12-sentabrda boshlangan Afg’oniston tinchlik muzokaralariga umid bog'laganlar talay, ammo ayrimlar nazarida Tolibonni hukumatga taklif qilish mamlakatdagi yosh demokratiyaga zarar yetkazadi. Xotin-qizlar esa inson huquqlari muzokaralar qurboniga aylanadi, deya tashvishda.
Deputat Shafiqa Saxo nazarida, 40 yillik urushda, asosan, xotin-qizlar jabr ko'rgan.
“Afg’oniston xotin-qizlari qon to’kishlar to’xtab, sulh ta’minlanishini, tinch yashashni xohlaydilar”, - deydi noiba.
Tolibon delegatsiyasi tarkibida ayollar yo’q. Harakatiga ishonmayotganlar ko’p. “Milliy Junbish” siyosiy partiyasining Juzjon viloyati bo’yicha xotin-qizlar kengashi raisi Zuyo Zilol guruh xalqaro hamjamiyat oldida kafolat berishi kerak, chunki Tolibonga ishonish qiyin, deydi.
“Qatarda boshlangan muzokaralarni yaxshi qadam deb qabul qilamiz. Ushrashuvlar natija berib, doimiy tinchlik ta’minlanishini istaymiz. Muzokarachilar delegatsiyasida to’rt nafar ayol bor va bu, menimcha, juda oz. Muzokarachilardan ayollar huquqlari va manfaatlari uchun jiddiy kurashishlarini so’raymiz", - deydi Zilol.
Xotin-qizlarga o’qish, ishlash va ijtimoiy faoliyat bilan shug'ullanishga ruxsat berilishi asosiy talablardan. Tolibon delegatsiyasi a’zolari ayollar huquqlari, so’z erkinligi kabi mavzularga qarshi emasligini ta’kidlamoqda.
“Hamma, xususan, ayollar sulh ta’minlanishini xohlaydi. Beqarorlik sabab qizlar ta'lim olish va haq-huquqlaridan mahrum; huquqlarini qaytarish kerak”, - deydi jamoatchi faol Firishta Ma’sumiy.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, Tolibon xotin-qizlar ishlari bo'yicha vazirlikni bekor qilishni talab qilgan.
Bugungi kunda hukumat tarkibida xotin-qizlar uchun maxsus vazirlik bor. Ayni paytda xotin-qizlar oliy kengashi tashkil qilinishi borasida prezident farmoni chiqqan.
Your browser doesn’t support HTML5