Ishsiz qolgani uchun hukumatdan yordam so'rayotgan amerikaliklar soni hamon yuqori

  • Amerika Ovozi

Arkanzas shtatida ishsizlarr ijtimoiy yordam olish uchun navbatda turibdi

Pandemiya sabab AQShda 22 million ish o'rni boy berilgan bo'lsa, o'tgan oylarda shuning yarmi tiklandi. Ishsizlik hozir 8,6 foizda. Shu yilning mart oyi boshida 4 foiz atrofida edi.

Mehnat vazirligiga ko'ra, o'tgan hafta mamlakat bo'ylab 870 ming kishi davlatdan yordam so'rab murojaat qilgan. Hozirda ishsizlar haftasiga 400 dollar federal ko'mak hamda yashayotgan shtatiga ko'ra muayyan miqdorda qo'shimcha madad ham oladi.

Avgust oyida Amerikada 1,4 million mehnat o'rni ochilgan.

Pandemiyaning ilk oyida, ya'ni martda qariyb 7 million amerikalik ishini yo'qotgan edi.

Ko'plab bizneslar o'zini qayta tiklashga harakat qilmoqda. Kichik va o'rta bizneslar ham yiriklari qatorida davlatdan yuzlab millard dollar yordam olgan lekin koronanavirus va u bois yuz bergan yopilishdan keyin ishni yangidan boshlash oson kechmayapti.

Ko'plab kompaniyalar bahorda ishdan bo'shatgan odamlarni qayta chaqirgan. Lekin maoshlarda farq bor va imtiyozlar oldingidek emas.

Aprel oyida ishsizlik AQShda 14 foizga chiqqan edi. Oq uy bugungi ko'rsatkichlarni shu bois progress deya baholamoqda.

Kongressda demokratlar va respublikachilar yangi yordam paketi ustida kelisha olmayapti. Demokratlar 2,2 trillion dollarlik loyiha taklif qilgan, respublikachilar nazarida bu hadda tashqari yuqori xarajat.

Virusni yuqtirganlar 7 milliondan, undan o'lganlar esa 200 mingdan oshdi.