So'nggi to'rt yil: Prezident Tramp tashqi siyosatiga nazar

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp

So'nggi to'rt yil ichida Respublikachilar partiyasining tashqi siyosat bo’yicha qarashlari, asosan, Prezident Donald Trampning xalqaro aloqalarga bo'lgan munosabati, jumladan, yangi savdo bitimlari, xalqaro tashkilotlarga ishonchsizligi hamda AQShning xorijdagi qo'shinlari sonini kamaytirish masalalari asosida shakllandi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil Respublikachilar partiyasi an'anaviy ravishda partiyaning qarashlari va ustuvor yo'nalishlarini rasmiy ravishda taqdim etadigan yangi platformasini e’lon qilmadi. Biroq shu hafta Shimoliy Karolinaning Sharlot shahrida bo'lib o'tgan qurultoyda e'lon qilingan rezolyutsiyaga ko’ra, agar 2020-yilda yangi platforma yozilganda, u "shubhasiz bir ovozdan" Tramp ma'muriyatining kun tartibini qo'llab-quvvatlagan bo’lardi.

Partiya Trampning tashqi siyosiy maqsadlari atrofida birlashmoqda. Prezidentning 2016-yilgi saylov kampaniyasida e’lon qilingan "Amerika birinchi" shiori dushanba kuni yana bir bor asosiy maqsad sifatida kun tartibidan o’rin oldi. "Qo'shinlarni uyga qaytarish" va "Xitoyga bo'lgan bog’liqlikni tugatish" ham asosiy maqsadlar sifatida tilga olindi.

Xitoy bilan ziddiyatlar

Trampning 2020-yilgi qayta saylanish kampaniyasida Xitoyga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xitoyning adolatsiz savdo amaliyotlari hamda koronavirus pandemiyasiga qarshi yetarli va oshkora kurash olib bormagani Tramp tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.

Qo'shma Shtatlar va Xitoy o’zaro milliardlab dollarlik tariflar ortidan yanvar oyida savdo bitimining birinchi bosqichi bo’yicha kelishuvga erishgan edi. Bu bitim va Shimoliy Amerika bo’yicha imzolangan yana bir savdo kelishuvi Trampning Amerika manfaatlari uchun xizmat qiluvchi kelishuvlarga erisha olishi uchun dalil sifatida taqdim etilmoqda.

Buni ham ko'ring Tramp Xitoyga: "Bas, yetar!"

Lekin Xitoy bilan savdo bitimining ikkinchi bosqichi bo'yicha muzokaralar to'xtab qoldi. Tramp iyul oyida kelishuv hozir men uchun kamroq ahamiyatga ega, deb aytdi. Chunki, unga ko’ra, koronavirus pandemiyasining tarqalishida Xitoyning roli katta. Shu bois Tramp Xitoy bilan savdo muzokaralarining navbatdagi bosqichi bekor qilganini e’lon qildi.

"Hozir Xitoy bilan gaplashishni istamayman”, - dedi u.

Respublikachilar partiyasining ba'zi a'zolari Trampni Xitoyga nisbatan yanada qattiqroq bo'lishga undamoqda.

Tashqi aloqalar kengashi tadqiqotchisi Edvard Aldenga ko’ra, agar Tramp qayta saylansa, prezidentning Xitoy bilan ziddiyati yanada kuchayishi mumkin.

"Ikkala partiya, ayniqsa, respublikachilar partiyasi Xitoyni nafaqat iqtisodiy raqib sifatida, balki xavfsizlik uchun o'sib borayotgan tahdid sifatida ko'rmoqda", - dedi Alden.

Trampning siyosiy platformasidan, shuningdek, "Xitoydan bir million ishlab chiqarish ish joyini qaytarib olish" va Xitoy bilan ishlaydigan kompaniyalarga federal kontraktlarni bermaslik masalalari o’rin olgan.

Afg'onistonda tinchlik o’rnatish harakatlari

Prezident "cheksiz urushlarni to'xtatish" va AQSh qo'shinlarini vatanga qaytarishni ham va'da qilmoqda. Bu uning 2016-yilgi saylov kampaniyasida ham aks etgan edi.

Tramp tez-tez Iroq, Suriya va Afg'onistondagi urushlarni tugatish istagini takrorlagan bo'lsa-da, AQShning xorijdagi qo'shinlari umumiy sonini qisqartirish maqsadiga haligacha erishgani yo’q.

Tramp 2017-yilda AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni general Jon Nikolsonning iltimosiga binoan amerikalik askarlar sonini 14000 ga yetkazgan edi.

Buni ham ko'ring AQSh Afg'onistondagi askarlari sonini to'rt mingga tushirmoqchi

Hozirda u yerdagi AQSh qo'shinlari soni 8500 atrofida. Bu 2017-yilda Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan paytdagi miqdor bilan teng. Prezident shu yil boshida Tolibon bilan tuzilgan tinchlik bitimi doirasida askarlar sonini yanada qisqartirishni rejalamoqda.

Tramp Tolibon bilan diplomatiya borasidagi sa'y-harakatlarini himoya qilib, 2019-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yo'llagan murojaatida "AQShning hech qachon doimiy dushmanlari bo’lmaydi", deb aytgan edi.

Jons Xopkins universiteti professori Charlz Stivensonning aytishicha, har ikki partiya nomzodlari ko'pincha qo'shinlar sonini qisqartirishga va'da beradi, ammo lavozimga tayinlangandan keyin va'dalarini bajarish qiyin bo'ladi.

"Mintaqani butunlay tark etish uchun xarajatlar, jumladan, diplomatik va siyosiy muammolar mavjud", - deydi u.

Xalqaro ittifoqchilar bilan aloqalar

Tramp tashqi diplomatiyaga avvalgi prezidentlardan farqli ravishda boshqacha munosabatda bo'lib, xalqaro ittifoq va tashkilotlarning, shu jumladan, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO), Jahon Savdo Tashkiloti (JST) va Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti (JST) ahamiyatini ochiqchasiga savol ostiga oldi.

Tramp NATOning ko'plab a'zolarini shartnoma bo'yicha o'z majburiyatlarini to'liq bajarish uchun mudofaaga yetarli mablag’ ajratmayotganlikda aybladi.

"NATO mamlakatlari qo’shimcha pul to'lashlari kerak, Qo'shma Shtatlar esa kamroq. Hozirgi holat adolatsizlik", - degan edi Tramp 2018-yil NATO sammiti oldidan “Twitter”da tarqatgan bayonotida.

Buni ham ko'ring Tramp xalqaro muzokaralarda qanchalik muvaffaqiyat qozondi?

Iqtisodiy xarajatlar, ko'pincha, Tramp tashqi siyosatida asosiy omil hisoblanadi. U AQShning dunyodagi yirik harbiy bazalari xarajatlarini, jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniyadagi harbiy sarfiyatlarni kamaytirish niyatida ekanini aytgan.

Tramp prezident lavozimiga saylangandan beri AQSh bir qator xalqaro kelishuvlardan, xususan, iqlim o'zgarishi bo'yicha Parij bitimidan, Rossiya bilan o’rta masofaga uchadigan yadro qurollari to'g'risidagi shartnomadan va Eron yadro dasturi bo’yicha erishilgan xalqaro kelishuvdan chiqdi.

Tramp an'anaviy ittifoqchilarini tanqid ostiga olib, dunyoning bir qator rahbarlari, shu jumladan, Germaniya, Fransiya va Kanada yetakchilari bilan ommaviy bahslarga kirishdi.

Aldenning ta'kidlashicha, Trampning "Amerikaning birinchi" rejasi ko'pincha "Amerikaning yolg'iz o'zi" deb ta'riflanadigan siyosatga aylandi. Uning so'zlariga ko'ra, Tramp Qo'shma Shtatlar uchun ittifoqchilar muhim degan tushunchadan butunlay voz kechdi va xalqaro hamkorlik tushunchasini ahamiyatsiz deb topdi.

“Dono rahbarlar har doim o'z xalqlari va o'z mamlakatlari manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yadi. Kelajak globalistlarga tegishli emas. Kelajak vatanparvarlarga tegishli”, - deb aytgan edi Tramp 2019-yilda BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida.

Shimoliy Koreya

Tramp ittifoqchi rahbarlar bilan ommaviy bahslarga kirishish bilan birga, dushman sifatida ko’rilgan mamlakatlar bilan ziddiyatlarni hal qilishga ham urindi.

Masalan, u Shimoliy Koreya yetakchisi bilan yadro dasturini to’xtatish bo’yicha bir qator muzokaralar olib bordi. Tramp o'z prezidentligi boshida Kim Chen Inni "mitti raketavoy" deb atagan va Shimoliy Koreyani "otash va qahr-g'azab" bilan qo'rqitgan edi. Ammo keyinroq u “Kim bilan juda yaxshi aloqalarga egamiz”, deb aytdi.

Buni ham ko'ring Shimoliy va Janubiy Koreya askarlari chegarada o'q almashgan

Tramp Kim bilan uch marotaba uchrashdi va kamida 25 ta o’zaro shaxsiy xat almashdi.

2018-yilda Singapurda bo'lib o'tgan birinchi sammitda ikki mamlakat rahbarlari "Koreya yarimorolining to'liq yadrosizlanishi" ustida ishlash bo'yicha kelishuvga imzo chekdi, ammo bu nimani anglatishi haqida batafsil ma’lumot berilmadi.

Jiddiy natijalar yuz bermaganiga qaramay, Tramp Kim bilan uchrashuvlarida ba'zi muvaffaqiyatlarga erishdi. Sammitlar boshlangandan beri Shimoliy Koreya yirik raketa yoki yadro sinovlari o’tkazgani yo’q.

Ammo bir necha oydan beri muzokaralar to'xtab qoldi. Shimoliy Koreya muloqot qilishdan bosh tortmoqda. 2020-yil yanvarida Kim AQSh bilan "uzoq muddatli" qarama-qarshilikka tayyor ekanligini bildirdi.