AQShning ilk feministlari bois bugun xotin-qizlar ovoz bera oladi

  • Amerika Ovozi

Ovoz berish huquqi uchun kurashgan ayollarning haykali - AQSh Kongressining ko'rki

AQSh bosh qomusiga kiritilgan 19-o'zgartirish bu davlat xotin-qizlariga saylovda qatnashish huquqini bergan. 100 yil oldingi g'alaba. Lekin buning uchun harakat 1878-yilda boshlangan. O'shanda Kongressga bu borada taklif kiritilganida ko'pchilik qonunchilar qo'l siltab, hech qachon deya javob qilgan. Qonun shtatma-shtat ratifikatsiya qilingunicha 40 yil o'tgan.

XIX asr oxiri, XX asr boshlarida "feministlar" deganda Amerikada jamiyatga qarshi ayollar tasavvur qilingan, vaholanki, feministlar rafiqalar va onalar edi. Feminizm xotin-qizlar to'laqonli insonlar degan qarashni targ'ib qilgan. Hozir ham shunday. Biroq XIX asrdagi Amerikada tengsizlik o'ta normal hol edi.

"Bu ayollarni yerga urishgan, ustidan kulishgan, haqoratlashgan", - deya hikoya qiladi tarixchi Andrea DeKoter.

1848-yilda Nyu-York shtatining Seneka Folls shahridagi ibodatxonaga yig'ilgan xotin-qizlar ilk bor siyosiy huquqlar talab qilishga kelishib olgan. Ayollar qurultoyida jinsiy tenglik to'g'risida hujjat yozila boshlangan. Ovoz berish - uzviy huquq, deya bitilgan.

Buni ham ko'ring Amerikada ayollar ovoz bera boshlaganiga 100 yil bo'ldi

“Bu ayollar deganki, agar erkak va ayol teng yaratilgan bo'lsa, demak, ovoz bera olishimiz kerak. Mustaqillik deklaratsiyasida inson teng yaratilgan degan jumla kuchli asos sifatida xizmat qilgan", - deydi DeKoter.

Bu kurash 70 yildan ortiq davom etgan. Qora tanli ayollar unga qo'shila olmagan. Chunki Amerikada irqiy tenglik yo'q edi.

“Biroq qora tanli xotin-qizlar ham o'z huquqlari va erkinligi uchun alohida kurash olib borgan. Ibodatxonalarda, fuqaro huquqlarini targ'ib qiluvchi tashkilotlarda, quldorlikka qarshi harakatlarda. Ular jim turmagan", - deydi tarixchi Marta Jouns.

XX asrga kelib, birlashishga qaror qilishgan, chunki jinsiy tenglik avvalo irqiy tenglikni talab qilar edi. Qizlar onalariga qaraganda ko'proq erkinlik xohlar, jamiyatda faolroq ishtirok etishni istar edi.

"Ayollarning yosh avlodi onalaridan o'rnak olib, namoyishlarga chiqar, mitinglar o'tkazib, ma'ruzalar qilar, xotin-qizlar ovozi erkaklar uchun ham muhimligini uqtirar, muammolarga yechimlar taklif qilar edi", - deydi yana bir tarixchi Ellen Kerol DuBoys.

Buni ham ko'ring AQShda ayollar ovoz bera olish uchun uzoq kurashgan


1918-yilda o'sha paytdagi prezident Vudro Uilson ayollar harakatini quvvatlagan va xotin-qizlar ham ovoz berishi kerak, deya tan olgan.

Orada bir asr o'tdi, lekin ayollarga hozir ham saylovga chiqish oson emas, deydi mutaxassislar.

“Ayrim shtatlarda ulardan ortiqcha hujjatlar talab qilishadi. Ovoz berish huquqiga ega emassan, deya kamsitishadi", - deydi Marta Jouns.

Biroq bugun bu huquqni talab qilish va adolat uchun kurashish qiyin emas. Qonuniy zamin kuchli. Ayol istasa, ovozini baralla bera oladi, dardini ayta oladi.

"Hech bir ayol kamsitilmasligi kerak. Qonun buni mutlaq man etadi. Barcha shtatlar va butun federal tuzum jinsiy tenglikni ta'minlashi shart", - deya eslatadi Eleanor Smil, Feministlar fondi rahbari.

Feminizm, deydi bu lider, erkak va ayol jamiyatda teng imkoniyatlarga ega bo'lishi lozim demakdir.