavfsiz yetkazilishini ta'minlash.
- O'zbekiston va Afg'oniston orasida savdoni kengaytirish, buning uchun zarur qonunchilik, texnologiya, sarmoya va infrastruktura, qolaversa, inson kapitali bilan bog'liq muammolarni hal qilish. Termizda erkin iqtisodiy zonani ravojlantirish.
- O'zbekistonni temir yo'l orqali Pokiston bilan bog'lash. Mozori-Sharif - Hirot - Bahramcha orasida, Mozori-Sharif - Kobul - Torxam yo'nalishlarini ishga tushirish.
- Oziq-ovqat ta'minoti yuzasidan muammolarga barham berish.
- CASA-1000, Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo energiya uzatish loyihasi, shuningdek, CAREM, Markaziy Osiyo Mintaqaviy Energiya Bozori loyihasi, Turkmaniston-Afg'oniston-Pokiston-Hindiston (TAPI) gaz quvurini bitirish, 500 kilovattli Surxon-Puli-Xumri energetik ta'minot tizimini ochish.
- Termizda afg'onlar uchun hunar o'rgatish va o'quv markazi ochish.
- Sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish va favqulodda vaziyatlarga tayyor turish.
- Xotin-qizlar rolini oshirish, ayniqsa pandemiya oqibatlariga qarshi kurashda ularni barcha sohalarga jalb etish.
- Yuqoridagi maqsadlar amaliyotini kuzatib, tahlil qiib hisobot beruvchi maxsus guruh tuzish.
Vashington nazarida O'zbekistonda islohotlar davom etishi, koronavirusga qarshi kurash jarayonida tizimni yangilash, sistematik o'zgarishlar qilish uchun shijoat susaymasligi zarur. Biroq, deydi Henik, har bir hukumat uchun xalq salomatligini ta'minlash og'ir vazifa ekan, AQSh ham bu masalada madad ko'rsatishga intilaveradi.
"Pandemiya keltirgan iqtisodiy zarar va iqtisodiy muammolarni bartaraf etish, shuningdek, sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish borasida yordamlashish Vashington uchun ham yuqori o'ringa chiqdi. O'zimiz ham koronavirusga qarshi kurashdamiz. Biroq bu sinovlar mintaqaga e'tibor pasayadi yoki ko'mak qisqaradi, degani emas".
Henikning aytishicha, 2020-yil va kelasi yil uchun rejalangan yordam va dasturlar o'zgarmagan. Koronavirusga nisbatan chora-tadbirlarni quvvatlash uchun millionlab dollar qo'shimcha mablag' ajratilayapti.
Chegaralar yopiq ekan, dunyo hamon favqulodda holatda kun kechirayotgan ekan, sayohat qilish cheklangan ekan, diplomatiya ham susaygan. Faoliyat va aloqa asosan virtual.
"Ammo biz barcha texnologik imkoniyatlarni ishga solgan holda muloqotni aslo to'xtatmaymiz. Hukumatlar doimiy aloqada. Yuzma-yuz uchrashuvlar, bir davrada o'tirishni ko'zlovchi tadbirlar kechiktirildi albatta lekin ular ortidagi maqsadlar ustida ter to'kishdan to'xtaganimiz yo'q".