Stiven Blenk: AQSh Markaziy Osiyoga kuchli muqobil yo'l taklif qilishi kerak

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 2020-yilning 2-fevralida Toshkentga borgan edi

Tramp ma’muriyati bu yil Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini yangiladi. Lekin mohiyatan yangilik yo’q, deya tushuntirgan edi mintaqa bo’yicha bosh diplomat Elis Uels fevral oyida bu borada e’lon qilganida. Vashingtonda mudofaa, xavfsizlik va razvedka idoralariga maslahat berib tanilgan ekspert Stiven Blenk (Stephen Blank) tahlilicha, strategiya yangilangani muhim qadam bo’ldi. Afg’onistonga Markaziy Osiyoning ajralmas qismi deya qarash Amerika uchun ishni osonlashtiradi. Ya’ni, endi tarozining ikki pallasida oldingidek bir tomonda Markaziy Osiyoning besh respublikasi manfaatlari, ikkinchi tomonda esa Afg’onistondagi manfaatlar turgani yo’q. Markaziy Osiyo Afg’oniston tinchishidan, uning ravnaqidan bevosita manfaatdor degan yondashuv asosida ishlash to’g’ri. Vashington mintaqa bilan Afg’oniston borasida doimiy maslahat asosida yo’l tutishi taktik jihatdan ma’qul yo’l. Bu strategiya amalda ish berishi uchun Blenk o’z tavsiyalarini olg’a surmoqda.

Tashqi siyosat bo’yicha tadqiqotlar instituti ilmiy xodimining takliflariga o’tishdan oldin, AQSh Davlat departamenti va Oq uy pozitsiyalariga nazar tashlasak.

AQSh mintaqa Rossiya va Xitoydek yirik va qudratli qo'shnilarga tobe bo'lib qolishini xohlamaydi.

"Biroq kim bilan qanday hamkorlik qilishni davlatlarning o'zi erkin tanlay olishi kerak. Amerika ular tanlash imkoniyatiga ega bo'lishini istaydi," – degan edi Uells.

Buni ham ko'ring Afg'oniston: Vashington, Kobul va Toshkent birga harakat qiladi

Uels hozir lavozimdan ketgan, ammo Davlat departamentining rasmiylari hamon uning gaplarini takrorlaydi: AQShning tilagi - Markaziy Osiyo mustahkam region, har bir respublika esa o'ziga ishongan, farovon, barqaror va erkin yurt bo'lsin.

Oq uyda Prezident Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha maslahatchisi Liza Kurtisga ko'ra, yangilangan strategiyada narigi tomonning ham istak-xohishlari inobatga olingan.

Strategiyadagi olti yo’nalish:

1. Markaziy Osiyo respublikalari mustaqilligi va suverenitetini himoya qilish va mintaqa har tomonlama mustahkam hudud bo'lishi uchun ko'maklashish. Amerika har bir davlatni siyosiy va iqtisodiy jihatdan quvvatlab, energetikadan tortib ta'lim sohasigacha, jamiyatlar kuchli tizimlarga aylanishi uchun madad ko'rsatadi.

2. Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurash. Ekstremizmning oldini olishda harbiy va fuqaroviy chora-tadbirlar ko'rishdan tortib chegara xavfsizligi va yoshlar bilan ishlashgacha, Qo'shma Shtatlar 2025-yilgacha o'nlab million dollar ajratishni ko'zlamoqda.

Buni ham ko'ring AQShning Markaziy Osiyo strategiyasi O’zbekistonga nima beradi?


3. Afg'onistonda tinchlikka erishish yo'lida mintaqa bilan yaqindan ishlash. Diplomatik hamkorlik kuchayaveradi. Vashington Afg'onistonning shimoldagi qo'shnilari bilan muntazam ravishda maslahatlashib ish ko'radi.

4. Afg'oniston va Markaziy Osiyoni bir-biriga bog'lash. Iqtisod va savdo, energetika va madaniy jihatdan jamiyatlar yaqinlashishi uchun ko'maklashish. Bundan tomonlar manfaatdor. Amerika afg'on zaminidagi uzoq yillik mojaro tugab, barqarorlik tomon qadam tashlanishida qo'shnilar ijobiy rol o'ynay olishi uchun madad ko'rsatadi.

5. Islohotlar, erkinlik va inson huquqlari targ'iboti. Demokratik saylovlar, fuqaro jamiyati, mustaqil adliya, oshkoralik, qonun ustuvorligi kabi qadriyatlar olg'a suriladi. Hozirda boshlangan islohotlar samara berishi uchun yordamlashadi.

6. Markaziy Osiyoga sarmoya qilishni targ'ib qilish. Mintaqada adolatli biznes muhiti yaratilishi uchun yordamlashadi. Buning uchun zarur o'zgarishlarni qilishga undaydi va ta'limdan tortib innovatsion tashabbuslargacha, mintaqani iqtisodiy farovonlikka yetaklovchi omillarga e'tibor beraveradi.

Stiven Blenk Vashingtondagi Tashqi siyosat bo'yicha tadqiqotlar institutida yetakchi tahlilchi

Tramp ma'muriyatiga Markaziy Osiyo bo'yicha olti tavsiya

Blenk tahlilicha, Afg’onistonda barqarorlikka erishish uchun yo’l uzoq va murakkab. Hozirgi harakatlar samara bermasligi ehtimolga yaqin. Qo’shni davlatlar va AQSh bu mamlakatda notinchliklarga tayyor turishi kerak.

Xitoy va Rossiya Amerikaning dunyoning bu qismida hozirgidan kuchliroq rol o’ynashini also istamaydi va har jihatdan chora ko’radi, deydi Blenk. AQSh ular bilan bellashishni xohlamaymiz, deya chetda turolmaydi. Aks holda, strategiyadan naf yo’q. Koronavirus pandemiyasi oqibatlari mintaqa davlatlarini, shu jumladan, Amerikani ham resurslarni qayta taqsimlashga va iqtisodiy vaziyatni nazorat qilish uchun favqullodda qarorlar qilishga majbur qiladi. Demak, strategiya moslashuvchan bo’lishi kerak.

Blenk AQShga regionda Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Hindiston va Yaponiya bilan yaqindan ishlashni maslahat bermoqda. Ular Markaziy Osiyoga salmoqli sarmoya qilayotgan va bu borada katta loyihalarga ega davlatlardir.

Hukumatlarga quloq tuting, deydi Blenk, ularning dardi nima, o’rganing. Tuzumlar avtoritar ekani aniq, lekin ular bilan ishlamoqchisiz. Bu degani hamkorlik bu davlatlarni erkinroq, adolatliroq sistemalarga aylanishi uchun turtki bo’lishi kerak.

Buni ham ko'ring AQSh Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini yangiladi

Blenkning tavsiyalari shu kunlarda Global siyosat bo’yicha markaz tomonidan chop etildi.

Ekspertga ko’ra, AQSh birinchi navbatda Afg’onistondagi siyosiy kuchlarga kelishing, birlashing, deya bosim o’tkazishi kerak. Ashraf G’ani va Abdulla Abdulla o’zaro murosa qilmasa, Tolibon aslo ular bilan bir davrada o’tirmaydi, o’tirsa ham qon to’kishdan to’xtamaydi, deydi Blenk. Afg’onistonda avvalo hozirgi davlatchilik tan oladigan siyosiy guruhlar bir yoqadan bosh chiqarishi lozim. Shundagina Tolibondek qurollangan va xalq qonini to'kib kelayotgan jangari guruh bilan muzokara qilish haqida o'ylash mumkin.

Ikkinchidan, Vashington Afg’oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi degan pozitsiyada qat’iy turishi kerak. Mintaqaga qo’shni emas, mintaqaning muhim parchasi, degan yondashuvdan chekinmasligi lozim. Afg’oniston shimolidagi besh respublikaga buni uqtiraverish lozim. Davlat departamenti, Pentagon va boshqa organlar olti davlatga alohida va muhim bir hudud sifatida qarayverishi kerak.

Buni ham ko'ring AQSh-O'zbekiston: Toshkentda Afg'oniston yuzasidan muloqot

Uchinchidan, deya tavsiya qiladi Blenk, Vashington Markaziy Osiyo jamoatchiligi va elitasi bilan aloqa va muloqotni kengaytirishi kerak. Oradagi to’siqlarni bartaraf etib, ishonchni shakllantirishi zarur. Rossiya va Xitoy ta’siriga qarshi harakat qilishning birlamchi yo’li shu, deydi ekspert. Xalqlar Amerikaning ezgu niyatlarini tushunsin. Hukmron doiralar AQShga tayana olishini bilsin. Bu oson ish emas, deya tan oladi Blenk, lekin mintaqa bilan shu paytgacha olib borilgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ilmiy dasturlar aslida shu maqsadni ko’zlagan. Ularning samarasini oshirish ustida qattiqroq ishlash kerak.

To’rtinchidan, Vashington sarmoya va savdo borasida jadalroq harakat qilmog’i lozim. Xususiy sektorni investitsiya qilishdan ushlab turgan omillarga e’tiborni oshirish zarur. Hamkor davlatlar boshqaruv va iqtisodiy siyosat oshkoralashgani, takomillashgani sari imkoniyatlar ham kengayishini ko’ra bilishi lozim. AQSh ijobiy siljishlarni munosib ravishda rag’batlantirishi kerak, deydi Blenk.

Beshinchidan, AQSh xavfsizlik tizimlari bilan rishtalarni mustahkamlashi, harbiy hamkorlikni kuchaytiraverishi kerak. Harbiy sanoatni rivojlantirishga intilayotgan respublikaga yordam berib, AQSh ularning bu borada Rossiyaga tobeligini pasaytirish uchun hissa qo’shsin, deydi Blenk.

Oltinchidan, Xitoy AQShning eng yirik raqibi va g’animi sifatida gavdalanar ekan, hozir Pekin taklif qilayotgan imkoniyatlarga muqobil yo'llar ustida bosh qotirish vaqti. Amerika ittifoqchilari va hamkorlari bilan harakat qilganida ulkan maqsadlariga yeta olgan, deydi Blenk. Markaziy Osiyodagi maqsadlariga yetish uchun Vashington Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindiston bilan kelishib qadam tashlashi zarur.