Brukings instituti ma’lumotiga ko’ra, martdan beri AQShda qariyb uch million qurol sotilgan. Bu avvalgi yillarga qaraganda ancha katta raqam. Umrida birinchi marta qurol sotib olayotganlar sonida keskin o’sish kuzatilgan.
Sem Barbakof quroldan qanday foydalanishni o’rgatadi. Trening uchun maxsus pistoletlar bor.
Ammo u doim o’z qurolini yonida olib yuradi. Barbakofning aytishicha, o’qotar qurolingiz bo’lsa, u doim tayyor turishi kerak.
“Kimdir uyingizga bostirib kirsa, kutib turing, tortmadan qurolimni olvolay, demaysiz-ku. Uni doim yoningizda saqlashingiz kerak”, - deydi u.
Asli rossiyalik Barbakof doim qurol muxlisi bo’lgan.
Bugun uning orzusi ushaldi: qurol ixlosmandlari ko’p bo’lgan Florida shtatida yashaydi. Floridada 450 mingdan ortiq qurol ro’yxatga olingan. Bu AQShda Texasdan keyin ikkinchi eng katta ko’rsatkich.
Martdan beri floridaliklar orasida qurol savdosi yana o’sa boshladi. Bunday o’zgarish butun AQSh bo’ylab kuzatilmoqda.
Joriy yilning yarmida Federal Qidiruv Byurosi orqali 19 million xaridor tekshiruvdan o’tgan. Bu 2019-yilning birinchi yarmiga qaraganda olti millionga ko’p.
Brukings institutiga ko’ra, shaxsiy xavfsizlik yuzasidan kuchaygan xavotirlar qurol savdosini oshirmoqda. Koronavirus va iqtisodiy inqiroz odamlarda o’z joni va molini himoya qilish hissini ko’paytirgan. Qora tanli Jorj Floyd o’limi ketidan boshlangan zo’ravon namoyishlar ham bunga o’z hissasini qo’shgan.
Qurollar va o’q-dori narxi oshishiga qaramay, deydi Barbakof, treningga kelayotganlar keti uzilmayapti. 400-500 dollarlik to’pponcha hozir 700-750 dollarga chiqdi, deydi u.
Floridada 18 yoshdan qurol sotib olish mumkin. Buning uchun litsenziya talab qilinmaydi.
“Do’konga kirayotganlarning 95 foizi birinchi marta xarid qilyayotganlar. Ular mamlakatda bo’layotgan ishlardan xabardor va o’zlarini, oilasi hamda mol-mulkini himoya qilishni istaydi”, - deydi qurol do’koni egasi Maykl Karuso.
Ekspertlarning aytishicha, odatda, mavhumlik kuchaygan paytda qurol savdosi oshadi. Qurol ko’p sotilsa, otishmalar sonida ham o’sish kuzatiladi, deydi faollar.
“Haqiqat shuki, sotib olgan qurolingizdan o’zingizni yoki oilangizni himoya qilish uchun foydalanish imkoniyatingiz juda kam. Statistikaga ko’ra, 0,2 foiz. Lekin uyingizga qurol olib kelsangiz, uning o’zingizga yoki oila a’zolaringizga qarshi ishlatilish ehtimoli 300-400 foizga oshadi”, - deydi qurollanishga qarshi jamiyat faoli Igor Volskiy.
Shunday xavf bo’lishiga qaramay, qurol va o’q-dori savdosi rekord darajada o’sishda davom etmoqda.